Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Yoki yana «Andijonnoma» va oromi buzilgan hokim haqida...

Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Yoki yana «Andijonnoma» va oromi buzilgan hokim haqida...

Kecha Andijon viloyati mutasaddilarining paytavasiga qurt tushgani rost. Viloyat hokimining oromi buzilganini-ku, aytmang... Axir, aynan uning «Andijonnoma» tahririyatiga sirli tashrifi va salom-alikni nasiya qilib jo‘navorgani, ko‘p o‘tmay tahririyat binosi buzilishiga oid xabarlar urchishi ortidan shu dargohda zahmat chekib yurgan jurnalistlarning mamlakat Prezidentiga murojaat qilgani hazilakam gapmi?! Bu haqda ommaviy axborot vositalari, xususan, «Xabar.uz»da bong urilgani-chi?!

Xabarlar mo‘ljalga tekkani aniq. Yo‘qsa, viloyat hokimligi tezkorlik bilan rasmiy munosabat bildirmagan, hokimlik kursisiga o‘tirganidan beri «Andijonnoma»ning ahvoli, unda mehnat qilayotgan xodimlarning holidan bir marta bo‘lsin xabar olmagan Shuhrat Abdurahmonov hamma ishini yig‘ishtirib, ularni qidirishga tushmagan bo‘lardi-da.

Har ne ishda hikmat bor degan gap to‘g‘ri. Mana, «Andijonnoma» xodimlarining Prezidentga murojaat qilgani haqida xabar berilishi ortidan hokim kechaning o‘zida (vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay!) tahririyat a’zolari bilan uchrashibdi. Xo‘b yaxshi. Uchrashuv avvalida «Xabar.uz»ga ma’lumotni kim berdi? Maqolani yozgan kim?» qabilida qisti-basti qilinganini aytmaganda, muloqot yaxshi o‘tibdi.

Hokim  uchrashuvda nimalar degan, qanday va’dalar bergan, shu barobarida jurnalistlar qanday masalalarni o‘rtaga tashlagan – bularning bayoniga hojat yo‘q. «Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r» deganlaridek, berilgan va’dalarning amaldagi ifodasiga qarab, bir nima deyish mumkin.  Hozir gap bunda emas.

Gap shundaki, kechaning o‘zida viloyat hokimligi matbuot xizmati hokim bilan uchrashgan hamkasblarimizdan qisqa-qisqa intervyular uyushtirib, ijtimoiy tarmoqqa joylashga ham ulguribdi! Qoyil demay iloj yo‘q. G‘alati tarafi, hokim huzuridan chiqqanlar «Andijonnoma» tahririyati binosi buzilishiga oid xabarlar asossizligi, uni e’lon qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilganini biri olib, biri qo‘yib iddao qilishgan?! Tavbangdan ketaylikki, ayni mazmundagi xabarlar Andijondan chiqqani rost, «Andijonnoma» tahririyati xodimlarining Prezidentga murojaat qilgani ham inkor etib bo‘lmas fakt! Hatto hokimlikning o‘zi rasmiy munosabatida bino buzilishi mumkinligini tasdiqlab turibdi. Shunday ekan, xabarlarning nimasi asossiz, nimasi yolg‘on?! Bor narsalarni inkor etishning o‘zi borib turgan yolg‘onchilik emasmi?!

Albatta, bu o‘rinda hamkasblarimizni «aytadiyam, qaytadiyam» qabilida ish ko‘rganlikda ayblash fikridan yiroqmiz. Kutilmaganda «plastinka teskari aylanishi» hokim bilan uchrashuvning quvvatidan darak, aslida. Ya’nikim, nima bo‘lsayam hokimga gap tegmasin, uning rahnamoligida katta ishlar amalga oshirilmoqda, bilib-bilmay Prezidentga qilgan murojaatimiz viloyatimizning oydek go‘zal jamoliga soya tashlashi mumkin ekan, biz bilmabmiz, uzr-uzr, ming uzr... 

Mayli, istehzo o‘z yo‘liga, biroq haqiqat shuki, mahalliy jurnalistlarni «teskari gapirtirishga» majburlash viloyatda ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan munosabatni yana bir karra ko‘rsatib qo‘ydi! Yana bir gapki, ko‘tarilgan masalaga shu tariqa «sho‘rpaxta» qo‘yilgan bo‘lsa, biz rozi. Ammo vaziyat ming bejalib, unga boshqacha libos kiydirilmasin, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring