Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB: Norasmiy ma’lumotning rasmiy inkori

MIB: Norasmiy ma’lumotning rasmiy inkori

Kollaj: «Xabar.uz»

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi haqidagi maqola bahs-munozaraga sabab bo‘lishi avvaldan ayon edi. Birinchidan, unda bildirilgan fikrlarga kimdir qo‘shilishi mumkin, kimdir yo‘q — bu mutlaqo tabiiy holat. Ikkinchidan, maqola yozilishiga sabab bo‘lgan manba oshkor etilmagani (bunga qonuniy asosimiz bor) birinchi navbatda tizim mutasaddilarida qandaydir ishtiboh paydo qilishi ehtimoli juda yuqori edi. Uchinchidan, Majburiy ijro byurosi tashkil etilibdiki, ushbu tuzilma faoliyatining ayrim nuqtalari bahs-munozara markaziga aylanib kelayotir...

Kutilganidek, «MIB o‘zining "majburiy" maqomidan ayrilishi mumkin» maqolasi saytga joylashtirilganidan sanoqli soatlar o‘tib, Bosh prokuratura Matbuot markazidan «mujda» keldi: ma’lumotlarni qayerdan olgansizlar? E’lon qilgan narsangiz tarmoqlarda tarqab ketdi?! Shahar bedarvoza emas?! Va hokazo...

Yaxshigina pisanda ohangidagi «mujda»ni hazm qilib ulgurmasimizdan «Bosh prokuratura MIB qayta tashkil etilishi haqidagi xabarlarni inkor etgani» yetakchi saytlardan birida paydo bo‘ldi. Allamahalga borib, yana bir saytda muhtarama Surayyo Rahmonova nomidan «Bosh prokuratura matbuot xizmatining rasmiy axboroti» ham e’lon qilindi. Va bu yog‘i ke-yetdi: vaziyat shu darajaga bordiki, yosh, serg‘ayrat, tajribasizligini tez-tez namoyon etib turadigan hamkasbimizga tegishliligi aytiladigan saytda quyidagi xabar chiqdi: «Bosh prokuratura xabar.uz nashrini mish-mish tarqatishda aybladi!»

Ommaviy axbrot vositalarida tarqalayotgan muayyan xabar-maqolalarga tezkorlik bilan munosabat bildirishda Bosh prokuratura matbuot xizmati ko‘pgina davlat organlari «matbuot xizmati»ga namuna bo‘layotgani bor gap. Bu haqli e’tirofga loyiq, albatta. Biroq norasmiy ma’lumot bilan rasmiy ma’lumot farqini ajratib, shunga monand munosabat bildirilsa, ortiqcha tushunmovchilikka o‘rin qolmaydi. Shu ma’noda saytimiz mish-mish tarqatgani yo‘q, balki manbamiz (ta’kidlaymiz: u aslo prokuraturada emas, «prokuraturadagi o‘z manbasiga tayanib» degan gapning o‘zi yo‘q xabarda!) Majburiy ijro byurosi faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emasligini bildirdi va bu ommaga e’lon qilindi. Bu xabar rasman tasdiqlanishi mumkin yoki yo‘q. Tamom.

Har kuni dunyo bo‘yicha ozmuncha xabar tarqaydimi? Ularning qanchasi rasman tasdiqlanadi, qanchasi esa yo‘q... Illo ularni tarqatgan nashr mutasaddilari oyog‘ini yerga tekkizmay «tiqib» qo‘yilmaydi yoki boshqa turdagi javobgarlikka tortilmaydi. Bu hol allaqachon ijtimoiy hayotning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Qolaversa, bugun rasman inkor etilgan xabar erta-bir kun rasman tasdig‘ini topgan holatlar ham kam emas (sobiq Bosh prokuror va uning sobiq o‘rinbosarlari hibsga olinishiga oid shov-shuvlarni eslang!). Yoki rasmiy idoralarning raddiyalaridagi ma’lumotlar bir necha kun o‘tmasidan tasdig‘ini topmagani, aslida esa dastlabki manbalarning xabarlari rost bo‘lib chiqqan holatlarchi? Bu holda rasmiy idora yolg‘on raddiya tarqatgani uchun javobgar bo‘ladimi?  Shunday ekan, norasmiy xabarlarni qip-qizil yolg‘onga chiqarib, «shov-shuv ortidan quvish va ma’lumotni kim birinchi bo‘lib tarqatishga intilish»ni «nomaqbul poyga»ga qiyoslash, bizningcha, noto‘g‘ri. Ommaviy axborot vositalari «shov-shuvlar» bilan tirik, ma’lumotni kim birinchi tarqatsa — uloq o‘shanda! Ayni omil tugal anglab yetilmaguncha ommaviy axborot vositalariga nisbatan eskicha qarash, faqat rasmiy ma’lumotlarni pesh qilib, norasmiylarini «mish-mish»ga mengzab, bunga javobgarlik mavjudligini pisanda qilishdek amaliyot davom etaveradi.

Tarqatilayotgan ma’lumotlar qip-qizil yolg‘on va tuhmat bo‘lsa, bu boshqa gap: javobgarlik naqdligi hech kim inkor etmaydi. Obrazli qilib tushuntirsak, prokuror gajakdor imzosi bilan tasdiqlagan «ayblov xulosa»ning sudda tasdig‘ini topmasligi yoki biror tergovchining «jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarori» bekor qilinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi yoinki fuqarolik sudi unda ishtirok etgan prokurorning xulosasiga teskari qaror chiqarishi oldida norasmiy ma’lumotning rasman inkor etilishi hech narsa emas. Ijtimoiy hayotning oddiy jarayoni bu, aslida.

Darvoqe, kecha oqshom Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari biz bilan bog‘lanib, «MIB o‘zining "majburiy" maqomidan ayrilishi mumkin» maqolasiga nisbatan elektron manzilimizga «Munosabat» yuborilganini aytar ekan, «Biz bergan bayonotdan kelib chiqib, maqolani qayta ko‘rib chiqishni» alohida so‘ragandi. «Rasmiy bayonot» shaklidagi mazkur munosabat-hisobotda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi qachon tashkil topgani, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilgan ishlarga oid ma’lumot-raqamlar va ularning sobiq sud departamenti paytidagi ahvoliyu taqqoslariga keng o‘rin berilibdi. Shuningdek, sayt byuro faoliyatiga oid ma’lumotlar tarqatilishida qonunchilik me’yorlariga rioya etilmagani ham ta’kidlanib: «bir tomonlama yondishuv orqali yoritilayotgan xabarlar fuqarolarimizning Byuro organlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga va turlicha yondashuvni uyg‘otishga sabab bo‘lmoqda» deya hukm-xulosa yasaladi. Keling, tan olaylik, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarsiz ham MIB faoliyatiga «hamdu sano» o‘qilayotgani yo‘q. «Xabar.uz» saytida chiqqan «MIB: «Qarzingiz bo‘lsa noxush vaziyatga tayyor turing... » (23-fevral ) va «MIB o‘zining «majburiy» maqomidan ayrilishi mumkin» (17-mart) maqolalari buning kichik hosilasi, xolos. «Byuro organlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga va turlicha yondashuvni uyg‘otishga» sababni kulchadek ikkita maqoladan emas, jilla qursa, MIB tashkil topgandan beri mingdan ziyod xodimlar ishdan bo‘shatilganidan (ular qanday asoslar bilan bo‘shatilgani alohida mavzu!) qidirilsa, bizningcha, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qolaversa, har ikki chiqishda asosiy urg‘u — huquqni muhofaza qiluvchi organ hisoblanmish prokuraturaning MIB sabab tijoratlashuviga berilgandi. Behuda bahsdan ko‘ra masalaning mana shu og‘riqli nuqtasi xususida fikr yuritilib, uning samarali yechimi borasida asosli takliflar berilgani ma’qul emasmi?!

Xo‘p, MIB tashkil topgandan beri ozmuncha ishlarni amalga oshirmabdi, ijro instituti sifatida bir qadar o‘zini ko‘rsatibdi ham. Yaxshi. Biroq bu tizimdagi mavjud muammolarni xastpo‘shtlashga imtiyoz bermas-ov...

To‘g‘ri, so‘z aytish katta mas’uliyat, buning yuki qanchalik zalvorli ekanini kunlik faoliyatimiz har qadamda eslatish ne, his ettirib turadi. Bu jarayonda muayyan xato-kamchiliklar uchrab turishi tabiiy. Ishlamagan odamgina xato qilmasligi mumkin. Biroq unutmaslik kerakki, fikr aytish — huquq, illo birovning muruvvati emas. O‘sha fikrga xohlang qo‘shiling, xohlang — yo‘q. Yoki birorta nashrda chiqqan norasmiy ma’lumot tasdiqlansin-tasdiqlanmasin, buyam fojia emas. Qolgani esa vaqt hukmidagi masala.

Vassalom.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring