Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Nima uchun o‘qituvchilar va shifokorlar jamiyatning past tabaqasiga aylanib qoldi?

Nima uchun o‘qituvchilar va shifokorlar jamiyatning past tabaqasiga aylanib qoldi?

«Jamiyat o‘yini» shunday o‘yinki, undan inson o‘zi xohlagan paytda chiqib keta olmaydi yoki «men o‘ynamayman» deb ayta olmaydi.

Foto: «Sputnik»

Jamiyatlarning ijtimoiy tuzilishi, ijtimoiy tabaqalar kabi mavzular ko‘plab jamiyatshunoslar tomonidan o‘rganilgan. Ular ba’zan bir-birlarini to‘ldirsa, ba’zan bir-birlariga qarshi fikr bildirishadi. Ularning barchasini bitta-bitta tahlil qilib vaqtni ketkazmasdan faqat o‘zimga ma’qul jihatlarni olaman va mavzuni shu asosda yoritishga harakat qilaman.

Jamiyatimizdagi tabaqalarni uchta xususiyatiga ko‘ra tasniflayman. Bular insonlarning mansabi, obro‘si va daromadidir.

Yana bir gap. Tabaqalanish, tabaqa so‘zlari shartli ravishda ishlatilmoqda.

 30 yil oldin: o‘qituvchi va shifokor jamiyatning obro‘li tabaqasi vakillari bo‘lgan

...Talabalik paytlarimizda Pirimqul Qodirovning «Uch ildiz» asarini o‘qiganman. Mutolaa jarayonida asar qahramonlariga qo‘shilib mening ham o‘qituvchi bo‘lgim kelib ketgan. Zero, bizdan oldin va hatto biz maktabda o‘qigan paytlarda ham o‘qituvchilik sharafli, obro‘li va kun ko‘rish uchun daromadi yetarli kasblardan biri edi. Hojiboy Tojiboyev aytganiday, o‘qituvchi to‘y-ma’rakalarga borsa uyning to‘ri uniki edi. Hamma unga hurmat ko‘rsatardi.

Bir paytlar maktablarda o‘quvchilarning ko‘plari, ayniqsa a’lochilari repetitorlarga borib, ximiya, biologiya va o‘zbek tili fanlaridan tayyorlanib yurishardi. Ular medinstitut, hozirgi tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirishni orzu qilishardi. Shifokor bo‘lish uchun 7 va hatto 10 yil o‘qish kerakligi ham ularni qo‘rqitmas edi. Chunki shifokorlik obro‘li, daromadli kasblardan biri edi...

Oradan 30 yil o‘tib, nimalardir yuz berdiki, o‘qituvchi hamda shifokorlar jamiyatning pastki qatlami vakillariga aylanib koldi. Hurmati yo‘qoldi, obro‘si pasaydi, daromadi yetarli bo‘lmay qoldi. Ularga kata-kichik mansabdorlarning barchasi buyruq bera oladigan va hatto ko‘cha tozalashgacha majbur qila oladigan bo‘ldilar.

O‘sha «nimalardir» nimalardan iborat? Quyida shu haqda fikrlashamiz.

 1990-yillar: «O‘yin tugadi. Qartalarni boshqatdan suzing»

Sobiq sovet respublikalaridagi jamiyatlar, xususan o‘zbek jamiyatidagi hozirgi hodisalarning urug‘lari taxminan 1990-yillarda ekilgan. 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, davlatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz bergan. Siyosiy tomondan shakllanayotgan yangi davlat ilgari mavjud bo‘lgan davlatning kafolatlarini bera olmagan. Iqtisodiy tomondan kasbi, mansabi, boyligidan qat’i nazar hamma qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan. Boylar kambag‘al, kambag‘allar qashshoq bo‘lib, hammayoqda o‘g‘irlik, talon-toroj avj olgan. Ijtimoiy tomondan esa kartalar barchaga boshqatdan suzilgan va o‘yinni hamma noldan boshlashiga to‘g‘ri kelgan.

Odamlarning asosiy qismi dastlab «kun ko‘rish o‘yini»ni o‘ynaganlar. Bu o‘yinda o‘qituvchilar ham, shifokorlar ham, bank xizmatchilari ham, dehqonlar ham bir xil maqomga ega bo‘lgan.

Esimda bor, 1990-yillarning o‘rtalarida, iyun oyida kombaynlar bug‘doy o‘rar, ularning orqasidan odamlar yerga to‘kilgan boshoqlarni terib kun ko‘rishga harakat qilar edilar. Bu gaplar havodan olingan emas, chunki o‘sha paytlarda biz ham oilamiz bilan mashoq terganmiz. Ilgari birinchi sort bug‘doy uni bo‘lmasa yemaydigan insonlar dastlab oqjo‘xori unidan, undan keyin esa makkajo‘xori unidan non yeyishni boshlagan.

Shunday bo‘lganki, insonlarning birlamchi ehtiyojlari o‘qish, teatr, hordiq chiqarish emas, kun ko‘rish, non topish bo‘lib qolgan. Shundan keyin kimlardir bozorga, kimlardir dastlab Toshkentga, keyinchalik Qozog‘istonga, Rossiyaga va boshqa joylarga ishlashga ketgan. Yana kimlardir zavod va fabrikalarni buzib, metallomga topshirgan, kimlardir bozorga chiqib «valyutchik» bo‘lib boyib ketgan. Shu tariqa och qolgan jamiyatda kimning puli ko‘p bo‘lsa obro‘si, hurmati va imkoniyatlari ortib bora boshlagan.

Natijada «bozor iqtisodiyoti», ya’ni «o‘zing uchun o‘l yetim» sharoitida ishlab chiqarish bilan, savdo-sotiq bilan shug‘ullanmaydigan, talon-toroj qilolmaydigan (Hojiboy Tojiboyev aytganiday, o‘qituvchi bo‘rni yoki gultuvakni o‘g‘rilab ketadimi?) va davlat beradigan oylikka qarab qolgan ijtimoiy sohalardagi kasblar vakillarining jamiyatdagi mavqei pasayib boravergan.

 Yangicha tabaqalanish

1990-yillardagi xavfsizlik muammolari kuch ishlatar tizimlari va nazorat organlarining ahamiyatini orttirib yubordi. Shu bois mazkur sohalarda ishlovchi insonlar maosh, mansab va obro‘ jihatidan yangi, ya’ni yuqori mavqega ega bo‘ldilar. Ilgari yoshlar «o‘qituvchi bo‘laman», «shifokor bo‘laman» degan bo‘lsa, endi «prokuror bo‘laman», «Men MXXga ishga kiraman» deb orzu qiladigan bo‘ldi.

Undan keyin ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidan boshqa barcha sohalarda xususiylashtirish amalga oshirilgach, daromadlar ham ortgan, mos ravishda mazkur sohalar vakillarining jamiyatdagi obro‘si ham ortib borgan. Ahvol shu darajaga bordiki, o‘qituvchi va shifokorlar chet davlatlarda mavsumiy ishlab keladigan mardikorlardan ham bir necha bor kam oylik oladigan bo‘ldilar.

Natijada rasman «biznes» qila olmaydigan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarining vakillari poraxo‘rlikka berilib ketdi. Pul bermasa davolamaydigan shifokorlar, baholarni pullaydigan o‘qituvchilar yaqqol yuzaga chiqa boshladi. Tabiiyki, bu narsa shundog‘am jamiyatdagi mavqei pasaygan shifokorlar va o‘qituvchilarning yanada obro‘sizlanishiga sabab bo‘ldi.

1990-yillarda kombaynning orqasidan boshoq terib yurganlar 2000-yillarga kelib, iqtisodiy rivojlanish bo‘la boshlagach, topgan-tutganlarini «orzu-havas»lariga, ya’ni birovlar ko‘rishi uchun juftlab mashinalar olishga, qavatli uylar qurishga, besh-o‘ntalab artist olib kelib to‘ylar qilishga berilib ketdi. O‘qituvchi va shifokorlarning esa bunday «orzu-havas»larni orzu qilishga ham imkoniyati yo‘q edi.

Bundan tashqari, ta’lim sohasidagi muammolar, jumladan poraxo‘rlik, sifatsiz ta’lim va hokazolar oliy ta’lim muassasalarida saviyasiz o‘qituvchi va bilimsiz shifokorlar tayyorlanishiga sabab bo‘lgan. Qarabsizki, kim yomon — shifokor yomon, kim beobro‘ — o‘qituvchi beobro‘ bo‘lib qolgan.

Endi nima qilish kerak?

Ba’zan «O‘qituvchi va shifokorlarning ko‘cha tozalashlariga o‘zlari aybdor. Chiq desa, chiqib ketaveradimi? O‘zlarida g‘urur yo‘qmi?» degan gaplarni eshitib qolamiz.

Haqiqatan ham shundaymi? Masalan, «Chiqmaymiz, ko‘cha tozalamaymiz» desalar nima bo‘ladi?

Javob topish uchun «qarta o‘yini» mavzusiga qaytamiz. Deylik, 1990- yillarda qartalar hammaga qayta suzilgan va o‘yin boshlangan. Faqat o‘shanda ayrim sabablarga ko‘ra kuzirlarning yarmi bir guruh o‘yinchilarga, qolgan yarmi yana bir guruh o‘yinlarga bo‘lib berilgan. Boshqalarga, jumladan o‘qituvchi va shifokorlarga kuzir qolmagan.

O‘yin qoidalariga ko‘ra yutganlar yutqazganlarga xohlasa ko‘cha tozalattiradi, xohlasa boshqa ish qildiradi. Endi ularga «marhamat, o‘yna va yut. Lekin yuta olmasang, ayb o‘zingda» deyilmoqda. O‘qituvchi va shifokorlar siyosiy kurashchilar emaski, o‘z huquqlarini talab qilib yo‘lga chiqsa va boshqalardan kuzirlarni tortib olishga kirishsa. «Jamiyat o‘yini» shunday o‘yinki, undan inson o‘zi xohlagan paytda chiqib keta olmaydi yoki «men o‘ynamayman» deb ayta olmaydi. O‘yindan chiqish uchun u mavqeidan kechishiga to‘g‘ri keladi. Bunga shifokorlikni tashlab biznes qilishga o‘tib ketganlar, o‘qituvchilikni tashlab Rossiyaga ishga ketganlarni misol qilib keltirish mumkin. Lekin, asosiysi, o‘yin doirasida ularning mavqei o‘zgarmaydi. Chunki bir inson o‘yindan chiqsa, uning o‘rniga boshqasi kelib o‘yinni davom ettiraveradi. Kuziri borlar ularga kuzirini berib qo‘ymaydi.

Kuzirlarni faqat davlat ola oladi va boshqalarga bera oladi. Agar davlat xohlasa, kuzirlarni olib o‘qituvchi va shifokorlarga berishi yoki boshqa o‘yinchilarga «bugundan boshlab o‘qituvchi va shifokorlarga tegmaysizlar. Ular mening himoyamda» deyishi mumkin.

Men qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni ikki toifaga bo‘lgan bo‘lar edim. Bular zudlik bilan va shoshmasdan, puxta o‘ylab qilinishi kerak bo‘lgan ishlar.

 Zudlik bilan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar

Davlat zudlik bilan o‘qituvchi va shifokorlarni o‘z muhofazasiga olishi zarur. Ularni hatto o‘zlari xohlasa ham boshqa ishlarga jalb etishni taqiqlaydigan qonun qabul qilinishi kerak. Qonunda o‘qituvchi va shifokorlarni boshqa ishlarga jalb qiladiganlarga nisbatan qat’iy jazo choralari belgilanishi shart.

 Shoshmasdan, puxta o‘ylab qilinishi kerak bo‘lgan ishlar

  1. Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini xususiylashtirish. Men bu chorani qo‘llab-quvvatlamayman, lekin bu chora o‘qituvchi va shifokorlarning mavqei tiklanishiga xizmat qiladigan bo‘lsa, bu yo‘lni ma’qullayman. Har holda vaziyat hozirgidan ancha yaxshi bo‘ladi. O‘shanda o‘qituvchi va shifokorlar ham o‘z xizmatlariga yarasha daromad topib, obro‘ga ega bo‘ladilar.
  2. Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini davlat butunlay o‘z muhofazasiga olishi va bu sohalarni birlamchi ahamiyatga ega sohalar deb belgilashi mumkin. Toki O‘zbekiston degan davlat mavjud ekan, hech kimning xayoliga o‘qituvchi va shifokorlarni xo‘rlash fikri kelmasin.

Men aynan mana shu chorani qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bolalarimizning ko‘ngildagiday ta’lim olishi bizning o‘zimizga kerak va biron joyimiz og‘riganda mansabimiz va daromadimizdan qat’i nazar har birimiz shifokorni izlab qolamiz.

Shu sababli men bu ikki sohani «bozor qoidalari»ga bo‘ysundirishga qarshiman. Agar biz pulimiz bo‘lmasa ham bolalarimiz sifatli ta’lim olishini, pulimiz bo‘lmasa ham shifikorlar bizni davolashini xohlasak, mana shu ikki soha tekin, obro‘li va sifatli bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Hozirgi muammolar o‘qituvchi yoki shifokorlarning aybi bilan bo‘layotgani yo‘q. Ular boshqaruv bilan bog‘liq tizimli muammolardir. Agar davlat miqyosida chuqur o‘ylab, yaxshi bir boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, ularni bemalol hal qilsa bo‘ladi.

Xulosa

Agar insonning milliardlab puli bo‘lsa ham bilimi, aqli va farosati bo‘lmasa, bir kuni u bor budidan ayrilishi mumkin. Qanchadan-qancha boylarning bolalari mazza qilib yurib, oxiri giyohvand bo‘lib yoki qizlari buzilib ketganini ko‘rganmiz.

Agar pul topish bilan birga (pul topishning o‘rniga emas, chunki pul ham kerak) farzandlarimizga to‘g‘ri ta’lim va tarbiya beradigan bo‘lsak, bu ertaga bolalarimizga hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi.

Agar biron joyingiz og‘risa yoki bolangiz og‘irroq kasalga chalinadigan bo‘lsa, bor umidingizni shifokorlarga bog‘laysiz. Agar shifokor savodsiz bo‘lsa yoki shanbalikka olib chiqib ketilgan bo‘lsa, ahvolingiz ne kechadi? Juda boy bo‘lsangiz, bir amallab Hindiston yoki G‘arb shifoxonalariga borib kelarsiz. Boy bo‘lmasangiz nima qilasiz? Hindistonga yoki G‘arbga borib kela olmaydigan millionlab odamlar nima qiladi?

Javob oddiy: hech narsa qila olmaydi. O‘lib ketadi! Qaysidir amaldorga bitta shanbalik aziz bo‘lgani sababli kimningdir aziz farzandi, kimningdir turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi o‘lib ketadi.

Ijtimoiy sohalar daraxtlarga o‘xshaydi. Ularni bugun eksangiz bir necha yil o‘tgachgina meva yoki soya beradi. Agar yurtimizda bugundan boshlab ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari vakillarini e’zozlay boshlasak, bu «daraxtlar»ning mevalarini kelgusi yillarda o‘zimiz yeymiz! Shunda barchamiz farzandlarimizni chet ellarda o‘qitish, o‘zimiz esa chet ellarda davolanish dardi bilan yashamaymiz.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring