Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orzular shahrining yangi qiyofasi — Samarqand

Orzular shahrining yangi qiyofasi — Samarqand

Ikki yil oldin Termizda baxshi festivali o‘tkazilgandi. Tadbir doirasida o‘sha vaqtdagi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bilan matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjuman tugay deganda Indoneziyadan kelgan jurnalist so‘z oldi.

— Menga O‘zbekistonga borishimni aytishganda yig‘lab yubordim. Yurtingizda bo‘lishga bolalikdan havas qilganman, chunki bu yerda buyuk muhaddis Imom al Buxoriy yotibdi. Uni ziyorat qilish har bir indoneziyalikning orzusidir, — dedi mehmon.

U shundan so‘ng ham Imom al Buxoriy haqida, Samarqand haqida ancha gapirdi. Aytganlaridan anglashildiki, indoneziyaliklar Buxoriyni har qancha e’zozlashmasin, ziyoratga kelishlari ancha mushkul. Sabablar talay, eng asosiylaridan biri esa O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘q. Turkiya yoki Moskva orqali kelganda esa yo‘lning o‘ziga ikki sutkadan ko‘p vaqt ketib qoladi.

O‘shanda indoneziyalik do‘stimizga ayta olmaganmizki, «og‘ayni, ikki-uch yil sabr qilib tursang, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys tugul Samarqandda butun boshli aeroport quriladi, mehmonlar uchun alohida «Turistik markaz» bino etiladi», deb.

U vaqtda shuncha ish bo‘lishiga o‘zimiz ham ishona olmasdik.

Turistik markaz
Samarqandda qurilayotgan «Turistik Markaz» ikkita 5 yulduzli mehmonxona, ikkita 4 yulduzli mehmonxona, to‘rtta butik mehmonxona, restoranlar va do‘konlardan tashkil topadi. Shuningdek markazda rasmiy va tantanali tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan Kongress xol qurilmoqda.
Ushbu kompleks to‘lig‘icha Samarqand shahrining turistik salohiyatini oshirishga yo‘naltiriladi. Majmua 212 gektar maydonni egallagan. Mehmonxona nomerlarining umumiy soni esa 1190 tani tashkil etishi kutilmoqda.

Abadiy shahar
Yana Samarqand turizm markazi hududida eski Samarqand qiyofasini takrorlaydigan «Abadiy shahar» tarixiy majmuasi ham mavjud.

Turistik markazdan M39 asosiy avtomagistraligacha olib chiqadigan parallel yo‘l quriladi. Majmua hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan tarixiy hududga olib boradigan yo‘l ham ochiladi.

Samarqandning eski qismida joylashgan sun’iy ko‘l ham sayyohlar e’tiborini tortadigan yana bir ob’yekt hisoblanadi.

Quruvchilar
Turistik markazning qurilishiga 4000 dan ortiq mutaxassislar jalb qilingan, xususan: ishchi xodimlar - 3678 kishi, muhandislar va texniklar - 322 kishi, shundan mahalliy aholi vakillari - 3600 kishi, chet ellik mutaxassilar - 400 kishini tashkil etmoqda.Loyihaga jalb qilingan texnik resurslar soni 500 tadan ortiq.

Ishtirokchilar guruhi
EPC shartlariga ko‘ra loyihani to‘liq topshirishga mas’ul bo‘lgan bosh pudratchi Enter Engineering kompaniyasi hisoblanadi. Ushbu kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri hisoblanadi. Neft-gaz, kimyo, energetika va fuqarolik muhandisligi sohalarida ob’yektlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Bosh loyihalovchi: ARUP
ARUP - qurilishning barcha jihatlari bo‘yicha muhandislik, arxitektura, dizayn, rejalashtirish, loyihalarni boshqarish va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniya. Kompaniyaning bosh qarorgohi Londonda joylashgan. Loyihani amalga oshirish uchun Turkiya vakolatxonasining ARUP kompaniyasining Turkiyadagi jamoasi jalb qilingan.

Loyiha qurilishi 2021 yilning IV choragi va 2022 yilning I choragida yakuniga yetishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring