Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navbatsiz kirish uchun nogironlar aravasiga o‘tirgan kelinchak...   

Navbatsiz kirish uchun nogironlar aravasiga o‘tirgan kelinchak...   

Foto: «Yandeks»

Kecha qizimni qovuq og‘rig‘idan shikoyat qilgani uchun Respublika perinatar markaziga olib bordim. Bizni UTTga jo‘natishdi. Tegishli eshik qarshisida navbat kutayotganlar ko‘p ekan. Deyarli hammasi homilador ayollar, orasida klinikada yotib davolanayotganlar ham bor (eshikka ularning navbatsiz qabul qilinishi yozib qo‘yilgan). Qizim yosh bo‘lgani va qovug‘i og‘riyotgani uchun shoshilinch (ya’ni navbatsiz) kirishimiz mumkinligini bilaman. Shunday bo‘lishiga qaramay, ahvoli og‘irroqlarning kirib-chiqishini kutdik.

Shu payt oq xalat kiygan tibbiyot xodimasi (menimcha, hamshira) nogironlar aravachasida (shifoxonalarda ahvoli og‘ir bemorlarni tashishda foydalaniladi) kiyinishni va bo‘yanishni «joyiga qo‘ygan» yosh kelinni olib kelishdi.

«Ko‘rinishidan soppa-sog‘ga o‘xshaydi», har tomondan shivir-shivirlar boshlandi. Ayolni suyab-qo‘ltiqlab ichkariga olib kirib ketishdi. Tashqarida qolgan bo‘sh aravaga, hatto, yaqinda operatsiyadan chiqqani kundek ravshan, rangpar, bir qo‘lida ko‘ylagi ostidan chiqib turgan shlangasini tutib, devorga suyangancha turgan ayol ham o‘tirishni ep ko‘rmagan. Buni uning aravachaga tikilib qolganidan, o‘zi yurib kelganidan ham tushunish mumkin.

5 – 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas go‘zal kelinni xonadan yetaklab olib chiqishdi va aravachaga o‘tqizib, olib ketishdi. Kimdir uning ortidan achinibroq, yana birlari ishonqiramay kuzatib qoldi.

Oradan 5 daqiqa o‘tdimi-yo‘qmi, bilmadim. Lekin men, ochig‘i, hayratda qoldim. Ne ko‘z bilan ko‘ray, boya hamshira «ardog‘ida» aravachada keltirilgan kelin, endi bir shifokorning orqasidan o‘zi yurib kelayotgandi. U bizga yaqinlashganda devorni ushlab, sekinroq yurishga o‘tdi. Do‘xtiri: «Shu yerda kutib turing», dedi-da, o‘zi UTT xonasiga kirib ketdi. Kelin esa yerdan ko‘zini uzmay turardi…

Biz kirib-chiqqunimizcha «uddaburon» hamshiralar 5-6 ta ayolni turli bahonalar bilan navbatsiz tekshiruvdan o‘tkazishga ulgurdi.

UTT xulosasini olib, bo‘limdan chiqib ketayotganimizda yana o‘sha go‘zal kelinga ro‘baro keldim. U erining qo‘lidan tutgancha, navbatsiz kirish uchun nimalar qilishga «majbur bo‘lganini» to‘lqinlanib, kulib gapirib ketardi…

Shohida Isroilova, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring