Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud «Bloger ishi» bo‘yicha bayonot berdi

Oliy sud «Bloger ishi» bo‘yicha bayonot berdi

Oliy sud asakalik bloger Abdufatto (Otabek) Nuritdinovning ishi bo‘yicha bayonot berdi.

Oliy mahkama matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning "Xabar.uz"ga ma’lum qilishicha, 2019-yil 30-dekabr kuni Andijon viloyat ma’muriy sudining ochiq sud majlisida Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan fuqaro Abdufatto Nuritdinov(bloger Otabek Nuritdinov)ga oid Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi bilan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Ma’muriy ish tafsilotlarini bayon qilishga ehtiyoj yo‘q. Zero, O.Nuritdinov qanday va qay holatda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani va unga nisbatan tayinlangan jazo haqida keng jamoatchilik yetarlicha tasavvurga ega. Shu bois sud tomonidan jabrlanuvchilarga ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish (ma’naviy zararni qoplash) masalasi fuqarolik sud ishini yuritish tartibida hal etilishi tushuntirilganini qayd etish barobarida bir narsani alohida ta’kid etamiz.

Andijon viloyati ma’muriy sudining qarori oxirgi nuqta emas. Qarordan norozi taraflar ikki oy ichida, huquqbuzar qaror nusxasini olgan kundan boshlab ikki oy ichida Andijon viloyat ma’muriy sudining kassatsiya instansiyasiga shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqli.

Mazkur bayonot axborot xarakterida bo‘lib, tomonlarning shikoyati asosida ma’muriy ish tegishli tartibda yuqori bosqich sudida ko‘rib chiqilishi mumkinligi yana bir karra eslatib qo‘yilmoqda, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring