Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

OAV masalasida G‘aniyevning omadi chopmadi, chopmadi-da...

OAV masalasida G‘aniyevning omadi chopmadi, chopmadi-da...

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Farg‘ona viloyatining ma’lum va mashhur hokimi Shuhrat G‘aniyev jamoatchilik tasavvurida qanday inson sifatida gavdalanib qolganiga ortiqcha izoh shart emas. Yo‘qsa, «og‘zi polvonligi» bilan ko‘p va xo‘p e’tiborga tushgan hokim imidjini ko‘tarish uchun uning matbuot xizmati ozmuncha «riyozat» chekayotgani yo‘q.

O‘tgan yili poytaxtdan bir guruh tajribali jurnalistlar taklif qilingandi Farg‘onaga. Uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘takazildi, ularda yaxshi-yaxshi gaplar aytildi. Shunga qaramay, ayni safar «to‘n kiydirdi» (hokim poytaxtdan kelgan ustoz jurnalistlarning yelkasiga to‘p yopib, alohida hurmat ko‘rsatgandi) marosimi bilan yodda qoldi, xolos.  Shundan keyin ham Shuhrat Madaminovich necha marta mojarolar markazida qolib, ijtimoiy tarmoq yulduziga aylanmadi, deysiz...

Hokim buvaning kallasini mo‘ljallab otilgan toshlar sallani chuvalatishgagina yarab, sinovlardan mag‘rur va muzaffar chiqayotganiga qaramay, uning har qadami ommaviy axborot vositalari xodimlarining e’tiborida, deng. E’tibordan chetda qolayotgan holatlarni viloyat hokimligi matbuot xizmati «baholi kudurat» yodga solib turibdi.

Uzoqqa bormaylik. Bir necha kun burun qator saytlarda Shuhrat G‘aniyevning tomorqadan mo‘l hosil olish sirlari, bu borada shaxsiy tajribasiga oid xabarlar yoyildi. Biroq shundayam bir ishkal chiqasami?!

Xabarlarga ilova qilingan hokimning tomorqada ketmon chopib turgan surati ozmuncha muhokama bo‘lgani yo‘q. Avvaliga jamoatchilik ketmon tutgan hokim ohorli oq ko‘ylak va qora shimda ekaniga e’tibor qaratdi. So‘ng uning atrofida daftar-ruchka tutib turgan «a’yonlari» diqqatni jalb etdi. Ko‘p o‘tmay ayni «a’yonlar» suratdan «yo‘qolib» qoldi va surat montaj qilingani ma’lum bo‘lib, buning uchun davlatga qarashli axborot agentligi mas’uli jamoatchilikdan rasman uzr so‘radi hatto.

Kuni kecha esa Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat rahbari Buvayda tumanida bo‘lib, fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan maydonlarida mehnat qilayotgan kam ta’minlangan oila vakillari va bitiruvchi yoshlar bilan suhbatlashgani haqida xabar berdi. Tashrif baland pardalarda ta’rif-tavsif etilgan xabarda Shuhrat Madaminovich Inomovlar oila a’zolari bilan muloqot chog‘ida Xojiakbarning (Inomovlar oilasining kenjasi) dadil-dangal javoblaridan zavqlanib, uni shartta bag‘riga bosganiga alohida urg‘u beriladi. 

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Nima deysizki, shundan ham bitta muammo tayyor-da?! Hokimning ushbu xatti-harakati karantin qoidalariga zid ekanini ta’kidlagan taniqli sayt O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekovning nafaqat karantin zonadan kelganlar, balki boshqa insonlar bilan ham qo‘l berib, quchoqlashib, bosh urishtirib va o‘pishib ko‘rishish mumkin emasligini haqidagi gaplarini eslatadi. 

Qo‘shimchasiga koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari ortib borayotgan paytda SSV karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, ya’ni qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishishdan tiyilish, jamoat joylarida to‘planmaslik, ayniqsa, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va boshqa shu kabi qoidalarga qat’iy amal qilish lozimligini ham yodga soladi.

Xullas, viloyat hokimining tomorqa-yu dalalarda yurgani «Oq kuylak, qora shimda – uchrashuv bor peshinda» qo‘shig‘ini yodga solsa, uning ayrim xatti-harakatlari Bobur Mirzoning «har ishniki qildim – xatolig‘ bo‘ldi» satrini eslatgani-eslatgan...

Shuhrat Madaminovichning ommaviy axborot vositalari masalasida hech omadi chopmadi, chopmadi-da. Hatto kim-kim Muhammadjon Obidovday jurnalistni o‘ziga matbuot kotibi qilib tayinlagan bo‘lsa ham...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring