Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq bojxonachi hokimda yukni to‘xtatib turishga vakolat bormi?

Sobiq bojxonachi hokimda yukni to‘xtatib turishga vakolat bormi?

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimovaning aytishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni qariyb 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari topshirig‘i asosida ushlab qolingan edi.

Keyinroq Alimova u bilan bog‘lanishga uringan, ishi bitmagach, viloyatning yangi hokimi, Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq rahbari Murodjon Azimovga ham vaziyatni tushuntirgan, ammo foyda chiqmagan.

Bugun Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Munosabatda hokimiyat vakillari, xususan, hokim va uning birinchi o‘rinbosari bilan bog‘liq vaziyatlar tilga olinmagan. Faqat O‘zbekiston ichki chegarasida noqonuniyligi aytilayotgan yuk to‘xtatilgani yozilgan.

«Haqiqatan ham 2021 yil 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi «Umakay» postida Yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositasi to‘xtatilgan. Ichki ishlar xodimlariga o‘zini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qog‘oz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini «OQ SAROY KLASTER» MChJdan «MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA» MChJga jo‘natilgani haqida qo‘lda yozilgan (QR kodga ega bo‘lmagan) yuk xatini taqdim qilgan.

Lekin, taqdim etilgan hujjatlar orasida elektron hisobvaraq-faktura, birja savdosidan yutib olgani to‘g‘risida elektron tiket, shartnoma va ishonchnoma bo‘lmagan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi 489-son qarori 2-ilovasi 67-bandida «Tovarlar transport vositasida tashilganda elektron shaklda rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura QR kodga ega bo‘lgan elektron tarzda yoki qog‘oz nusxasi chop etilgan holda tashuvchiga taqdim etilishi» belgilangan.

«MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA» MChJ olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura yo‘qligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilgani sababli 3 ta yuk transport vositasidagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», deyiladi hokimiyatning rasmiy ma’lumotida.

Hozircha IIV yoki bojxona qo‘mitasi bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmadi. Har holda eng birinchi navbatda bu ularning vakolati doirasida, chunki yuk mashinalarini ichki ishlar organlari xodimlari to‘xtatgan, chigitning rasmiy hujjatsiz olib o‘tilishi esa bojxonachilarga tegishlidir.

«Respublikamizda Soliq qonunchiligi takomillashib, Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi 489-son qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan qochishning oldini olish va to‘g‘ri hisoblash uchun elektron hisobvaraq fakturalarning axborot tizimi yaratilgan. Ya’ni har bir soliq to‘lovchi elektron axborot tizimi orqali sotilgan tovarni xaridorga jo‘natishdan avval elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishi, oluvchi ham elektron imzo bilan qabul qilganligini tasdiqlashi lozim. Bu hisobvaraq-fakturalar Davlat soliq qo‘mitasidagi elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida shakllanadi va qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash uchun asos bo‘ladi», deya soliq va bojxona qonunchiligi esga olinadi Qashqadaryo viloyati hokimligi axborotida.

Keyin esa qavs ichida alohida qayd etiladi: «(Elektron hisobvaraq fakturasisiz, qo‘lda yozilgan qog‘oz yuk xati bilan tovarlarni realizatsiya qilish shubhali bo‘lib, yuk xati faqatgina ortilgan tovarning yo‘ldagi tekshiruvlari uchungina foydalanilib, keyinchalik yo‘qotilishi orqali soliqdan qochish ehtimoli katta)».

Hozirda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan «MAROQAND GOLD OIL EKSTRAKSIYA» MChJ tomonidan «OQ SAROY KLASTER» MChJdan elektron hisobvaraq-fakturasi rasmiylashtirilmasdan chigit mahsuloti olib ketilgani yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Tezkor qidiruv tadbirlari oshkora va nooshkora usullarda o‘tkazilgani sababli ayrim holatlar oshkor etilmasligi bildirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring