Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugidagi «trevoga» yakunlandi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugidagi «trevoga» yakunlandi

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda to‘satdan tekshiruv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Odatiy rejalashtirilgan taktik mashg‘ulotlar o‘z yo‘liga, biroq favqulodda olib borilgan o‘quvlar jangovar tayyorgarlik holatini sinovdan o‘tkazish va oshirishda yaxshi samara beradi. Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari ham ayni shu maqsadga qaratilgan. To‘satdan tekshiruv esa, kutilmaganda soat 15:00 da berilgan «Trevoga» signali bilan boshlandi. Butun shaxsiy tarkib tezkor ravishda yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi, zudlik bilan binolarni qo‘riqlash kuchaytirilgan tizimga o‘tkazildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

O‘quvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirish. Har qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar kerakli asbob-anjomlar va ish qurollarining bo‘lishi faoliyat samaradorligini ta’minlaydi. Saf ko‘rigi davomida esa harbiy xizmatchilarning libosi, hujjatlari, safar xaltasi, qurol aslaha va kerkakli anjomlari birma-bir ko‘zdan kechirildi.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi kunida harbiy qism shaxsiy tarkibi hali quyosh ko‘kka ko‘tarilmagan tongi soat 4:00 da berilgan ko‘rsatmaga muvofiq, harbiy qismga qarashli dala-o‘quv maydoniga chiqish uchun harakatga keltirildi. Komandirlar tomonidan shaxsiy tarkibga texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirilib, harakatlanish bo‘yicha vazifalar yuklandi.

O‘quvlarni real vaziyatlarga yaqin tarzda olib borishga harakat qilindi. Harbiy texnikalardan tarkib topgan kolonnaga qo‘yilgan pistirma xavfi bartaraf etildi. 30 kilometr masofaga jangovar texnikalar va harbiy avtomashinalar tartibida marshni amalga oshirib, dala-o‘quv maydoniga yetib kelgan bo‘linmalar belgilangan nuqtalarga joylashdi. Yuqori qo‘mondonlik bilan tezkor aloqa punkti tashkil etildi.

Jangovar amaliyotlarda harbiy xizmatchining harkatlanishini cheklab qo‘yadigan, xatto, umriga zomin bo‘alidgan xavflardan biri ommaviy qirg‘in qurollaridir. Dala-o‘quv maydonida yurt posbonlari ayni shu xatarga qarshi maxsus kiyimlarni kiyish bo‘yicha imtihon topshirishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Jazirama tafti ufurib turgan maydonning boshqa yerida bir kishilik muhandislik inshootini barpo etish bo‘yicha sinovlar olindi. Havo harorati issiq va yumshoq tuproqli yer bo‘lganligi sabab harbiy xizmatchilarga okoplarni kovlash uchun 25-30 daqiqa vaqt oralig‘i berilgan.

Otish tayyorgarligi Vatan qalqonlari uchun eng kerakli ko‘nikmalardan biridir. O‘quv mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilar ham pistolet va AK-74 avtomatidan otish me’yorlarini bajarishdi. Shuningdek, tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha test va harbiy topografiyadan nazorat sinovlarini topshirdi.

Xulosa o‘rnida aytganda, o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘quvlarda harbiy qismning jangovar tayyorgarligi har tomonlama sinab ko‘rildi va yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarni tuzatish, yurt posbonlarining kasbiy ko‘nikmalarini yana oshirish maqsadida zarur tavsiyalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring