Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

O‘zbekning andishasi

O‘zbekning andishasi

Kollaj: «Xabar.uz»

Yoki iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qiziqchi ayollarimizdan birining instagram tarmog‘i orqali o‘z o‘quvchilari bilan muloqoti yaxshigina bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Yoki turk aktyori Burak O‘zchivitning Toshkentga kelishi va u bilan suratga tushishga oshiqqan qizlar tanqidga uchradi. «Bravo» jamoasi oxirgi chiqishi sabab litsenziyasidan mosuvo bo‘ldi. Xo‘sh, bunday holatlarni nima uchun tezda tanqid ostiga olamiz? Axir, xorijda «Bravo» jamoasidek qiziqchilar sahnada xohlagan ko‘yga tushishi mumkin.

Burak O‘zchivitdek mashhur insonlarning fanatlari har doim bo‘lgan va bu tabiiy hol deb qaraladi. Aynan turk aktyori bilan suratga tushgan qizlar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga olinganda, «nega tirnoq ostidan kir qidirasizlar, axir bu fanatlik xolos», deydiganlar ko‘p bo‘lgani bejiz emas. O‘zbekning ANDIShA otliq xulqiy go‘zalligi bor ekan, yuqoridagidek holatlarni hazm qilishi qiyin. Ha, andisha orqali o‘zbekning ichki madaniyati namoyon, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

«Men uyalyapmanmi, demak, mavjudman, nafaqat jisman, balki axloqan ham mavjudman, — men o‘z hayvoniyligimdan uyalyapmanmi, demak, men hali ham odam sifatida mavjudman», degan edi donishmandlarimizdan biri. «Biz hozir andishaning bandasi, o‘g‘lim... bizning oiladan labzsizlik chiqishi menga ma’qul ko‘rinmaydir». Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asarini o‘qish jarayonida, «andisha», «or-nomus», «uyat» so‘zlariga qayta-qayta duch kelamiz. Aslida asarning badiiy qimmati ham shunda. Asar o‘zbekning andishasi, xalqimizning go‘zal odob-axloqi mahorat bilan tasvirlangani uchun ham barchaga birdek yoqadi. Hatto raqibi bilan ham odob chegarasidan chiqmay muomala qilgan asar qahramonlari hamon bizni tarbiyalamoqda, desak yanglishmaymiz. Har gal «O‘tkan kunlar»ni qo‘lga olganimda qahramonlarning andisha bilan bosh egib turishlari, uyatdan qizargan yuzlari, hayo bilan boqqan ko‘zlari gavdalanadi. Va beixtiyor Abdulla Avloniyning mana bu gaplari xayolimdan o‘tadi: «Hayo, dilni ravshan qiladurgan bir nurdirki, inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdir. Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir».

***

Ammo har qanday qabih ishni qilib zarracha uyalmayotgan, andisha qilmayotgan, boshini baland ko‘tarib yashayotgan kimsalarning oramizda borligi achinarli. Chunki qilgan xatosidan zarracha pushaymon yemagan orsiz odam xato ustiga xato, yomonlik ustiga yomonlik qilaveradi. Tom ma’noda andishasizlik insonni eng qabih yo‘llarga boshlaydi.

Yaqinda bir ayol tahririyatimizga murojaat qilib, nogiron bolasining uch oylik nafaqasini ololmaganini aytdi. Hatto ushbu masala bo‘yicha mutasaddilarga shikoyat xati ham yozadi. Afsuski, bu murojaati javobsiz qoladi. Tasavvur qilib ko‘ringa, to‘rt nafar farzandning onasi- yolg‘iz ayolning ahvolini. Shu pulga qarab qolgan, ayolni qaqshatib pulini yeb ketish uchun odam qanchalar andishasiz bo‘lishi kerak. Adibimiz Abdulla Qahhor ham o‘z zamonida andisha va hayo-ibo haqida shunday mulohaza qilgan: «Uyat faqat insonga xos tuyg‘udir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, ammo inson uyatini yo‘qotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin».

Ba’zida san’atkorlarning turmush qurayotgani haqida shov-shuvli maqolalarni o‘qiymiz va hech qancha o‘tmay yana ajrashayotgani haqida shov-shuvli xabarlarning guvohi bo‘lamiz – kechagina oq libosda yal-yal yonib, naqadar baxtli ekanligini matbuot orqali namoyish qilgan san’atkor bugun ikki bolasi bilan eridan ajrashganini beistihola ma’lum qilmoqda. Eng achinarlisi, ikkinchi turmushini ham yuqoridagidek ko‘z-ko‘zlashdan andisha qilmagani. Ammo andishali, hayo-iboli ayollar borki, avvalo, turmushi buzilganini elga bildirishning o‘zini uyat hisoblaydi. Taniqli faylasuf Abdulla Sher hayoga shunday ta’rif beradi: «Hayolilik – xulqiy go‘zallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi. U, garchand, bir qarashda, uyat hissi bilan o‘xshash bo‘lsa-da, aslida o‘zini ko‘proq andisha va iboga yaqin fazilat tarzida namoyon qiladi, unda axloqiy mohiyat estetik xususiyat – nafosat bilan uyg‘unlashib ketadi. Hayodan odatda, inson qizaradi, bu qizarish, ayniqsa, xotin-qizlarda ichki go‘zallikning yuzga tepchib chiqishiga sabab bo‘ladi va alohida bir nafislikni, mayinlikni vujudga keltiradi...»

Xorij kanalida hali yigirmaga ham chiqmagan yosh ayolning oilali uch nafar erkakdan uch nafar farzandi borligini ko‘rsatishdi. Meni taajjublantirgani turmush qurmay farzand ko‘rgan ayolning otalar bolalardan xabar olmayotgani uchun ijtimoiy tashkilotlarga arz qilgani bo‘ldi. Ko‘rsatuvga bolalarning otalari, psixolog va boshqa mutaxassislarni taklif qilishgan. Ularning barchasi otalarni ayblashdan nariga o‘tmadi: ruhshunoslar ayolga dalda beryapti, huquqshunoslar o‘z haq-huquqini talab qilishni o‘rgatyapti, ijtimoiy tashkilotlar biz qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz, deyishyapti. Ammo hech kim ayolga nega oila qurmagansan, nega oilali erkaklarning boshini aylantirgansan, degan savolni bermadi. Eng ajablanarlisi, ayol bu qilmishidan zarracha uyalmayotgani, boshini baland ko‘tarib, dadil-dadil gapirayotgani. Husayn Voiz Koshifiy aytadilar: «Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yo‘q bo‘lsa hech kimda vijdon ham qolmaydi. U holda dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-biriga befarq qaraydigan bo‘ladilar».

Agar bizning yurtimizda o‘zbek oilasi bilan shunday voqea sodir bo‘lsa ilk e’tibor beradiganimiz va bizni taajjublantiradigani ayolning axloqsizligi bo‘lardi. Va shunday voqea sodir qilgan «hayosiz» hisoblangan ayol eng bo‘lmaganda televideniye – omma oldiga chiqishga andisha qiladi.

Uyat bo‘ladi. Mana shu birgina «uyat bo‘ladi», degan iborani qulog‘iga quyib voyaga yetgan har bir inson qanchadan-qancha yomonliklardan o‘zini tiyadi. Yuqoridagi voqealarga doimo tanqidiy ko‘z bilan qaraydigan yaxshiyam o‘zbekning hayosi bor, yaxshiyam xalqimizda «odamlar nima derkin?», degan andisha bor. Agar o‘zbek bor boyligi – andishasini yo‘qotib qo‘ysa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Yo‘q, yo‘q tasavvurga erk bermang – ANDIShA qiling. Ibrohim G‘afurov aytganidek, hayo xaloskor, u insonni razolatdan qutqaruvchi katta kuchdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring