Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nima bilan shug‘ullanishni bilmay yurgan minglab yoshlar uchun yuqori maosh va munosib ish taklif qilinadi

Nima bilan shug‘ullanishni bilmay yurgan minglab yoshlar uchun yuqori maosh va munosib ish taklif qilinadi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahrida axborot texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan «StarTTech» konferensiyasi tashkil etilib, unda taniqli ekspertlari ishtirok etishgani xabar qilingandi.

Ushbu konferensiyadan «Xabar.uz» onlayn videotranslyasiya amalga oshirgandi.

Tadbirda IT-park direktori Farhod Ibragimov so‘zga chiqib, IT-park bundan bir yil oldin tashkil etilgani va shu qisqa vaqt ichida tarixga muhrlangan bir qancha voqealar sodir bo‘lgani, tashkilotning yil yakunlari va kelajak rejalari haqida aytib o‘tdi.

Rezidentlar

Farhod Ibragimovning qayd etishicha, IT-parkning rezidentlik dasturi tashkilotning asosiy bloklaridan biridir. Ayni vaqtda IT-parkda umumiy eksport hajmi 15 million dollarga teng bo‘lgan 363 ta rezident bor. Rezidentlar asosan ulgurji savdo va distributsiya, moliyaviy bozorlar va texnologik ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishadi. IT-park hududida maxsus imtiyozlar taqdim etilgan bo‘lib, uning rezidentlari jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan tashqari deyarli barcha soliqlardan ozod qilingan. Bundan tashqari, rezidentlar bojxona to‘lovlarini to‘lashlari shart emas va ular ichki hisob-kitoblarda dollardan foydalanishlari mumkin.

IT-park O‘zbekistonning boshqa hududlariga ham chiqadi

O‘zbekistonda 33 million kishi istiqomat qiladi, bu Markaziy Osiyo aholisining deyarli yarmini tashkil etadi. Mamlakatda fuqarolarning o‘rtacha yoshi 27 yoshni tashkil etadi, shuning hisobiga bizda 18 milliondan ortiq mehnatga layoqatli odamlar bor.

«Mamlakatimiz barcha hududlarida jamlangan ulkan insoniy salohiyatga ega va biz uni rivojlantirishimiz kerak. Biroq, bir muammoimiz bor – bizda nima ish bilan shug‘ullanishni bilmay turgan maktab bitiruvchilari juda ko‘p. Shuning uchun bizda mazkur muammoni hal qilishga qaratilgan bir qancha muhim tashabbuslar mavjud. Bu muammoning eng keng ko‘lamli va istiqbolli yechimlaridan biri bu – respublikamizning har bir mintaqasida IT-markazlarning ochilishidir. Yaxshi IT-mutaxassis bo‘lish uchun oliy ma’lumot diplomiga ega bo‘lish shart emas, masalan, ular raqamli texnologiyalar markazlarida IT-xizmatlarini eksport qilish uchun tuzilgan kurslarda o‘qitilgandan so‘ng yuqori maoshli kasb egasi bo‘lishlari mumkin», – dedi IT-park direktori.

Ushbu IT-markazlarda istalgan kishi axborot texnologiyalari bo‘yicha bepul onlayn va offlayn ta’lim olishlari mumkin va ularda o‘quv kurslari o‘zbek tilida ham olib boriladi.  IT-markazlarda nafaqat ta’limni endi boshlagan boshlang‘ich darajadagi o‘quvchilar, balki amaliy ish tajribasiga ega, o‘z malakasini oshirishni xohlovchilar ham ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

IT-ta’lim

Axborot texnologiyalari har qanday rivojlangan iqtisodiyotning asosini tashkil etadi, IT-mutaxassislarning bilimlari, ularning raqamli maydondagi ishlari jamiyatning intellektual salohiyati uchun nihoyatda muhimdir. IT-xizmatlarning eksporti hajmi bo‘yicha O‘zbekiston hali ham ushbu yo‘nalishda azaldan kuchli bo‘lib kelgan Belorusiya, Ukraina, Polsha va boshqa mamlakatlardan orqada qolmoqda, shuning uchun IT-parkning ustuvor vazifalaridan biri bu mazkur sohadagi holatni tubdan o‘zgartirishdir.

IT-park qoshidagi akademiya – 2019-yil 21-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan birgalikda e’lon qilingan «One Million Uzbek Coders» milliy dasturining asosiy ijrochisidir.

IT-akademiyaning «One Million Uzbek Coders» loyihasi doirasida dasturlash va ma’lumotlarni tahlil qilishning eng ko‘p talabga ega bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha «Udacity» xalqaro platformasining to‘rtta kursi o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bugungi kunga qadar bu dastur bo‘yicha 85 nafar o‘qituvchi ta’lim (ToT) oldi, 6000dan ortiq talabalar kursga yozildi va 600dan ortiq talaba allaqachon birinchi bosqichni tugatdilar.

Shuningdek, IT-park ishtirokida «IT-Nation» loyihasi doirasida butun respublika bo‘ylab 20 ta maktabda, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda, IT-ta’lim loyihasi sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.

2020 yil fevral oyida IT-Akademiya «IT-Start» ishchi nomi ostida yangi loyihani yo‘lga qo‘ymoqchi va unda qatnashish uchun IT-parkning rezidentlari bo‘lgan barcha IT-kompaniyalar taklif etilgan. «IT-Start» loyihasi yosh dasturchilar uchun amaliy mashg‘ulotlarga asoslangan bir qator tadbirlardan iborat bo‘ladi. Dasturlashdan tashqari, talabalar o‘yin shaklida jamoada ishlash ko‘nikmalarini o‘zlashtiradilar, IT-loyihalarni qanday yaratishni va ular qanday bo‘lishini bilib oladilar.

IT-park tanlovlari

IT-park ko‘plab IT-inventlari va ko‘rik-tanlovlarining tashkilotchisi va hamkori bo‘lib, ularning har biri O‘zbekistonning startaplari rivojlanishi va yirik IT-kompaniyalarga aylanishi uchun O‘zbekistonda IT-madaniyatini rivojlantirish yo‘lida o‘ziga xos muhit yaratadi. O‘tgan yil davomida IT-park IT-sohasida 5 ta yirik ko‘rik-tanlovni o‘tkazdi va ularning umumiy mukofot jamg‘armasi 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etib, shundan 810 milliondan ortig‘i startap-loyihalarning g‘oyalarini amalga oshirish uchun mukofot sifatida taqdim etildi.

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab yangi IT-tadbirkorlar o‘zbek tilida onlayn-inkubatsiya dasturidan o‘tishlari mumkin, bu esa butun respublika bo‘ylab startap-ekotizimining jadal rivojlanishiga yordam beradi.

Xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik

IT-parkning asosiy vazifalaridan biri tashqi bozorlarda IT-mahsulotlarini ilgari surish, shuningdek loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida xorijiy davlatlar va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishdir.

Bugungi kunda IT-park 20dan ortiq xorijiy mamlakatlardagi hamkorlari bilan bitimlar va memorandumlarga ega bo‘lib, bu mamlakatlar qatorida Rossiya, Belorusiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Gruziya, Hindiston, Shveysariya, Koreya, Misr va AQSh bor.

IT-park 2022-yilda

2022-yilga borib, IT-park beshta hududda: Samarqand, Buxoro, Namangan, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining filiallarini ochadi. Toshkent shahridagi IT-park loyihasining o‘zi ham kengaytiriladi va 7,8 gektar maydonni qamrab oladi, shundan 385 ming kvadrat metrni umumiy binolar maydoni tashkil etib, u 19 ta zamonaviy binolarni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi, bu esa iqtidorli yoshlarga yuqori maoshli va munosib ish topishga imkon beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring