Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘z uyingda ijaraga turmaysan...»

«O‘z uyingda ijaraga turmaysan...»

Xalqimizda bir chiroyli naql bor- Yeri semizning — eli semiz. Ha, bu naql bejiz aytilmagan. Bugun yurtimizda kechayotgan barcha sohalardagi islohotlar yerga egalik qilish sohasini ham chetlab o‘tmadi.

Yaqindagina davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham aynan ushbu sohadagi munosabatlarni oydinlashtirishga xizmat qiladi. Avvalo, ushbu qonun bizga nima beradi, degan savolga to‘xtalsak. Bugungi kunda aholi nufuzi kun sayin oshib borayotgani va urbanizatsiya jarayonining shiddat bilan o‘sib borishining o‘zi mazkur qonunni qabul qilishni taqozo qildi. Qolaversa, yerning xususiy mulkka aylanishi ma’naviy tomondan fuqaroga katta ishonch beradi. Xususiy yerga insonning mehri boshqacha bo‘ladi. Yer egasi o‘zini oyoqda mahkam turgandek his qiladi, uzoq kelajakka doir rejalar tuzadi va istiqbolini aniqroq ko‘ra boshlaydi. Ayniqsa, o‘zini o‘z uyida ijarada turgandek his qilmaydi. Sababi avvallari, ayrim hollarda “Yer seniki emas, yer davlatniki. Istalgan vaqta ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtirib bu yerdan ketasan…” deyilardi. Tabiiyki, bunday vaziyatda har bir inson ma’naviy tushkunlik holatiga tushib qoladi, unda ertangi kunga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi.

Mazkur qonun esa, fuqarolarimizga yanada qulayliklar yaratayapti, o‘zlarini vatan ichida vatansizdek his qilimasliklarini ta’minlayapti. Qonunning yana bir muhim jihati shundki, avvallari fuqarolar o‘z uylariga “Hokim qarori”ni chiqartirish uchun oylab, kerak bo‘lsa, yillab sarsonu sargardon bo‘lishardi. Birgina uyning kadastr hujjati uchun o‘nlab tashkilotlarning eshigini qoqishardi. Turnaqator navbatlar, mutasaddi rahbarlarning o‘zi istagan vaqtda fuqarolarni qabul qilishi holatlari, ayrim vaqtlarda murojatlarning hokimiyat kotibiyati ish stoli ustida oylab qolib ketishlaridan to‘g‘risi xalqimiz juda charchagan edi. Ba’zi holatlarda esa, ularda davlatga, o‘sha davrdagi siyosatga ishonch tuyg‘usi yo‘qolib borayotgandi. Mazkur qonun esa ularga ushbu ishonch hissi qaytardi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi endilikda mazkur qonun bilan ortiqcha ovvoragarchiliklar, byurokratiya va korrupsiya holatlarining oldi olindi. Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish tartibida bo‘ladi. Yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotiladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida qonuniylik; ixtiyoriylik; haq to‘lash; xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining birligi; ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etiladi. Ammo, yana bir jihat, ushbu qonun barcha yer uchastkalariga ham tadbiq qilinaverilmaydi. Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi: tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari; ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadigan, xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik ob’yektlar joylashgan yer uchastkalari; tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar); xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari; erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.

Mazkur qonun orqali Davlat xizmatlari agentligiga ham bir qancha vazifalar belgilandi. Qonunga muvofiq, ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi ariza yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) hokimining nomiga davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Mazkur ariza Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Komissiyaning xulosasi hokimning yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki ularni xususiylashtirishni rad etish haqidagi tegishli qarorini qabul qilish uchun asos bo‘ladi. Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish haqidagi qaror komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kunda qabul qilinadi va ushbu qaror ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilinishi mumkin. Yana bir jihat, avvallari auksion g‘olibi hokimning yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarorini imzolanishini ayrim hollarda 3 oydan 6 oygacha kutar edi. Endilikda, Eletron auksion natijalari bo‘yicha bayonnoma g‘olibning yerga bo‘lgan huquqini hokimning qarorisiz ro‘yxatdan o‘tkazishga asos bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mazkur qonun orqali fuqarolarimizning avvalo vaqti tejaldi. Korrupsiya va byurokratiyaning oldi olindi. Yerni xususiylashtirilishi jarayoni soddalashtirilib, shaffoflik, tezkorlik prinsiplari joriy etildi. Eng muhimi, xalqimizning, davlatga va bugungi kunga nisbatan ishonchi mustahkamlani.

B.Jamolov,
Davlat xizmatlari Agentligi Buxoro viloyat
boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring