Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Bosaveringlar, da’vo qilish yo‘q!»

Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Bosaveringlar, da’vo qilish yo‘q!»

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Ajablanyapsiz-a: fuqarolar nimagadir da’vo qilsa, sudga keladi. Sudning o‘zi (yana deng Oliy sud raisining o‘rinbosari timsolida!) nimaga da’vo qilishi mumkinki, undan voz kechayotganini baralla aytsa?!

Izoh beramiz: yaqinda Oliy sud beshta ommabop va hammabop qo‘llanma nashr etdi. Qo‘llanmalarki, fuqarolik-huquqiy munosabatlar jarayonida kelib chiqayotgan eng ko‘p nizolarga oid bo‘lib, bu boradagi huquqiy tartiblar «chaynab og‘izga solib qo‘yilgan». Qo‘llanmalar bilan tanishgan odam meros, mehnat va oilaviy nizolar, yerga bo‘lgan huquqning yuzaga kelishi (yoki bekor bo‘lishi), shuningdek, sudga murojaat qilish tartibi bo‘yicha yaxshigina tasavvurga ega bo‘ladi. Qunt  bilan o‘qigan-ku, hatto advokatga ehtiyoj sezmasligi mumkin. Ayni xayrli ish boshida turgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov mazkur huquqiy qo‘llanmalar taqdimotida OAV xodimlarini ularni iloji boricha ko‘proq targ‘ib etishga chaqirib, (qo‘llanmadan o‘z nashringizda) quloch-quloch ko‘chirib bossanglar ham mayli, illo, mualliflik huquqi masalasida da’vo qilmaymiz, deganining boisi shu.

Albatta, bu gapda hazil ohangi ustuvorroq, biroq gapning po‘stkallasiyam shu, aslida: huquqiy savodxonlik — faqat qonunlarni bilishdan iborat emas. Balki ularga amal qilish,  boshqalarning huquq va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ham huquqiy madaniyatning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Qolaversa, aholi huquqiy madaniyatini oshirish sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi sudga murojaatlari doimiy ortib borayotgani ma’lum. Bu jarayonda esa ommabop huquqiy qo‘llanmalarga ehtiyoj ortishi tabiiy.

Qo‘llanmalar ayni ehtiyojdan kelib chiqib, keyingi bir yarim yil davomida fuqarolik sudlarida ko‘rilgan ishlar va kelib tushgan murojaatlar tahlili natijasida tayyorlangan.

Qo‘llanmalar bilan tanishamiz.

1. «Sudga murojaat qilish va sud hujjatlari ustidan shikoyat berish tartibi».

RAQAM. 2019 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan bevosita Oliy sudning o‘ziga 57.766 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 35.122 tasi sud qarorlariga nisbatan nazorat tartibida (15.240 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 13.531 tasi fuqarolik ishlari bo‘yicha, 4.139 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha, 2.212 tasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha ) keltirilgan shikoyatlarni tashkil etadi, 22.644 tasi umumiy mazmundagi arizalardan iborat. Elektron qabulxonalar orqali kelib tushgan 58.129 ta murojaatning 52.231 tasiga yoki 89,8 foizi bo‘yicha turli mazmundagi huquqiy tushuntirishlar berilgan. E’tiborlisi, nazorat tartibida kelib tushayotgan shikoyatlar keyingi yillarda keskin ko‘paygan (2016 yilda — 23.373 ta, 2018 yilda — 29.318 ta, 2019 yilda — 35.122 ta).

KO‘RINADIKI,  murojaatlarning salmoqli qismiga «huquqiy tushuntirish»lar berilayotir. «Huquqiy tushuntirish» nima o‘zi?  Sodda tushuntirishga harakat qilsak, bu — sudga shikoyat yo‘llabsiz, yaxshi, ammo buning o‘z tartib-qoidasi bor, unga rioya etish shart, aks holda, vaqtingiz zoye ketadi, deganidir. Huquqiy tushuntirishlar berishga majbur bo‘linayotgan murojaatlarning ko‘rpligi esa aksariyat yurtdoshlarimiz sudga da’vo kiritiish tartibi, hujjatlarni rasmiylashtirishga oid qonun talablarini, shuningdek sud jarayonlarida va sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish qoidalarini yaxshi bilmasligini anglatadi. Tartibni bilmaslik hech qanday imtiyoz bermasligi inobatga olinsa, bu ortiqcha ovoragarchilikdan boshqa emas.

ShUNGA KO‘RA, barcha sudlarga murojaat qilish hamda sud xujjatlari ustidan shikoyat berish tartibi batafsil tushuntirilgan «Sudga murojaat qilish va sud hujjatlari ustidan shikoyat berish tartibi» nomli qo‘llanma tayyorlandi. Shuningdek, qo‘llanmada, sud buyrug‘i va da’vo tartibida ish yuritish, sud hujjatlari ustidan ariza, shikoyat berish va va muddatlari borasida tushuntirishlar berilgan.

Bundan tashqari, qo‘llanmada sud harajatlari, ularning miqdori haqida tushunchalar  sodda uslubda  tushunarli bayon qilinadi.

Kerakli qo‘llanma ekanmi? Balli.

2. «Oila — muqaddas dargoh»

RAQAM.  2019 yilda avvalgi yilga nisbatan nikohni bekor qilishga oid ishlar 1394 taga kamaydi. Bu yaxshi, albatta. Biroq umumiy manzara baribir xavotirli. O‘tgan yili sudlar tomonidan jami 35 045 ta nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo arizalar ko‘rib chiqilib, shundan 22.187 tasi (59,8 foiz) qanoatlantirilgan, 12 119 tasi rad qilingan va 1 538 tasi er-xotin yarashganligi munosabati bilan ishlar tugatilgan.

HOLAT. Nikoh bekor qilinishi bilan sobiqqa aylangan er-xotin o‘rtasidagi nizolar tamoman barham topsa, qani?! Farzandlar ta’minoti, mulk taqsimoti, uy-joy mojarolari... bular ozmuncha muammo keltirib chiqaradimi?! Tahlillar ko‘rsatyaptiki,  oila buzilishiga sabab bo‘layotgan omillar ko‘pincha maishiy muammolarga borib taqaladi. Shuningdek, tomonlar o‘z haqqini talab qilib, majburiyatiga kelganda panja orasidan qarashi esa dard ustiga chipqon bo‘layotgani ham bor gap. Nikohni shartta bekor qilvorishdan osoni yo‘q. Biroq bu bilan nima o‘zgaradi? Aksincha, muammo ustiga muammo tug‘ilmaydimi?

OLIY SUD tashabbusi asosida «Dilshoh media» kinostudiyasi tomonidan «Farzand – omonat» va «Ota» nomli qisqa metrajli filmlar olinganidan xabaringiz bor. Oila buzilishining ayanchli oqibatlari aks etgan mazkur filmlar joylarda o‘tkazilgan ommaviy qabullar, ochiq muloqotlarda namoyish etildi. Natijada, 610 nafar farzandi bo‘lgan 511 ta oilalar yarashtirildi, mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan (ota-onasi bor!)  400 dan ziyod bolalar oilasiga qaytarildi.

 «Oila muqaddas dargoh» risolasi bu boradagi ishlarning izchil davomi o‘laroq yuzaga keldi. Oila qonunchiligi normalari va milliy qadriyatlarni mujassam etgan  ushbu qo‘llanmada nikoh tushunchasi, nikohni qayd etish, nikoh shartnomasi, bolalarning mulkiy huquqlari, ota-onaning  farzandlari olidagi huquq va majburiyatlari haqida huquqiy tushuntirishlar beriladi. Shuningdek, boladan alohida yashayotgan ota-onalardan tashqari bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar  huquqlari,  voyaga yetmagan bolalarning ta’minot olish huquqi, miqdori, er-xotinning mulk huquqi, nikoh shartnomasi namunasi hamda oila haqidagi hikmatlar joy olgan.

O‘qing, manfaat topsangiz, biz xursand!

3. «Vorislik huquqi qonun himoyasida»

HAQIQAT. Meros mulki bilan bog‘liq nizolarda tomonlarning begonasi bo‘lmaydi. Bunday nizolar asosan yaqin qarindoshlar (aka-uka, opa-singillar) o‘rtasida yuzaga keladi. Sud ming qonuniy qaror chiqarmasin, ular o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalariga putur yetishi aniq. Zero,  qaroridan har ikki tomondan birday xursand bo‘lmaydi. Aks holda,  sudgacha masalani o‘zaro hal qilishgan bo‘lmasmidi?!

RAQAM. Meros bilan bog‘liq nizolar 2019 yilda avvalgi yilga nisbatan 224 taga kamaygan.  O‘tgan yili sudlar tomonidan shu mazmundagi jami 1428 ta da’vo arizalar ko‘rib chiqilib, shundan 860 (60,2 foiz) qanoatlantirilgan, 243 tasi rad qilingan va 137 tasi taraflar yarashganligi va boshqa sabablarga ko‘ra tugatilgan.

MEROS nizolari kelib chiqishi sabablari ma’lum: asosan vorislarning amaldagi qonun normalarini bilmaydi, birining huquqini ikkinchisi tan olmaydi... Mulk sohibi vasiyatnoma qoldirilmagani ham ko‘plab nizo kelib chiqishi sabab bo‘layotgani ham bor gap.

«Vorislik huquqi qonun himoyasida» qo‘llanmada vorislik huquqi bilan bog‘liq umumiy hamda hayotda ko‘p uchraydigan 50 ta savolga javob berilgan. Shuningdek, unda merosni qabul qilish bilan bog‘liq ariza, vasiyatnoma namunalari hamda (qonun va vasiyatnoma bo‘yicha) merosni rasmiylashtirishga doir notarial hujjatlar, shuningdek meros mulki bilan bog‘liq nizo kelib chiqishining oldini olish yuzasidan 7 tavsiya o‘rin olgan.

4. «Mehnat huquqi qonun himoyasida»

RAQAM. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2019 yilda jami 188 282 ta ko‘rilgan ishlarning 4 233 tasini mehnat nizolariga oid. Shundan 1 964 tasi ishga tiklash, 1 279 tasi ish haqini undirish, 196 tasi xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash va 700 tasi boshqa mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.

Yil mobaynida 775 nafar xodimning sud qarori asosida ishga tiklanganligi, 873 nafariga ish haqi undirib berilgani hanuz ish beruvchilar tomonidan xodimning mehnat huquqlari buzilayotganligini va bunga asosan ish beruvchi hamda xodimlarning amaldagi mehnat qonunchiligi talablaridan yaxshi xabardor emasligini ko‘rsatadi.

Mehnat qonunchiligi talablarining buzilishi holatlarining oldini olish, fuqarolarning bu boradagi huquqlarini samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida ish beruvchi (korxona, tashkilot va muassasa) va xodim (fuqaro) lar uchun «Mehnat huquqi qonun himoyasida» nomli qo‘llanma tayyorlandi.

Qo‘llanmadan mehnat huquqi, xodim va ish beruvchi munosabatlarining huquqiy tartibi, ishga qabul qilish, ishdan bo‘shatish, nizolar bo‘yicha murojaat qilish tartibi va muddatlari, mehnat huquqini rasmiylashtirish bilan bog‘liq hujjatlar namunasi joy olgan.

5. «Yerga nisbatan huquqning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi tartibi»

HOLAT. Bugun yerga oid nizolar mamlakatning qaysi minataqasi yo‘q?!  Biror kun yo‘qki, ijtimoiy tarmoqlarda «snos», «buz-buz»larga oid muammo ko‘tarilmasa?!

RAQAM. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini davlat egaligiga (yoki fermer xo‘jaligiga) qaytarish, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun  (yer maydonlarini) olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizolar 2019 yildagiga nisbatan keskin oshgan. 2020 yilning 5 oyida shu mazmundagi 10.638 ta  ish ko‘rilgan bo‘lsa, shundan 8.697 ta da’vo qanoatlantirilib, 1130 gektardan ziyod yer maydonlarini davlat egaligiga qaytarish haqida sud qarorlari chiqarilgan. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerlarni olish haqida 4872 ta ish ko‘rilib, shundan 2742 ta da’vo qanoatlantirilgan.

Nizolarning kelib chiqishiga nainki fuqarolar, hatto mutasaddi idora vakillarining amaldagi qonun va me’yoriy hujjatlar talabi va tartibini bilmasligi yoki qo‘pol ravishda buzishi ham sabab bo‘layotir.

Tahlillardan kelib chiqib, ushbu masala Oliy sud Rayosati muhokamasiga olib chiqish ko‘rib chiqlmoqda. Shuningdek, mavjud kamchiliklarning oldini olish, bu borada fuqarolar hamda mutasaddi idoralar vakillarining huquqiy bilimini oshirish maqsadida «Yerga nisbatan huquqning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi tartibi» nomli qo‘llanma tayyorlandi. Unda yerga nisbatan huquqning vujudga kelishi asoslari, shuningdek, mazkur huquqning bekor bo‘lishi asoslari va tartibi, o‘zboshimchalik bilan yerni egallash oqibatlari yoritilgan.

***

HUQUQIY qo‘llanma deganda, odatda ma’lum bir soha xodimlari, masalan sudyalar, prokuratura yoki tergov xodimlari uchun ish faoliyatida foydalashadigan to‘plam tushuniladi. Chunki, ommabop huquqiy qo‘llanmalar kam, juda kam... Yuqoridagi beshta qo‘llanma muayyan soha xodimlari uchun emas, aynan omma manfaatidan kelib chiqib tayyorlangani bilan ahamiyatli. Ommabop va hammabop ushbu qo‘llanmalar adadi katta emas, to‘g‘ri. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Biroq muammoning oson yechimi bor: qo‘llanmalarning elektron varianti bilan Oliy sudning www.sud.uz sayti orqali bemalol tanishishi, hatto ko‘chirib olish ham mumkin. Zero, Oliy sud rahbariyati (hazil aralash) va’dani quyuq qildi: mualliflik huquqiga da’vo qilinmaydi.

Nimaga da’vo qilsin? Qo‘llanmalar siz-u biz uchun chiqarilgan, sirasi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring