Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Otangni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni...

Otangni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni...

Illyustrativ surat

Mehmondorchilikda qiziq holatning ustida chiqib qoldim. Bir gala erkaklar 4-5 yoshli bolakayga shunday savol bilan murojaat qilishayotgandi: «Qani toy bola, aytchi, dadangni o‘g‘limisan yoki oyingni?»

Bolakay ikkilandi. Unga oilasida bunday gaplar gapirilmaydi shekilli boyadan beri hammaning savoliga biyrongina javob berayotgan bola bu savol oldida tek qotdi. Hammaga bir-bir javdiradi, boshini egib barmoqlarini o‘ynay boshladi.

Qo‘shni xonada esa xotin-xalaj, bolalar... Erkaklardan yana biri ayollar o‘tirgan xonadan o‘g‘lini chaqirdi: «Aziz, beri kel-chi». Ikki-uch yoshlar atrofidagi bolakay chopqillab chiqdi. «Beri kel o‘g‘lim, mana bu yerda o‘tirgan amakilaringga kimligingni ko‘rsatib qo‘ychi? Meni yaxshi ko‘rasanmi, oyingnimi?», — dedi o‘g‘lini quchib.

Bolakay qo‘shni xonaga ko‘z qirini tashladi. Ishshaygancha otasiga qaradi, otasi ham o‘g‘lining bu harakatini tushundi shekilli cho‘ntagidan pul olib uzatdi. Bolakay pulni olib otasini achomladi: «Sizzi o‘g‘liyiz bo‘laman». «Ha barakalla, endi mana shu yerda o‘tirgan amakilaringni bir so‘kib qo‘y». Bolakay chuchuk tilda «boplab» so‘kdi. O‘tirgan erkaklar tizzasiga shapatilab kuldi...

Bu manzara deyarli barchamizga tanish. Qolaversa, oddiy holdek qabul qilamiz. Bolaligingizda sizga kattalar «kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasan, oyingnimi yoki dadangnimi», degan savolni berishgan. Siz ham ota-ona bo‘lgach, o‘z navbatida, farzandlaringizga «otangni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni», degan savolni berayotgandirsiz. Va buning hech ham yomon tomoni yo‘q, deb o‘ylaysiz, to‘g‘rimi? Ammo u erkaklarga beriladigan an’anaviy «xotiningni yaxshi ko‘rasanmi yoki onangni», degan ahmoqona savolga o‘xshaydi. Bolangiz goh mehmonlar oldida, goh oila davrasida bu savolga nima deb javob berishni bilmay ikkilanadi. Rostda, otasini yaxshi ko‘raman desa, onasi xafa bo‘ladi, onasini yaxshi ko‘raman desa, otasi xafa bo‘ladi. Kattalar esa o‘z bilganidan qolmaydi. Endi ular bolani aldashga, majburlashga, qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, sotib olishga o‘tishadi. «Aytchi qizim, mening qizim bo‘lasanmi yoki oyingning», «Agar mening o‘g‘lim bo‘lsang zo‘r mashina olib beraman», «Agar dadangni desang bog‘chadan qaytishda senga hech narsa yo‘q». Bola yana ikkilanadi. Axiyri bola-da, u qaysi tomon yaxshiroq narsa taklif qilsa o‘sha tomonga og‘a boshlaydi. Ammo siz o‘zingiz bilmagan holda bolangizning tamagirlik sari birinchi qadam tashlashiga tamal toshini qo‘yib bo‘ldingiz.

Yuqoridagi erkaklarga ko‘ndalang qo‘yilgan savolning (javobini emas) mag‘zini chaqishga urinib ko‘raylikda. «Onang yaxshimi yoki xotining», «Yo xotiningni de, yo meni», «Yo shu uyda onangiz yashasin, yo men»... bu savol, bu tanlov oldida boshingiz qotadi. Ana, nari borsa farzandlik burchingiz ustunlik qilib xotiningizdan kechib qo‘yaqolasiz. Siz nega ikkilandingiz? Chunki berilgan savol noo‘rin, ahmoqona. Sabab ona bilan xotinni tenglashtirib yoki taqqoslab bo‘lmaydi. Axir, onalarimiz biz uchun dunyoda eng buyuk zot, ayolingizchi.., ayolingiz ham ona-da — bolalaringiz uchun... Onangiz siz uchun bebaho, muqaddas bo‘lganidek, xotiningiz ham farzandlaringiz uchun ona sifatida yagona, bebaho... Shunday ekan, nega endi farzandlaringizga otang yaxshimi, onang yaxshimi, degan savolni berishingiz kerak? Otaning o‘rnini ona bosmaganidek, onaning o‘rnini ham ota bosolmaydi. Yana shunday buva, buvilar bor. Nevaralarini jon-jahdi bilan yaxshi ko‘radi, shuning uchunmi ularni ota-onalaridan ham qizg‘anishadi. Bir kuni qo‘shni onaxon suhbatdoshlariga «Sevara nevaram mensiz ovqat ham yemaydi, oyimning qizi bo‘lmayman, deyapti», deya maqtanayotganini eshitib qoldim. Beixtiyor buvi va nevara o‘rtasidagi mehrga havasingiz keladi. Lekin buvi o‘zi bilmagan holda murg‘ak go‘dakni o‘z onasidan ozrooooq uzoqlashtirib qo‘ymayaptimi?

Feruza Otamurodova, psixolog:

— Donishmandlardan Falesning shunday gapi bor: «Siz bolalaringiz bilan qanday munosabatda bo‘lsangiz, bolalaringiz ham bolalariga shunday munosabatda bo‘ladi». Demak, farzandlarimiz kelajakda bizni ardoqlashlari uchun o‘zimiz ota-onalarimizga mehrli bo‘lib, ularga ibrat bo‘lishimiz kerak. Bolalarimizga yoshligidanoq otaga, onaga, buvaga, buviga, opa-singilga, aka-ukalarga birdek mehr berishlarini singdirishimiz lozim. Buning uchun esa oilada ota-onani bir-biri bilan taqqoslamasligimiz shart. «Otang yaxshimi», «kimning o‘g‘li yoki qizi bo‘lasan» degan savolning o‘ziyoq bola ongida kattalarga nisbatan notenglik munosabatini shakllantiradi. Masalan, ba’zida farzandlarimiz oldida «Otang menga nima qip qo‘yipti» yoki «Onangni qo‘lidan hech ish kelmaydi», degan koyishlarni eshitamiz. Axir, bu ham bola oldida ota yoki onaning obro‘sini to‘kish bilan barobar. Unutmang, mashhur pedagog Makarenko aytganidek: «Bolangizni u bilan gaplashayotgan, biror narsa o‘rgatayotgan yoki unga biror ish buyurayotganingizdagina tarbiyalayapman, deb o‘ylamang. Siz uni hayotingizning har bir soniyasida tarbiyalab borasiz. So‘zingiz ohangidagi zig‘irdekkina o‘zgarishni ham bola sezib yoki his qilib turadi. Fikringizdagi ozgina burilish ham ko‘rinmas yo‘llar bilan bolangizga yetib turadiki, buni o‘zingiz ham sezmay qolasiz...»

...Mehmondorchilik tugay deganda yana amakilardan biri qo‘lini chambarak qilgancha mashina haydayotgan bolakayning oldini to‘sdi: «Kimning o‘g‘li bo‘lishingni aytmading-a», dedi u bolaning qo‘llaridan ushlab. Bolakay boshini ko‘tardi. O‘zining noo‘rin savoli bilan g‘ashiga tegib, o‘yiniga xalaqit berayotgan yopishqoq amakiga norozi boqdi. Onasi o‘tirgan xonaga nazar tashladi, keyin sal nariroqda o‘tirgan otasiga yuzlandi. Bolalarcha beg‘uborlik bilan, qulochini keng yoygancha: «Menga boshqa savol beravermanglar, o‘yinimga xalaqit beryapsizlar. Hammangizni birdek yaxshi ko‘raman, bo‘ldimi» degancha qiy-chuv qilayotgan bolalar oldiga yugurib ketdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring