Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIBning ishi faqat undirishmi?  

MIBning ishi faqat undirishmi?   

Foto Majburiy ijro byurosi

1

 Kecha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi rahbariyati «Faoliyatning 9 oylik yakunlari va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi. Mazkur tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini ikki holat yaqqol tasdiqladi:

  1. Tadbirga joy sifatida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining majlislar zali tanlandi. Ya’niki, ishtirokchilar torroq xonada tiqilib-turtinib o‘tirmadi: joy keng, yozuv-chizuvga bemalol. Shundoq burningiz tagida mikrofon, nuqtani bosasizda, savolni beraverasiz...
  2. OAV xodimlari uchun tarqatilgan ma’lumotnoma (press-reliz) g‘ij-g‘ij raqamlar bilan to‘lib-toshmabdi: hammasi ixcham, lo‘nda va aniq.

Gap yo‘q, bo‘larkan-ku...

2

Xo‘p, o‘tgan to‘qqiz oyda Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi qancha ijro hujjatlarini amalga oshiribdi? Marhamat: sud hujjatlari va boshqa organlari hujjatlarini ijro etish yo‘nalishi bo‘yicha kelib tushgan  667 493 ta 9 trln. 687 mlrd 573 mln. so‘mlik ijro hujjatining 383 471 tasi (5 trln. 779 mlrd. 026 mln. so‘mlik) oxiriga yetkazildi. Qolganini ham nihoyasiga yetkazish uchun poytaxt MIBchilari astoydil harakat qilmoqda. Kelib tushgan ijro hujjatlari miqdoridan amalga oshirilgani kamroqday  ko‘rinishi mumkin. Biroq unutmaslik kerakki, har bir ijro hujjati bir yoki ikki kunda ado etilavermaydi. Ijro hujjatlari, xususiyatiga qarab, ma’lum vaqt talab etadi va bu jarayon anchayin og‘ir kechadiki, ularning har biri alohida mavzu.

3

MIBchilarga qanday ijro hujjatlari ko‘proq boshog‘riq bo‘ladi? Ishonmassiz - aliment undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlari! Ya’nikim, alimentchi otalar nainki sobiq xotinlari, balki soha xodimlarining ham ko‘p holatda o‘z qoniga tashna qilib yuborishadi. Raqamlarni gapirtirsak, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi va hududiy tuman bo‘limlarida 27 215 ta aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud. Zimmasidagi majburiyatni ado etavermagani uchun o‘tgan to‘qqiz oyda 324 nafar alimentchi 15 sutka «o‘tirishga» majbur qilindi. Bunday chora naf qilmagan 20 nafariga nisbatan esa JKning 122-moddasiga (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atishga to‘g‘ri keldi.

4

Bu hali hammasi emas. Alimentchilar orasida to‘lovdan bo‘yin tovlab yashirinib yurganlari ham borligiga nima deysiz?! Yil boshida ular soni 168 nafar edi. Ularning 103 nafari qidirib topildi va haqdorlarga tegishli aliment pullari undirib berildi. Qolgan 65 nafariga nisbatan qidiruv ishlari davom ettirilmoqda. Darvoqe, MIBchilar alimentchi otalarni qarzingni to‘la deb, darhol girbonidan olmaydi. Avvaliga risoladagiday gaplashadi, qarzdor ota bilan oilani tiklash imkoniyatlarini muhokama etadi, o‘rni kelsa, pand-nasihat qiladi. Bu jarayonda insofga keladiganlari ham yo‘q emas. Ular soniga tobora baraka kirmoqda. O‘tgan to‘qqiz oyda 229 ta oila yarashtirilgani bunga isbot.

5

Modomiki, gap MIB faoliyati haqida ketar ekan, iste’molchilardan foydalanilgan elektr resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha qancha mablag‘ undirilgani haqida gapirmaslikning iloji yo‘q.  Yana raqamlarga murojaat qilamiz. Demak: «....boshqarma va uning tuman bo‘limlari tomonidan iste’molchilardan energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida 3 trln. 145 mlrd. 368 mln. so‘m undirilgan. Shundan elektr energiyasidan 1 trln. 424 mlrd. 445 mln. so‘m, tabiiy gazdan 1 trln. 427 mlrd. 302 mln. so‘m va suv ta’minotidan 293 mlrd. 620 mln. so‘m undirilgan. Undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 trln. 381,4 mlrd. so‘mga oshgan».

6

Endi sarlavhaga chiqarilgan savolga kelsak: MIB faqat undiradimi? Qarzni, albatta undiradi, ularning ishi shu. Biroq o‘sha qarzdorlik noreal yoki assosiz bo‘lsa-chi? Bunda albatta aybdorlarga chora ko‘rib, iste’molchi huquqini himoya qiladi ham.  2017-yilning iyul oyidan shu kunga qadar  17 335 ta iste’molchiga nisbatan 28 mlrd. 273,9 mln. so‘mlik noreal qarzdorliklar aniqlanib, ushbu qarzdorliklar olib tashlanibdi. Yaxshi. Savol tug‘iladi: noreal qarzdorlik qanday paydo bo‘lpti o‘zi? Javob shunday: «Tahlillar asossiz qarzdorliklar muqaddam ta’minotchi korxonalar tomonidan iste’molchilar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi, energiya resurslari va suv ta’minotining talon-toroj qilinishi va iste’molchilarga yetkazib berilishidagi tabiiy yo‘qotishlarning  ular (iste’molchilar) zimmasiga qarzdorlik sifatida hisoblanishi sababli yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda». Demak, bu jarayonda gap iste’molchidan ko‘ra ta’minotchiga tegishli ekan.

Xushyorroq bo‘lish kerak, muhtaram iste’molchilar. Yemagan somsaga pul to‘lash  kim yoqibdi?!

7

Murojaatlar bo‘lib turibdi? Sekinroq aytasizmi, to‘lov-undiruvga oid masalalar sidirg‘asi silliq  kechmaydi, axir?! Raqamlar esa murojaatchilar har to‘rttadan bittasi haq ekanini tasdiqlamoqda. Ya’nikim, o‘tgan vaqt davomida   kelib tushgan 21 648 ta murojaatning 5 874 tasi qanoatlantirilgan. 11 796 tasiga tushuntirish berilgan bo‘lsa, 219 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 43 tasi ko‘rib chiqilishi rad etilgan.

Xullas, shunaqa gaplar...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring