Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgardimi?

O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgardimi?

Foto: «Uz24.uz»

Biroz avval ayrim saytlar va telegram kanallar «O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgardi» deya xabar berishdi (e’tirozdan keyin ayrimlari xabarni o‘chirishdi/tahrirlashdi ham). Bu yerda tushunmovchilik kelib chiqmoqda, pensiya yoshiga doir hech narsa o‘zgarmadi, deb yozmoqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Unda nima bo‘ldi?

Nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 18 martdagi qarori bilan ayrim hujjatlar o‘zgarish kiritildi.

Xususan, 2011-yil 7-apreldagi VM qarori bilan tasdiqlangan «Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom»ga ham o‘zgarish kiritildi.

Bu nizom kimlarga taalluqli edi?

1) pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar;

2) mehnatga layoqatsiz fuqarolar.

Nimalar o‘zgardi?

O‘zgarishga ko‘ra, endilikda bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ham nafaqa beriladigan bo‘ldi.

Nizomning 6-bandiga ko‘ra, yoshga doir nafaqalar:

erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;

ayollarga — 60 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

(ya’ni bu band azaldan bor edi, yangi qo‘shilgani yo‘q)

Mana shu bandga 3-xatboshi qo‘shildi:

bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Ko‘rib turganingizdek, pensiyaga staji yetmaydigan ayollar ilgari 60 yoshdan nafaqa olgan bo‘lsa, nogiron farzandi bor onalarga yengillik berilib, garchi staji bo‘lmasa ham, ular 5 yil oldin, 55 yoshdan nafaqa oladigan bo‘ldi.

Jurnalistlar nega adashishdi?

Hamma masala shundaki, pensiya va nafaqa o‘rtasida farq borligini ko‘pchilik ham bilavermaydi. Pensiya boshqa narsa, nafaqa boshqa narsa. Ko‘pchilik hatto yoshga doir pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham, «pensioner» desam, ruscha bo‘lib qoladi, deb o‘ylab, «nafaqaxo‘rman» deyishadi. Bu noto‘g‘ri. Bemalol «pensionerman» deyaverish kerak, qonunan shunisi to‘g‘ri.

Qanday pensiya turlari bor?

  • yoshga doir pensiya;
  • nogironlik pensiyasi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Qanday nafaqa turlari bor?

  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi;
  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
  • bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa;
  • dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa;
  • ishsizlik nafaqasi;
  • ishdan bo‘shatish nafaqasi;
  • xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa;
  • yoshga doir nafaqa;
  • nogironlik nafaqasi (bolalikdan nogironlardan tashqari);
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi va h.k.

Qanday farqi bor?

Misol uchun, tushuntiraman:

Yoshga doir pensiya olish huquqiga:

  • erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
  • ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Yoshga doir nafaqa olish huquqi esa:

  • ish stajiga ega bo‘lmagan;
  • erkaklarga — 65 yoshga yetganlarida;
  • ayollarga — 60 yoshga yetganlarida;
  • bolalikdan nogironligi bor farzandi bor onalarga — 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi.

Ma’lumot uchun: pensiya yoshi faqat qonun bilan o‘zgartiriladi, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring