Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ommaviy qabullar xo‘jako‘rsinga...mi?

Ommaviy qabullar xo‘jako‘rsinga...mi?

Muddaoga o‘tishdan oldin mana bu atamalarga aniqlik kiritib olaylik: «Sayyor qabul – davlat organlari va davlat tashkilotlari rahbarlarining tasdiqlangan jadval asosida joylarga chiqqan holda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishi bilan bog‘liq tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar majmui» («Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonundan).

«Ommaviy qabul – davlat organi rahbarining yoki bu borada vakolat berilgan mansabdor shaxsining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bilan ommaviy uchrashuvlarida murojaatlarni qabul qilishga doir harakati» (Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy nizomdan).

To‘g‘risi, bu atamalar istilohda keyingi paytda aralash bo‘lib ketganday. Ammo maqolamiz bu haqda emas. Zero, aslida ham, nomi qanday bo‘lmasin, natijasi muhim. Qolaversa, hokim va mansabdor shaxslarning sayyor qabul rejasini risoladagidek bajarayotgan-bajarmayotgani to‘g‘risida qo‘limizda aniq ma’lumot ham yo‘q. Ammo, bilganimiz shuki, ommaviy uchrashuv ko‘rinishida o‘tkazilayotgan aholi bilan muloqotlar hamisha ham ko‘ngildagidek bo‘lmayapti! Ya’ni, nazarimizda, fuqarolar bilan ishlash madaniyati haminqadar bo‘lgan janob amaldorlarimiz bunaqa tadbirlarni allaqachon ko‘zbo‘yamachilikka aylantirib qo‘ydi. Shu bois, bizningcha, ularni yo bekor qilish, yoki qat’iy reglamentlashtirish kerakka o‘xshaydi.

To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas: qabullarni odamlar uchun mumkin qadar qulay qilib o‘tkazayotgan va har bir arzgo‘yni rasamadi bilan, alohida tartibda eshitishga hafsala topayotgan rahbarlar ham bor, lekin, bir necha yil avval katta umidda boshlangan «xalq bilan muloqotlar» rasmiyatchilik tusini olayotgani sayin o‘shanaqa «hafsalali» qabullarning kamyoblashayotganligi umumiy tasvirda tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan qabul lavhalarini kuzatib yurganlar bo‘lsa, fikrimizni tasdiqlasa kerak.

Xullas, kasbim taqazosiga ko‘ra turfa tashkilot va idoralar boshliqlarining omma bilan uchrashuvlarida ko‘p qatnashgan odam sifatida bugun shu xususdagi o‘z mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Avvalo, rahbarlarning ommaviy qabullarida meni nimalar qanoatlantirmayapti:

Birinchidan, ommaviy qabullarda rahbarga dardini anglatish imkoniyati o‘sha yerda hozir bo‘lgan hamma fuqaroga teng asosda berilmayapti. Ya’ni so‘zlagich dastak tegsa gapirasiz, bo‘lmasa yo‘q. Bu qurg‘urning kimga nasib qilishini esa aksar hollarda qabul o‘tkazuvchi mansabdor tayin qilgan xodimlar hal qiladi. Ularning avvaldan maxsus «yo‘riqnoma» olmaganiga, to‘g‘risi, men ishonmayman. Zero, chigalroq masala bilan qabullarga qatnayverib, boshliqlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolgan, ba’zan hatto amaldorlar orasida «yozuvchi» deb nom olib ulgurgan ayrim arzgo‘ylarni iloji boricha gapirtirmaslikka harakat qilishlarini biladigan bir men bo‘lmasam kerak. Xullas, ommaviy qabullarda tenglik yo‘qligi menga ma’qul emas.

Ikkinchi va, nazarimda, eng nozik masala – aholi bilan bu ko‘rinishdagi muloqotlarda fuqarolarga o‘z dardini jamoat orasida aytishdan o‘zga chora qoldirilmayotganligidir. Gaz, elektr yoki suv bilan bog‘liq «beozor» muammo bilan borgan bo‘lsangiz-ku, har qanday vaziyatda tortinmay, baralla so‘zlashingiz mumkin. Lekin shaxsiy hayotingizga daxldor, ovoza qilish nojoiz ishlar bo‘lsa-chi? Turgan joyingizdan hov a-a-ancha narida o‘tirgan rahbarga qanday yetkazasiz dardingizni?

Vaholanki, qabullarda arzgo‘ylarning asosiy qismini ayollar tashkil etmoqda. Tabiatan tortinchoq o‘zbek ayoli esa mahramroq gapini elga doston qilgandan ko‘ra singan qo‘lini yeng ichiga bekitishda davom etishni afzal ko‘radi. Shaxsan o‘z kuzatuvlarimda ham «bekor yurgan o‘g‘liga ish», «yarimjon eriga nafaqa» so‘rab, yoki hatto sobiq eridan bolalariga aliment undirish ilinjida sayyor qabulga kelib, ko‘pchilikning orasida ichidagini sirtiga chiqarolmay sarg‘ayib o‘tirgan qancha ayollarni uchratdim.

Qolaversa, ommaviy qabul o‘tkazishga doir qonunchilikda («Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun va boshqa hujjatlar) bu boradagi qoidalar mukammal bayon qilinmagan bo‘lsa-da, konfidensiallik tamoyili esga olingan, harqalay. Masalan, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqishning asosiy prinsiplaridan biri – fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilishdir (4-modda); shaxsiy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlar sir saqlanishi va egasining roziligisiz e’lon qilinmasligi kerak (19-modda); fuqaro o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi uchun ta’qib etilishi mumkin emas (20-modda).

Shuningdek, bu kabi me’yorlar Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda (Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqqan) ham o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, biz muhokama qilayotgan holatlarni yuzaga keltirib chiqarayotgan jihatlar e’tibordan chetda qolgan.

Qonunchiligimizda «ommaviy qabullarda muammosini aytishni xohlamaganlar alohida tartibda tinglansin» degan talab qo‘yilmagani esa, o‘z-o‘zidan, bu masala qabul o‘tkazuvchi mansabdorning saviyasi (hamda vijdoni)ga havola bo‘lib qolmoqda. Madaniyatli amaldor jamoatni to‘plagach, shikoyatchilarni navbat bilan uch-to‘rt mas’uldan iborat tor doirada tinglab, tashvishini o‘rganyapti. Qolganlar esa, yuqorida aytganimizdek, Prezident uchun «xo‘jako‘rsin»u xalq uchun «chalg‘itish» o‘yinini o‘ynash bilan ovora.

Shu o‘rinda kimdir mazkur masalaning juda muhim ekanligiga e’tiroz qilishi mumkinligini inobatga olgan holda uning advokatlik faoliyatiga doir qismidan misol keltirib o‘tmoqchiman. Zero, bizning kasbimizda «advokat siri» degan tushuncha mavjud. E’tibor qiling, bu tushuncha fuqaroning huquqiy yordam so‘rab murojaat etganligi faktidan tortib, murojaat mazmuni, maslahatlar, nasihatlar va tushuntirishlarning mohiyati, advokat bilan o‘rtada bo‘lib o‘tgan suhbatlar tafsilotlarigacha bo‘lgan barcha masalalarni qamrab oladi. Va advokat, uning yordamchisi, stajyori, umuman, advokatlik idorasi xodimi bu ma’lumotlarni sir saqlashi shart («Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasi).

Bu talab esa bejizga qo‘yilmagan. Advokatlardan huquqiy ko‘mak yoki maslahat so‘rab keladigan fuqarolar uchinchi shaxs yonida o‘zlarini erkin tuta olishmaydi, chunonchi, shaxsiy hayot va oilaviy munosabatlar singari, ovoza bo‘lishi kishining ijtimoiy mavqeiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni yashirishga, tabiiy ravishda, harakat qilishadi. Oqibatda advokat masalaning mohiyatini chuqur o‘rgana olmaydi va mijoziga yordam berishda qiynaladi. Shu bois ham huzurimizga kelgan har bir fuqaroni yakka qabul qilamiz.

Menga qolsa, «davlat amaldori – shikoyatchi fuqaro» munosabatlari ham «advokat – mijoz» munosabatlari kabi konfidensial tarzda yo‘lga qo‘yilishi lozim. Loaqal ommaviy qabullar o‘tkazilayotganda arzgo‘ylar orasida muammosi nozikroq kishilar ham borligi hisobga olinib tashkil qilinsa yaxshi bo‘lardi.

Shunga ko‘ra, balki, tegishli qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘ri bo‘lar. Yanayam hamkasblar va mutaxassislar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishadi deb umid qilaman.

***

Ushbu maqolani yozishimga, to‘g‘risi, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning sayyor qabuli haqidagi mulohazalarimning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi sabab bo‘ldi. Chunki buni ayrimlar viloyatimiz hokimiga tilyog‘lamalik deb ham tushunibdi. Aslida esa men yuqoridagi muammoni o‘ylab yurgan bir paytimda, o‘tgan yilning 24 noyabrida viloyat hokimining Paxtachi tumanidagi sayyor qabulida mijozim bilan birgalikda ishtirok etib, ilk bor bunday qabuldan ko‘nglim to‘lgan edi. Shundan keyin yuqoridagi muammoni ham unutganday bo‘ldim. Ammo yaqinda TV orqali boshqa bir viloyat hokimining sayyor qabuli haqidagi lavhani ko‘rib, yaram yangilandi va o‘sha qabulni o‘zim ishtirok etgan qabul bilan solishtirib, orada juda katta farq borligini yana bir bor his qildim va ana shu hissiyotlarimni o‘rtoqlashgim keldi, xolos.

Fursatdan foydalanib bu kechinmalarimni yana bir takrorlamoqchiman. Zero, Erkinjon Turdimov birgina Paxtachi tumanida oxirgi 8 oy ichida 3 marta sayyor qabul o‘tkazdi. U har safar fuqarolarni individual qabul qilib, shaxsan gaplashadi. Qabullar katta zal yoki bog‘da uyushtirilsa-da, fuqarolar tartib bilan, navbat asosida hokim qabuliga borib, ariza topshiradi va yuzma-yuz gaplashib, muammosini aytadi. Hokim yonida mikrofon yoki karnay bo‘ladi, lekin undan fuqaroning shikoyatiga qarab tegishli tashkilot rahbarini chaqirish uchun foydalanadi, xolos (Qabul payti viloyat va tumandagi barcha tashkilotlar rahbarlari o‘sha joyda hozir turishadi). Arzgo‘yning dardi doston qilinib, o‘zi sazoyi etilmaydi. Uning masalasidan ham bir necha mutasaddi shaxsgina xabardor bo‘ladi.

OAVda e’lon qilingan ma’lumotga qaraganda Erkinjon Turdimov tomonidan shu paytga qadar Samarqand viloyati shahar va tumanlarida 15 marta sayyor qabullar o‘tkazilib, bu qabullarda 4063 nafar fuqarodan 4 500 dan ziyod murojaat qabul qilingan. Jumladan, shunday sayyor qabullardan birida 500 dan ortiq kishini individual tartibda qabul qilib, arzini eshitibdi. Yoki avvalroq boshqa ishlari bilan Paxtachiga kelgan vaqtida ham tuman hokimligi kichik majlislar zalida navbat bilan 20-30 chog‘li fuqaroni mikrofonsiz, yakka tartibda qabul qilganligidan xabarim bor (Vaqti ziqligini ro‘kach qilib, qabullarni yumaloq-yostiq majlisga aylantiradigan mansabdorlar shuncha aholi bilan shaxsan muloqot qilish mumkinligini tasavvur qila olisharmikan?).

Shu o‘rinda aytish kerakki, bu raqamlar shunchaki son ketma-ketligi emas. Yoki Samarqand viloyatida shikoyat ko‘pligidan ham deb o‘ylamayman. Aksincha, hokim qabuliga intilayotganlarning kamayish o‘rniga ko‘payayotgani sababi fuqarolarning unga bo‘lgan ishonchi, shikoyatining albatta ijobiy hal etilishiga aminligi tufaylidir. Chunki viloyatimizda qabul paytida mas’ullarga hokim tomonidan berilgan topshiriqlar natijasi alohida xodimlar orqali surishtirib boriladi. Bunga o‘zim guvoh bo‘ldim, men bilan birga qabulga kirgan arizachiga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishib, biriktirilgan xodimlar tomonidan nima yordam qilinganini so‘rab turishdi. Hatto muammo hal etilganidan keyin ham: «Bizga muammoingiz hal bo‘lgani haqida hisobot berishdi, rostmi, undan qoniqdingizmi?» deb tasdiqlatib olishdi. Ishonavering, bu ertak emas! Rahbar deganida avvalo mas’uliyat bo‘lsa bunday natijalarga erishish mumkinligining aniq isboti bu!

Kezi kelganda yana bir gap. Erkin Turdimov o‘z intervyularidan birida «Tushunmaydigan odam yo‘q, tushuntirolmaydigan rahbarlar bor» debdi. Menimcha, bu ham hokimning ish tamoyilini aks ettiruvchi shior! Zero, shikoyatchilarning hamma talabini yoki hamma shikoyatchining talabini to‘liq qondirib bo‘lmasligi aniq, ammo buni ularga to‘g‘ri tushuntirib, imkon darajasidagi yordam ko‘rsatilishiga ularni ishontira bilish va shunday yordamni ko‘rsatish eng muhimidir!

Viloyat hokimi «sektor rahbarlari fuqarolar bilan ko‘ngildagidek ishlaganida edi, maishiy tusdagi aksar lokal muammolar joyidayoq hal bo‘lib, odamlarning yuqori rahbarlar qabuliga kelib ovora bo‘lishiga hojat qolmasdi», deydi yana intervyusida. Rostdan ham, mahalliy rahbarlar o‘z hududida aholi bilan ishni yaxshi tashkil qilsa, yechimi viloyat hokimi yoki respublika markaziy idoralari aralashuvini talab qiladigan jiddiy muammolari bor aholi bilan muloqotlarga ko‘proq vaqt va kuch sarflangan bo‘lur edi. Va bu, shubhasiz, qabullar samaradorligini ham oshirgan bo‘lardi.

...Nazarimda, Prezident rahbarlarni xalq bilan ishlashga da’vat qilganida aynan mana shunday muloqotni xohlagan edi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning aholi bilan muntazam muloqotlari xalq bilan davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro yaqinlashuvni, hamohanglikni ta’minlashi kerak edi. Ammo aksariyat holatda qabullarning soxtakorlikka aylanayotgani jamiyat uchun xavotirlidir. Zero, bu an’ana, alaloqibat, yana amaldorlarning real voqelikdan uzoqlashishiga olib kelib, boshlangan yaxshi islohotlarni barbod qilishi mumkin.

Shu mulohazalarimiz ham Erkin Turdimov kabi ma’lum natijalarga erisha olgan rahbarlarning bu boradagi tajribalarini tahliliy o‘rganib, ularning ijobiy tomonlaridan kelib chiqqan holda ommaviy qabullarni o‘tkazishning tasdiqlangan tartibini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish foydadan xoli bo‘lmasligini yana bir bor tasdiqlayotganday, nazarimizda.

Nasim Xidirov,
advokat
Manba: advokatnews.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring