Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB Toshkent shahar boshqarmasi 29 nafar xodimini ishdan haydadi

MIB Toshkent shahar boshqarmasi 29 nafar xodimini ishdan haydadi

Foto: MIB matbuot xizmati

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Orif Bozorov ma’lum qildi. U aytdiki, o‘tgan yili tizim xodimlariga nisbatan 310 marta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi, buning natijasida intizomiy javobgarlikka tortilganlardan tashqari ishdan bo‘shatilgani shuncha (ya’ni, 29 nafar)!

Yo‘g‘-ye? Ko‘pmasmi?

— Bo‘lmasa-chi?! Talab shu... Aytgancha, xodimlarni jazolash bilangina mashg‘ul emasmiz, alohida namuna ko‘rsatilayotganlar o‘z navbatida rag‘batlantiriladi ham. Rag‘batlar xodimlarning ota-onalari chaqirilib, ular guvohligida amalga oshiriladi. Bundan ota-onalar xursand, shuningdek, xodimlarga qo‘shimcha motivatsiya! Ertaga shunday tadbirni reja qilib turibmiz, imkon topsangiz, keling...

Qani, nasib...

Avval bugungi tadbirni «hazm» qilib olaylik.

Foto: MIB matbuot xizmati

***

Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot unversiteti majlislar zalida MIBning poytaxt boshqarmasi rahbariyati ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun «Yil yakunlari va istiqboldagi rejalar brifing uyushtirdi. Nega Iqtisodiyot unversiteti binosida?

Gap shundaki, boshqarma Toshkentning chekkarog‘ida (Yashnobod tumanida) joylashgan, boz yo‘llardagi buzilish-qurilish ishlari sabab uzzukun «probka»! Xullas, manzilga yetib borguncha ancha vaqt va asab havoga sovruladi. Shu va shu kabi omillar hisobga olinib, tadbir poytaxtning qoq markazida tashkil etilibdi. «Ommaviy axborot vositalari xodimlariga qulay bo‘lsin dedik-da»  — deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonova.

Tashakkur.

***

Xo‘p, o‘tgan yili MIB Toshkent shahar boshqarmasi nimalar qildi?

Yil davomida kelib tushgan 797 730 ta (11 trln. 727,2 mlrd. so‘mlik) ijro hujjatlarining 540 892 tasi (8 trln. 210,0 mlrd so‘mlik) nihoyasiga yetkazildi. Qoldiqlar ko‘p emas, ammo bor. Biroq ular murakkab ijro hujjatlari toifasiga kiradiki, bu muayan vaqt talab qiladi. Illo, qonunda belgilangan muddatga rioya etilishi alohida e’tiborda. Davlat ijrolarining eng ko‘p band qilayotgani aliment undiruviga oid ijro hujjatlaridir. Boshqarma va hududiy tuman bo‘limlarida 23 900 ta shu turdagi ijro hujjatlari mavjud edi. Hamma alimentchi zimmasiga yuklangan majburiyatni o‘z vaqtida bajarsa-ku, davlat ijrochilariga ish qolmasdi-ya. Ba’zilarining orqasidan chopib ham undirishning iloji bo‘lyapti hatto. Qochib yurgani qancha?! O‘tgan yili 222 nafar yashirinib yurgan alimentchilar topildi, 89 nafari hamon qidiruvda. O‘z vaqtida aliment pullarini to‘lamagan 736 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi (MJtKning 47-4-moddasiga asosan). Yaxshi gap, tushuntirish-u ogohlantirishlar kor qilmagan 32 nafariga esa Jinoyat kodeksining 122-moddasi («Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash») bilan «ish» qo‘zg‘atishdan boshqa chora qolmadi. Insof bersin...

Aytgancha insofga kelayotgani ham oz emas, o‘tgan yili 460 ta oila yarashishiga MIB xodimlari sababchi bo‘lishdi.

***

MIB xodimi desa, kommunal to‘lovlarni «birovning betiga qaramay» undiruvchilarni tasavvur qiladiganlar oz emas. Bunday tasavvurlarda haqiqat uchqunlari yo‘q emas, albatta. Odamzodning fe’li ma’lum — hatto qarz to‘lashda og‘rinadi ko‘pchilik. Shu ma’noda o‘tgan yili energiya resurslari va suv ta’minoti bo‘yicha jami 3 trln. 531 mlrd. 500 mln. so‘m undirilishi oson bo‘lgani yo‘q. Shunday ekan, undiruvlar 2018-yilga nisbatan 1 trln. 906,7 mlrd. so‘mga oshganini alohida qayd etmasak bo‘lmas.

***

Ayrimlar tasavvur qilganidek, eshik taqqillatib kelgan MIBchilar yoppasiga «olabo‘ji» emas. Sharoiti og‘ir xonadonlarga borilganda ishni shartta tarmoqdan uzishdan boshlashayotgani yo‘q. Aksincha, iloji boricha, homiy topib, ularning qarzdorligini bartaraf etish choralari ham ko‘rilayotir. MIBchilarning sa’y-harakati va savobtalab insonlarning muruvvati bilan o‘tgan yili ellikka yaqin kamxarj oilaning qariyib yetmish million so‘mlik kommunal qarzdorligi bartaraf etildi. Joriy yilning o‘tgan yigirma kunida esa birgina Yunusobod tumanidagi 19 oilaning energiya resurslaridan hosil bo‘lgan jami 22 mln. 500 so‘mlik qarzi yopildi.

***

Iste’molga «noreal qarzdorlik» degan gap kirib keldi. Bu, jaydaricha aytilsa, iste’molchi bo‘yniga yo‘q joydan qarzdorlik «ilib» qo‘yilishidir. Ta’minotchi korxonalar tomonidan iste’molchilar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilmagani, energiya resurslari yetkazib berilishi jarayonidagi tabiiy yo‘qotishlar va eng muhimi — tizimdagi talon-torojliklar natijasida hosil bo‘lgan miqdor aholiga «taqsimlab» yuboriladi-da. Buning natijasida o‘tgan yili 81 123 ta iste’molchi nomiga «yemagan somsasi»ga chiqim yozilibdi deng. MIBchilarning sa’y-harakati bilan ular bo‘yniga «ilingan» salkam 24 mlrd. so‘m tagi yo‘q qarzdorlik yechildi.  Bu miqdor 2020 ta holat bo‘yicha aniqlangan qonunbuzarlik natijasida hosil bo‘lgan. Buning natijasida qancha mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha-ku, 91 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

***

Majburiy ijro byurosining qaysi bo‘limiga bormang — ish qaynab yotganini ko‘rasiz. Rostiyam shu: bosh qashishga vaqt yo‘q. Ish hajmi haddan ziyod ko‘p. Byuroning bitta inspektori ta’minotchi korxonalarning olti nafar nazoratchisining ish hajini bajarayotir. Bu inkor etib bo‘lmas fakt. Bunaqa sharoitda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, tizimda ishlar zo‘-o‘r deyish biroz mubolag‘a bo‘lar, ammo chakki ham emas. Yuqoridagi raqamlar ko‘p savollarga javob emasmi?!

***

Brifing savol-javoblarsiz o‘tmaydi, albatta. MIB Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari yoqimli savollarga biroz yayrabroq, muammoli so‘rovlarga jindek hayajonlanib javob qaytardilar. Ayrim o‘rinlarda «yalong‘och qo‘lga tutqich bermaslikka» urinildiki, bular endi alohida mavzu.

***

Tadbir nihoyasida boshqarma boshlig‘i jurnalistlarga qarata: «MIB va OAV o‘rtasidagi hamkorlikni yanayam kuchaytirish uchun qanday takliflaringiz bor?» deya ikki qayta so‘radi. Jo‘yali taklif aytilmadi hisob. Nimayam deyish mumkin: qanday ma’lumot so‘ralsa, matbuot xizmati taqdim etmoqda, hali MIB ostonasidan murod hosil bo‘lmay qaytilgani yo‘q, boz yaqin kelajakda OAV xodimlari uchun press-tur uyushtirilishi ham ma’lum qilindi. Bo‘ladi hozircha. Agar biror taklif yoki g‘oya tug‘ilgudek bo‘lsa, muhokama qilishga fursat topiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring