Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda bir oilaga o‘rtacha nechta farzand to‘g‘ri kelmoqda?

O‘zbekistonda bir oilaga o‘rtacha nechta farzand to‘g‘ri kelmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 22-fevral kuni AOKAda «O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Matbuot anjumanidan so‘ng «Xabar.uz» muxbiri Davlat statistika qo‘mitasi vakili Usmon Abdurasulov bilan suhbatlashdi.

— Aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmay turib, statistik ma’lumotlarda yosh, jins, millat tarkibi qay tartibda hisoblanadi? Hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni aniqlashchi?

— Ma’lumki, O‘zbekiston hududida aholini ro‘yxatga olish so‘nggi bor 1989 yilda amalga oshirilgan bo‘lib, ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra aholi soni 19,7 mln. kishini tashkil etgan. Shundan buyon biror marta ham aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan.

Joriy hisobga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga respublikamizning doimiy aholisi soni 34,6 mln. kishini tashkil etadi. Bu hisob 1989 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga tug‘ilganlar va mamlakatimizga ko‘chib kelganlar sonini qo‘shish hamda vafot etganlar va mamlakatimizdan ko‘chib ketganlar sonini ayirish orqali hisoblanadi. Tug‘ilish va o‘lim holatlari bo‘yicha ma’lumotlar Adliya vazirligining joylardagi davlat xizmatlari markazlaridan hamda ko‘chib kelgan va ko‘chib ketganlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligidan olinadi.

Hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va uysizlar aynan aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida aniqlanadi. «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekistonda bo‘lib turgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.

— Hozirgi kunda davlat statistika ma’lumotlarining necha foizi ochiq tartibda joylashtirilgan, qanday ma’lumotlar yopiqligicha qolmoqda?

— O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan tarqatilishi ta’qiqlangan maxfiy ma’lumotlar, shuningdek, Davlat statistikasi to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasiga asosan yakka tartibdagi statistika ma’lumotlari, davlat sirlari va yuridik shaxslarning tijorat sirlariga oid ma’lumotlar yopiq statistik ma’lumotlar hisoblanadi. Qolgan barcha ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy veb-saytida, statistik to‘plamlarda hamda ochiq ma’lumotlar portalida doimiy e’lon qilib borilmoqda.

— Hozirda bir oilaga o‘rtacha nechta farzand to‘g‘ri keladi?

— Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-dekabr holatiga, uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan 16 yoshgacha bolalar mavjud bo‘lgan uy xo‘jaliklar 74,3 foizni tashkil etdi, shundan 23,4 foizi bir bolali, 26,8 foizi ikki bolali, 16,9 foizi uch bolali hamda 7,2 foizi to‘rt va undan ko‘p bolalilarni tashkil etgan. 25,7 foiz uy xo‘jaliklarda esa 16 yoshgacha bolalar mavjud emas.

Nuriddin Ziyo To‘raqulov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring