Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB mas’ulidan taklif: «Zo‘-o‘r fakt bor, yozasizmi?»

MIB mas’ulidan taklif: «Zo‘-o‘r fakt bor, yozasizmi?»

Foto: «Xabar.uz»

Farrux Toshpo‘latovni kichkina odam deb bo‘lmaydi: Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i. Adliya maslahatchisi (podpolkovnik) unvoniga ega. Shu choqqacha ko‘rganlari ko‘p emasdir, ammo oz ham emas. Biroz shoirligi ham bor (balki shuning uchun ham OAV bilan ishlashga mas’ul etib tayinlangandir?!). Shundanmi aksariyat hamkasblaridan farqli ravishda muayyan voqelikdan tezda hayajonga tushadi.

Tarmoqda tez-tez yozishib turamiz — xizmatchilik. Kecha do‘stimiz yozib qoldi: «aka, zo‘-o‘r fakt bor, chiqarasizmi?». Saytchilar «zo‘-o‘r fakt»ning salkam gadosi-ku, qani, yuboring... demadik! Nega? Toshpo‘latovni hayajonga solgan «zo‘r fakt» aslida «g‘o‘r fakt» bo‘lishi yoinki bizga taklif etilayotgan narsa boshqa saytlarni ham «ziyorat» qilgani ehtimoli yo‘q emas-da. Tajribalardan ayon.

Xo‘sh?

Farrux Toshpo‘latov «zo‘r fakt»ga tafsir berishga tushdi: ...MIBning Dang‘ara tuman bo‘limiga qanday ijro hujjati keldi, deng? Bobo va nabira sudlashibdi! Nabira — yigirma sakkiz yoshda, bobo esa sakson to‘rtni urgan. Xullas, nabira bobosidan 4 ming AQSh dollari qarz olgan ekan. Bir oy muddatda qaytarish sharti bilan. Biroq yil o‘tsa hamki qarzini qaytarmabdi. Yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsayam otaxon huquqini yaxshi bilarkan-yey: shartta nabirasini sudga beribdi. Sud esa boboyning pulini ustamalari bilan undirish haqida qaror chiqaribdi. Ammo sud qarorini ijro etish oson deysizmi?! Nabira muqaddam firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun qidiruvda ekani aniqlandi. Qarzdorning o‘zi yo‘q bo‘lsa, undan qanday pul undirib bo‘ladi? Gap shunda-da. Dang‘aralik hamkasblarimiz surishtirsaki, nabiraning nomida «Spark» bor ekan! Mashina oltiariqlik bir fuqaroning uyidan topildi. Yaramas nabira «Spark»ni oltiariqlik o‘sha fuqaroga sotgan, ammo nomiga o‘tkazib bermagan ekan. Nachora, yuridik jihatdan mashina qarzdorga tegishli bo‘lsa, davlat ijrochisida uni («Spark»ni) xatlab, jarima maydoniga tiqishga majbur. Shundan keyin mashina auksion savdoga chiqarilib, tushgan pul haqdorga (ya’nikim, boboga) beriladi. Tartib shunday. Hujjatlashtirish jarayoni boshlaganda oltiariqlik fuqarodan taklif tushdi: boboga sud qaroridan ko‘rsatilgan pulni men bersam mashina o‘zimda qoladimi, nabira bilan keyin o‘zim hisob-kitob qilib olaman...

Bo‘lmasa-chi?! Qisqasi, shunday qilindi. Shu tariqa ijro harakati tugallandi. Tugallandi-yu, lekin bobo va nabira o‘rtasidagi mojaro jabrini butunlay begona odam tortdide...»

«Zo‘r fakt» shumi?

«E, aka, bundanam zo‘ri bor, — davom etdi F.Toshpo‘latov. — Qo‘qonning eng boylaridan bittasi korxonalari ostidan o‘tgan quvurga o‘g‘rincha ulanib, yillar (!) davomida tabiiy gazdan foydalanib kelayotgan ekan! Ayni paytda xodimlarimiz yetkazilgan zarar miqdorini hisoblashmoqda. Ma’lumot tayyor bo‘lishi hamono sizga yuboraman...».

...Ushbu suhbat bo‘lib o‘tganiga hafta to‘ldi. Qo‘qondagi boyvachcha yetkazgan zarar rostanam katta chog‘i, MIBchilar haliyam hisob-kitob qilayotgan ko‘rinadi. Chunki, «gaz o‘g‘risi» deyilayotgan boyvachcha haqida ma’lumot haligacha kelgani yo‘q-da...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring