Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Notiqlik san’ati akademiyasi g‘oliblarni taqdirladi

Notiqlik san’ati akademiyasi g‘oliblarni taqdirladi

Foto: «Xabar.uz»

Nimaiki narsa ehtiyoj sifatida qo‘yilmas ekan, u o‘tkinchi va ko‘chkinchidir. Shuning uchun ham Daniyel Defo o‘z qahramoni Robinzon Kruzo tilidan «Ehtiyoj kishini buyuk kashfiyotchiga aylantiradi», — degan hikmatni keltiradi. Demak, har qanday qonun va qarorlar ham ijtimoiy ehtiyoj va zaruriy hodisa sifatida yuzaga keladi.

Davlat tilimizga e’tibor onqadar yuqori emasligi, uni amalda qo‘llanilishi borasidagi oqsashlar, muloqot va muomala jarayonidagi ayrim noxush holatlar, noqisliklar sezilayotgani ham rost.

Joriy yilning 4 oktyabrida Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganinining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori va bu muhim sana munosabati bilan ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirish belgilangan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan edi.

Aytish joizki, tilimizga davlat maqomi berilgan o‘tgan 30 yillik davr mobaynida til bayrami ilk bora shu qadar yuksak darajada, katta ehtirom va obro‘ bilan o‘tkazilmoqda. Toki, davlat tili – siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita bo‘lib, davlatning chinakam ramzi sanaladi.

Sayyoramizda aholi 7111 ta tilda muloqot olib borar ekan, ular orasida qo‘shni davlatlar bilan qo‘shib hisoblaganimizda 40 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashishi qalbimizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Ona tilimizda so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekanligi, aniqrog‘i, og‘zaki va yozma nutq madaniyati to‘la shakllangan tillar orasida ekani ham bizni cheksiz quvontiradi.

Oxirgi yillarda o‘zbek tili tobora ko‘proq mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘rganilmoqda. Bugun jon tilimiz faqat O‘zbekistonning davlat tili bo‘libgina qolmay, qo‘shni Afg‘onistonning ham rasmiy tillaridan biri hisoblanadi. Uning shimolidagi sakkizta viloyat aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni Qirg‘izistonning 15 foiz, Tojikistonning 13 foiz, Turkmanistonning 6 foiz, Qozog‘istonning 4 foiz aholisi o‘zbek tilida gaplashadi. Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya, AQSh, Xitoy, Eron, Shvetsiya, Latviya, Ukraina va Mo‘g‘uliston singari mamlakatlarda ham o‘n minglab millatdoshlarimiz istiqomat qiladi.

Shu bilan birga globallashuv sharoitida milliy tillarga tashqi bosimlarning ortib borayotgani ham haqiqatdir. Har ikki haftada Yer yuzida bitta til umuman yo‘qolib ketayotgani ham barchamizni tashvishga solmay qo‘ymaydi.    

Shu munosabat bilan 19-oktyabrda Respublika Mahalla kengashida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasi va «Notiqlik san’ati akademiyasi» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda uzoq yillardan buyon yoshlarni ona tilimizga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash, o‘zbek tilini xalqaro maydonda targ‘ib qilish ishiga, uning taraqqiyotiga ulkan qo‘shayotgan va jonbozlik ko‘rsatayotgan, yuksak notiqlik mahorati bilan davlatimizning barcha sohalardagi siyosatini xalqimiz orasida keng va faol tarzda yetkazib berayotgan bir guruh jamoat arboblari, taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, tele va radio jurnalistlarni jamoatchilik tomonidan keng tarzda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, shu vaqtda qadar taqdirlash va mukofotlash marosimlarida nodavlat-notijorat tashkilotlari alohida tashabbus bilan chiqmas va faolligi kuzatilmas edi. Endilikda ularda ham islohotlar jarayonlariga, jamiyatdagi eng og‘riqli va o‘tkir masalalar bo‘yicha tashabbuskorlik ruhi qaror topganini tasdiqlaydi. «NOTIQLIK SAN’ATI AKADEMIYaSI» ta’lim muassasasi ana shu xayrli, ma’rifiy harakatga bosh qo‘shgani, ona tilimiz, nutqiy mahorat bo‘yicha e’tiborga molik bo‘lgan fidoyi va faol vatandoshlarimizni nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirishga jazm etgani olqishlanarlidir.

Tadbirda Akmal Saidov, Rasul Kusherbayev, Sherzod Qudratxo‘jayev, Qodir Mahsumov (marhum), Nuriddin Haliknazarov, Boboqul Toshev, Saodat Boymirzayeva, Feruza Muhiddinova, Avaz Oxun, Najot Nur, Jahongir Sarimsoqov, Xushnudbek Xudoyberdiyev, Nuriddin Normatov, Xosiyat Rustamova kabi davlat va jamoat arboblari, deputatlar, huquqshunos, jurnalistlar, so‘z ustalari, notiqlar, internet blogerlar, diniy soha mutasaddilari yil davomida o‘zbek tilini targ‘ib etish va ona tilida qator ta’sirlik chiqishlari bo‘yicha turli nominatsiyalarga loyiq ko‘rildi.

Foto: «Xabar.uz»

Notiqlik san’atining rivojlanishi ta’lim tizimida, ijtimoiy-siyosiy jarayonda, boshqaruv mexanizmi va rahbarlik faoliyatida ayrim muammolarning yechimiga zamin hozirlaydi. Shunday ekan, tilga, nutqqa e’tibor qilish zaruriyati doimiy ravishda kun tartibiga chiqishi aniq. Muloqot va muomala jarayoni tilni bilishgina emas, tilda nafas olish, tilda yashash zaruriyatini ifoda etadi. Chunki, so‘z ma’nosi, gap mazmunini bilmasdan qilingan harakatlar turli anglashilmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

Foto: «Xabar.uz»

«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi rahbari Rahimboy Jumaniyozovning fidoyiligi va faolligi, tilimiz rutbasi haqida kuyunishi millatning ruhi bo‘lgan davlat tiliga bo‘lgan mehru muhabbat bilan bog‘liq. Uning aytishicha, o‘zi rahbarlik qilayotgan notiqlikni o‘rgatishga qaratilgan ta’lim muassasasi har yili targ‘ibot va tashviqot yo‘sinida nutqiy mahoratdan foydalanib xalq manfaati va ehtiyojlariga xizmat qilishda jonbozlik ko‘rsatgan voizlarni rag‘batlantirib borishni reja qilganini e’tirof etdi.

Jumladan, u o‘z nutqida notiqlik san’ati akademiyasining keyingi rejalari xususida to‘xtalib, shularni ta’kidlab o‘tdi:

— Davlat tiliga munosabat tarzida va uning ijtimoiy nufuzini oshirishga qaratilgan qarorning Prezidentimiz tomonidan qabul qilinishi katta ahamiyatga molik bo‘ldi. «Jo‘shqin Gujarat – 2019-yil» va Turkiy tilli davlatlar Kengashi sammitlaridagi ko‘p ming  sonli xorijiy, jumladan hind biznes doiralari ishtirokidagi chiqishlarida ravon va sodda, tushunarli tarzda, asosiysi o‘zbek tilida nutq qilishlari xalqimizni to‘lqinlantirib yubordi. Gap shundaki, bu orqali saylovchilarning e’tiborini yanada ko‘proq tortish mumkin bo‘ladi. Zeroki, ravon tilli nutq saylovchilarning qalbiga eng yaqin yo‘l deganidir.

Shuning uchun ham ta’lim muassasamizda  «Prezident nutqlarini o‘rganish va targ‘ib qilish markazi»ni tashkil etishni rejaga kiritmoqdamiz. Toki, muhtaram Prezidentimizning nutqlarida ilgari surilgan g‘oya va mulohazalarni keng jamoatchilik ommasiga sodda, ravon va ochiq-oydin yetkazish maqsadga muvofiqdir. To‘g‘ri, davlatimiz rahbarining har bir ma’ruza va nutqlari, tabriklari, murojaatnomalari, intervyulari, selektor yig‘ilishlari, aholi bilan uchrashuvlarini kuzatib, tadqiq qilib boradigan  spichrayter xizmati ma’qul, ammo u xalqning o‘zgarayotgan tafakkuri va hayot tarzining tildagi ifodasini tadqiq qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqishiga imkoniyati yetmasligi ham ayon haqiqat. shu asnoda xorijiy yetakchilarning chiqishlari ham atroflicha o‘rganib boriladi. Shu ma’noda o‘rganishlar asnosida tug‘ilgan muhim fikr va mulohazalar, ifodali xulosalar Prezident Administratsiyasi rahbariga doimiy ravishda taqdim etib boriladi.

Shuni unutmaslik kerakki, til masalasi mavsumiy mavzu emas. Biz unga har damda, har qadamda ehtiyoj sezamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring