Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

O‘rtachirchiq: hokim — hukmfarmo, prokuror — haybarakallachi, sudya qo‘g‘irchoqmi?

O‘rtachirchiq: hokim — hukmfarmo, prokuror — haybarakallachi, sudya qo‘g‘irchoqmi?

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda turli nomlar ostida («Obod qishloq», «Obod mahalla», «.....-siti») katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani bor gap. Ulkan ishlar ulkan buzilishlarga sabab bo‘layotgani ham sir emas. Ayrim joylarda buzilishlar shu qadar shiddatli ko‘rinish oldiki, it egasini, mushuk bekasini tanimaydi... Uy-joyi yoki do‘koni buzilgan odamlar kimga borishni bilolmay sarson. Prokuror va IIB boshlig‘i – hokimning biqinida. Ular mulkiy huquqlar ayovsiz toptalayotgan odamlarni himoya qilish o‘rniga, mahalliy hokimiyatning tegirmoniga suv quymoqda. Jiddiyroq e’tiroz bildirilgudek bo‘lsa, beldan pastini mo‘ljallab zarba beriladi: «Nima, Prezident siyosatiga qarshimisan?».

Bunaqa zarbadan dovdirab qolmaydigan kam...

...Yuqoridagi satrlar o‘tgan kuni kechqurun qog‘ozga tushayotgandi. Gap aynan Xorazm yoki Qashqadaryodagi voqeliklar xususida emasdi-ku, ammo muammo yurtga kelgan to‘y – «buz-buzlar»ga doxil ediki, yozuv-chizuvlarni vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Chunki, ikki viloyatdagi vaziyat taranglashib, mahalliy rahbarlarning paytavasiga qurt tushgan, hukumat rahbarining shoshilinch Xorazmga uchgani voqealar rivojini kuzatishga majbur etdi.

Bosh vazirning Xorazmga favqulodda tashrifidan so‘ng vaziyat o‘zgardi, to‘g‘ri. Uylari buzilib, chodirlarda yashayotgan abgor xalq bilan joyida hisob-kitob qilishga kirishildi. Aholi tezroq boshpana tiklab olishi uchun qo‘shimcha yordamlar bo‘yicha ham amaliy harakat boshlandi. Bosh vazir o‘tkazgan katta majlisda ikki viloyat rahbarlariga hayfsan berildi, Yakkabog‘ tuman hokimi va prokurori qo‘liga pattasi tutqazildi. Eng muhimi, bundan bu yog‘iga katta-kichik buzilishlar hukumat ruxsati bilangina amalga oshirilishi belgilandi. Juda soz, xo‘b yaxshi!

Buz-buzlar faqat Xorazm yoki Qashqardaryoda bo‘layotgani yo‘q. Bunday manzaralarni boshqa viloyatlarda ham ko‘rish mumkin: vaziyatga ochiq ko‘z bilan qaralsa, Yakkabog‘ tuman hokimi va prokurori singari pattasi tutqaziladiganlar yetarlicha topiladi, aslida. Ikki amaldorning vazifasidan chetlatilishi esa katta muhorabalarda asosiy qurbon piyodalar bo‘lishini yana bir karra yodga soladi, xolos.

Xo‘sh, muammo halmi? Mulki buzilgan fuqarolarning ko‘zidan yosh oqmaydimi endi? Qaydam? Mamlakat rahbari har ikki gapining birida hokimu hokimchalardan «odamlarni rozi qilish»ni talab qilgandaki ahvol shu darajaga yegan ekan, demak, «muammo hal etilgani»ga ishonchdan ko‘ra ilinj ko‘proq.

Adliya vaziri odamlarning mulkiy huquqi toptalib, sarson qilinayotganini «vahshiylik» deb baholadi. Vazir – hukumat a’zosi, og‘ziga kelganini qaytarmaydigan shaxs emasligi e’tiboridan uning gapiga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q.

Hokimlarning bu darajada quturib, qonunlar toptalishining sababi nimada?

Prezident hokimlarning qo‘l-oyog‘idagi ko‘rinmas kishanlarni yechgach, ular mutloq daxlsiz shaxsga aylandi go‘yo. Aksariyat hokimlar buni cheksiz huquq deya qabul qildi, vaholanki, ulkan majburiyat aslida. Chunki, huquq bilan majburiyat posangisi teng bo‘lmas ekan, ijtimoiy adolatga putur yetaveradi, yetaveradi... Bu hol Xorazmda qalqib chiqdi. Boshqa joylarda ham ahvol behroq emas. Bu achchiq tajribadan xulosa chiqarilmas ekan, prokurorning – haybarakallachidan, militsiyaning – so‘qir ijrochidan, sudlarning esa qo‘g‘irchoqdan farqi qolmaydi.

Endi shu da’voni aniq misol bilan isbotlashga harakat qilsak. O‘tgan kuni boshlagan yozmishimiz shu haqda edi, sirasi.

...Toshkent – Olmaliq avtoyo‘lining O‘rtasaroy qishlog‘i (Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani) hududida joylashgan «Chinor» umumiy ovqatlanish maskani qay sabablarga ko‘ra, AITB «Ipotekabank»ning Olmaliq filiali o‘tib qolganini ilg‘ash qiyin emas. Biroq hozir gap bunda emas. Gap bank balansidagi jami yer maydoni 0, 1256 gektar bo‘lgan ushbu ob’yekt (choyxona, do‘kon, bostirma, omborxonadan iborat bino va inshootlar) «egasini topib», sotilganidan keyingi jarayonlar haqida.

Mijozning qarzi evaziga olib qo‘yilgan ob’yektga ko‘zi uchib turgan xaridor qayda? Buni arang topilgan xaridorga choyxona binosi lizing shaklida sotilgani ham aytib turibdi.

Xullas, 2017-yilning mart oyi oxirgi kunida AITB «Ipotekabank» Olmaliq filiali va Saparboy Yuldashev rahbarligidagi «Tasti&Quick» oilaviy korxonasi o‘rtasida lizing shartnomasi tuzildi. Unga ko‘ra, «Chinor» umumiy ovqatlanish maskani oilaviy korxonaga uch yil muddatga yillik 12 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 296.175.730 so‘mga sotildi. Buning uchun oilaviy korxona avans tariqasida ob’yektning avvalgi egasidan («Osiyo Rita» MChJ) qolgan «meros» – 123.909.000 qarzni birdan uzishi kerak bo‘ldi.

«Tasti&Quick» oilaviy korxonasiga umumiy hisobda 420.084.730 so‘mga (296.175.730+123.909.000 = 420.084.730) tushgan «Chinor» foydalanish uchun tayyor holatda emasdi. Bu maskanni o‘tgan-ketganning ko‘zi tushib, qadam ranjida qilishiga undaydigan darajaga keltirish uchun yana a-ancha harakatu xarajat qilish kerak ediki, Yuldashevlar oilasi avvaliga Yunusobod tumanidagi «dom»ini sotib (215 million so‘mga), pulini chapladi. Kamiga shu bankning o‘zidan yana yuz million so‘m (yiligi 14 foiz ustama to‘lash sharti bilan uch yilga) qarz ko‘tarib, «Chinor»ni tom ma’noda obod maskanga aylantirdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bir umr yiqqan-terganini tikib, kamiga qarzga botib, og‘zi oshga yetay deganda burni qonashini Yuldashevlar oilasi tush ko‘ribdimi?!

Ovqatlanish maskani ishga tushib, oila kosasi oqarib ulgurmay O‘rtachirchiq tuman hokimidan «qoraxat» keldi (2018-yil 9-iyul): besh kun (!) muddat ichida choyxonangni o‘z hisobingdan buzib, zamonaviy shaharsozlik talablariga mos ravishda qayta qur yoki davlat ehtiyoji uchun bo‘shatib qo‘y, xo‘pmi?

Besh kunda choyxonani na «zamonaviy shaharsozlik talablari»ga mos qayta qurish, na «davlat ehtiyoji uchun bo‘shatib» qo‘yish mumkin? Shunga qaramay berilgan muddat o‘tar-o‘tmas (!) O‘rtachirchiq tumani Toshloq mahallasi profilaktika inspektori Akmal Shamshiyev montyor olib kelib, ovqatlanish maskanini elektr ta’minotidan mosuvo qilib ketdi.

Shundan keyin mahalliy hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi vakillarining bir oyog‘i shu yerda bo‘ldi deng: «qachon buzasan?». O‘zlariga qolsa-ku, shartta buzib tashlardi-ya, biroq oilaviy korxona rahbarining huquqini faol talab qilishi, boz yana, ob’yekt lizing shartnomasi asosida sotib olinib, hamon garovda turgani, bank oldidagi qarzlar to‘la bartaraf etilmaganidan biroz cho‘chishdimi, masalani «qonuniy asosida» hal etishga tushishdi.

Qonundan shunday «yo‘l» topildiki, bundan faqat «dod» deyish mumkin!

Nima-nima, O‘rtachirchiq tuman hokimi fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) tumanlararo sudiga da’vo kiritdi. Sirtdan qaralganda hammasi binoiydek. Biroq da’vo mazmuni va murojaat qilingan sud e’tiborga olinsa, mutasaddi «orzularini oldindan ayon qilgani»ni anglash mumkin.

Tuman hokimi oilaviy korxona rahbari S.Yuldashev go‘yoki tegishli ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan temir bostirma va omborxona qurib olganini da’vo qilar ekan, ularni javobgar hisobidan buzib tashlashni so‘raydi. Bu bilan hokim bir o‘q bilan ikki quyonni urishni mo‘ljallagan chiqar. Ya’nikim, bino-inshootlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan degan asos bilan buzilsa, ko‘chmas mulk uchun tovon to‘lash muammosi ko‘ndalang bo‘lmaydi. Ikkinchidan, da’vo arizada javobgar tariqasida S.Yuldashev – jismoniy shaxs ko‘rsatilmoqda. Jismoniy shaxs javobgar tariqasida jalb etilgan nizoli ishlar esa fuqarolik sudlarida ko‘riladi.

Holbuki, murojaat qilingan sud ham, da’vo mazmuni ham kurak tugul, tuvakda turmasdi.

Birinchidan, S.Yuldashevni o‘zboshimchalik bilan bostirma va omborxona qurib olganlikda ayblashning o‘zi noto‘g‘ri. Lizing asosida sotib olgan ob’yekt avval bank balansida ekani, ilgariroq esa «Osiyo Rita» degan MChJga tegishli bo‘lganini aytdik. Har ikki sub’yekt o‘z vaqtida bino va inshootlarning kadastr hujjatlarini tayyorlagan, bu haqda hatto tuman hokimi qaror chiqqan, noqonuniy qurilgan deya da’vo qilinayotgan inshootlar qonuniy barpo etilganini mas’ul idora vakillari o‘z muhri va imzosi bilan tasdiqlagan-da. Inkor etib bo‘lmas hujjatlarni hokimbuva inkor etayotganining o‘zi kulguli.

Havodan olib yozilgan da’vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) O‘rtachirchiq tumanlararo sudiga murojaat etilishining noqonuniyligi shuki, «buz-buz» deyilayotgan ko‘chmas mulklar S.Yuldashevga emas, u rahbar bo‘lgan «Tasti&Quick» oilaviy korxonasiga tegishli. Oilaviy korxona esa yuridik shaxs. Yuridik shaxsga nisbatan qilinadigan da’vo fuqarolik emas, iqtisodiy sudda ko‘riladi.

FIB O‘rtachirchiq tumanlararo sudi sudyasi E.Yeshmurodov bir deganda buni anglab yetdi va tuman hokimiga iqtisodiy sudga murojaat etish huquqini yaxshilab tushuntirgach, ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqarib qo‘yaqoldi.

Tuman hokimining sud ajrimiga nisbatan xususiy shikoyat bergani tushunarli, bu uning huquqi. Biroq uning xususiy shikoyati FIB Toshkent viloyati sudida ko‘rib chiqilgancha ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar yuz berganiga nima deysiz?!

FIB Toshkent viloyat sudida murodi hosil bo‘lmasligiga ko‘zi yetdi chamasi, hokim kassatsiya shikoyatini qaytarib olishniyam unutib, FIB O‘rtachirchiq tumanlararo sudiga boshqatdan da’vo kiritdi. Da’vo bayoni biroz boshqacharoq, ammo mazmuni o‘sha-o‘sha: noqonuniy qurilmalar buzib tashlansin, vassalom!

Yangidan yozilgan eski mazmundagi da’vo arizani ko‘rib chiqish yana FIB O‘rtachirchiq tumanlararo sudi sudyasi E.Yeshmurodovning chekiga tushdi! Sudya «ibi, hokimbuva, eski qo‘shiqni yangi ohangda ko‘ylaganingiz nimasi, sizga o‘tgan gal iqtisodiy sudga boring demabmidim?» deya, da’vo arizani ko‘rmay qoldirdi deysizmi? Hecham-da! Sudya bu safar o‘tgan galgi ajrimiga ters ravishda da’voni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori chiqarib berdi: noqonuniy qurilmalar buzib tashlansin!

Aqlga sig‘maydigan manzara, shundaymi?!

Yanayam dahshatlisi, hal qiluv qarori siyohi qurimay, ertasigayoq ijro etildi! Bu jarayonda Majburiy ijro byurosi xodimlari bezovta qilinmadi hatto. Qonuniy kuchga kirmagan noqonuniy hal qiluv qarori tuman prokuroridan tashqari Toshkent viloyat prokurori o‘rinbosari «badiiy rahbarligida» amalga oshirilib, «Chinor» umumiy ovqatlanish maskani buzib tashlandi!

Foto: «Xabar.uz»

Asosiy vazifasi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish bo‘lgan prokuratura kattalariki borib turgan qonunsizlikka bosh bo‘lar ekan, dodingizni kimga aytasiz?!

Hamma «ishlar bitib», ob’yekt buzib tashlangach, yana bir narsaga oydinlik kirdi. Gap shundaki, FIB tumanlararo sudi sudyasi hokimning ikkinchi da’vosi bo‘yicha sud majlisini 5 oktyabr (2018 y.) sanasiga belgilagandi. Biroq sud majlisi, kutilmaganda, belgilangan sanadan ikki kun burun 3 oktyabrda o‘tkazilib, hokimning murodi hosil qilinadigan hal qiluv qarori chiqarildi. Ertasi kuni 4 oktyabr kuni hal qiluv qarori shoshilinch, g‘ayriqonuniy ravishda ijro etildi. Oradan bir kun o‘tib, 5 oktyabrda esa tuman hokimining birinchi da’vosi yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi FIB Toshkent viloyati sudida qonuniy deb topilib, o‘z kuchida qoldirilgan bo‘lsa, ma’lumdan keyin shoshilinch ijro etilgan hal qiluv qarori baribir bekor qilindi. Bu paytga kelib, yuqorida aytdik, g‘isht qolipdan ko‘chib, buzarmonlar murodu maqsadga yetib bo‘lgandi...

Hokim hukmbardor, prokuror haybarakallachi, ichki ishlar idorasi xodimlari so‘qir ijrochiga aylangan joyda bundan boshqacha bo‘lishi mumkinmi?!

Bugun S.Yuldashev rahbarligidagi oilaviy korxona a’zolari tom ma’noda boshi berk ko‘chada: qarzga olgan mulki o‘rni xarobatxonga aylangan, bu yoqda lizing va kreditdan hosil bo‘lgan qarzlarini qistalang qilib, bank korxonani sudga bergan. Sud esa bankning ikkala (lizing va kredit bo‘yicha) da’vosini qanoatlantirish haqida allaqachon qaror chiqarib bo‘lgan...

Oilaviy korxonani shu ahvolga solganlarga esa balo ham urgani yo‘q: tuman hokimi ham, prokurori, sudyasi ham o‘z lavozimida javlon urib ishlamoqda. Qonuniy kuchga kirmagan sud qarori ijrosida «munosib hissasi»ni qo‘shgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari-ku tozalanayotgan Bosh prokuraturaning boshqarma boshlig‘i lavozimiga munosib ko‘rildi.

... Bosh prokuraturaga salomlar bo‘lsin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring