Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zkimyosanoat» «noma’lum kuydiruvchi gaz» haqidagi xabarga raddiya berdi

«O‘zkimyosanoat» «noma’lum kuydiruvchi gaz» haqidagi xabarga raddiya berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida 29-oktyabr kuni “Navoiyazot” AJga qarashli PVX zavodida yuz bergan favqulodda holatda odamlar zaharlangani haqida xabar e’lon qilingan edi.

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati esa mazkur xabarni rad etdi. Bu haqda jamiyat matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 28-oktyabr kuni PVX zavodi va umuman “Navoiyazot” hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermagan. Shu kuni soat 17:00lar atrofida “Navoiyazot” Tibbiy sanitariya qismiga “Navoiyazot” hududidagi “PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi” qurilishida ishtirok etayotgan 4 xodim o‘zlarini yomon his etganliklari tufayli shaxsan murojaat etganlar.

“Navoiyazot” Tibbiy sanitariya qismi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik vaqtida ularning organizmida hech qanday kimyoviy moddalardan zaharlanish alomatlari aniqlanmagan. Shu tufayli ovqatdan zaharlanish taxmini bilan Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.

U yerdagi ko‘rikdan so‘ng bir nafar xodimga shu kunning o‘zida javob berilgan, qolgan 3 xodim Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyat filiali toksikologiya bo‘limida olib qolingan va 29-oktyabr kuni soat 10:00 da ahvoli yaxshiligi tufayli shifoxonadan chiqarilgan.

Ayni vaqtda ushbu xodimlar o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, xabarda keltirilgan hamda tekshirilmagan ba’zi ma’lumotlarga oydinlik kiritishni lozim deb hisoblaymiz. Ya’ni xabarda keltirilishicha, “Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan” deb ta’kidlangan. Aslida tez tibbiy yordam brigadasi zavodga kelmagan, aksincha xodimlar Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan», deyiladi raddiyada.

Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” tibbiyotda “noma’lum kuydiruvchi gazdan” zaharlanish tashxisi haqida ma’lumot mavjud emasligini aytgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring