Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 MIB xodimlarini kaltaklagan aka-ukalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)

 MIB xodimlarini kaltaklagan aka-ukalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)

Skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimi kaltaklanayotgani aks etgan lavha tarqaldi.  Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga  ma’lum qilishicha, voqelik Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ro‘y bergan. Ya’ni, joriy yilning 29-iyun kuni soat 11:00 larda MIB Sherobod tuman bo‘limi davlat inspektorlari A.Eshonqulov, S.Fozilov va P.Taylanovlar birgalikda tumandagi «G‘o‘rin gilambob» mahalla fuqarolar yig‘ini, «Do‘stlik» ko‘chasi, 112-uyda yashovchi iste’molchi — fuqaro B.Normurodovning yashash xonadonida foydalanilgan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlikni aniqlash va undirish borasida ko‘rik (obxod) o‘tkazgan vaqtida, xonadonda o‘rnatilgan SE 101 markali №123156090 raqamli elektr hisoblagichining 6545 kVt/soat ko‘rsatkichi bo‘yicha elektr energiyasidan 1 mln. 94 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi holati aniqlangan.

Mazkur qarzdorlikni to‘lab berish to‘g‘risida xonadon egalariga tushuntirish berishayotgan vaqtda, shu xonadonda yashovchi fuqaro B.Normurodovning uch nafar o‘g‘li — 1978-yilda tug‘ilgan U.Normurodov, 1985-yilda tug‘ilgan L.Normurodov va 1990-yilda tug‘ilgan E.Berdimurodovlar xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lim davlat inspektorlarining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatishib, ularni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilishadi. Shuningdek, davlat inspektori P.Taylanovning bosh qismiga qo‘llari bilan bir necha marotaba urib, davlat inspektori A.Eshonqulovni yerga yiqitib,  duch kelgan joylariga bir necha marotaba urib, tepib, tan jarohati yetkazishgan.

Mazkur holat yuzasidan 03.07.2019-yilda tuman prokuraturasi tomonidan E.Berdimurodov va L.Normurodovga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  Gumondorlar JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

MIB xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik birinchi marotaba qayd etilayotgani yo‘q. Bundan ko‘rinadiki, to‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta’minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring