Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobiuz aksiyasida 14 ta Nexia-3 va super yutuq – Malibu-2 o‘ynaldi (video+foto)

Kecha, 14-fevral kuni Toshkentda Mobiuz mobil operatorining «AvtoMOBI» aksiyasi g‘oliblarini aniqlash rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtdagi «Compass» savdo kompleksi markaziga yuzlab insonlar – Mobiuz abonentlari hamda savdo markazi mehmonlari «AvtoMOBI» aksiyasi o‘yinini bevosita ko‘rish uchun yig‘ilishdi. Hammani qiziqtirayotgan savol – 14 ta Nexia-3 avtomobili (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar uchun bittadan) hamda super yutuq – Malibu-2 avtomashinasini kimlar yutib oladi?

«AvtoMOBI» aksiyasi – kompaniya rebrendingi o‘tkazilgan va Mobiuz savdo belgisiga o‘tilgandan keyin ro‘yobga chiqarilgan loyihadir. U 2019 yilning 3 dekabridan 2020 yilning 3 fevraligacha o‘tkazildi. Shak-shubhasiz, u yutuq jamg‘armasi bo‘yicha ham, g‘oliblarni aniqlash marosimi ishtirokchilarini ko‘pligini bo‘yicha ham kompaniyaning boshqa aksiyalari ichida eng yirigi bo‘ldi.

Aksiya shartlari juda ham osonligi unda ko‘pchilik ishtirok etishini ta’minladi. Hususan, abonentlar oyiga 30 ming so‘m va undan kattaroq abonent to‘loviga ega tarif rejalaridan biriga ulanishi kerak edi. Mablag‘lar muvaffaqiyatli yechib olingandan keyin ularga bitta imkoniyat taqdim etildi. Ishtirok etishning yana bir yo‘li – maxsus «2020 MB» yoki «2020 daqiqa» to‘plamlaridan birini ulash edi. Har bir faollashtirilgan to‘plam bitta imkoniyatga teng edi.

G‘oliblarni aniqlash tadbiridan bir necha kun oldin aksiyaning har bir ishtirokchisiga maxsus USSD-buyruq (*161#) haqida ma’lumot yuborildi. Uni terib, ishtirokchilar o‘zlariga belgilangan noyob ID-kodlarni bilib olishlari mumkin bo‘ldi. Abonent aksiya bo‘yicha nechta imkoniyat to‘plagan bo‘lsa, unda shuncha ID-kod bor.

Nexia-3ga da’vogar bo‘lgan abonentlarning ID-kodlari hududlarga qarab taqsimlangan. Masalan, Andijon viloyatiga tegishli raqamlardan foydalanayotgan abonentlarning ID-kodlari 01 bilan, Buxoro viloyatiniki 02 bilan boshlanadi. Huddi shu tartibda ham g‘oliblar aniqlanadi.

G‘oliblarni aniqlash uchun randomus.ru saytidagi tasodifiy raqamlar onlayn randomayzer tizimidan foydalaniladi. Ushbu servisning serverlari boshqa mamlakat hududida joylashgan, shu sababdan g‘oliblarni aniqlash jarayoniga kompaniya vakillari ham, uchinchi shaxslar ham aralasha olmaydi.

Foto: Xabar.uz

Malibu avtomobili bo‘lajak sohibi esa sahnada o‘rnatilgan lototron yordamida aniqlandi. Barcha-barcha ID-kodlar qog‘ozlarga tushirilib, chop etilgan hamda lototronga joylashtirildi. G‘olibni tadbirda ishtirok etayotgan tasodifiy muxlis aniqlab berdi.

Navbatma-navbat hamda tanaffuslar bilan randomayzerga hududlarga qarab ID-raqamlar ro‘yxatlari kiritildi. Jarayonni katta e’tibor bilan nafaqat tadbir mehmonlari, balki minglab onlayn tomoshabinlar ham instagram orqali kuzatib bordi. Har bir g‘olib aniqlangandan keyingi qarsaklar onlaynda qo‘yilayotgan «layk» va yozilayotgan izohlar bilan hamnafas bo‘ldi.

Foto: Xabar.uz

Mobiuz vakillari va boshlovchilar g‘oliblarga bevosita tadbir vaqtida ko‘ng‘iroq qilib turishdi. Bu aksiyaning ochiq va shaffof o‘tishi uchun yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘yinlar o‘rtasida savdo markaziga tashrif buyurgan mehmonlar o‘rtasida ham turli tanlov o‘tkazildi. Ularda g‘olib bo‘lganlarga esa kompaniya sovg‘alari taqdim etildi.

Kunning yang hayajonli daqiqalari – Malibu super yutug‘i o‘yinida mustaqil komissiya vakillari lototronni va ID-kodlarni tekshirib ko‘rishdi. Zaldagi muxlislar ichidan bitta bolakay tanlab olindi va aynan u asosiy g‘olibni aniqlab berdi! 

Foto: Xabar.uz

Shunday tarzda ko‘p syurprizlar va kutilmagan voqealarga boy Mobiuz aksiyasi ham o‘z nihoyasiga yetdi. Lekin bu hali hammasi emas. 17-fervaldan boshlab kompaniya vakillari g‘oliblar bilan bog‘lanishadi hamda sovrinlarni topshirishga tayyorgarlik ko‘rishadi. Har bir sovg‘ani joylarda topshirish – bu alohida marosim demakdir! Mobiuz barchaga g‘oliblar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bu haqda keyingi xabarlarda ma’lum qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring