Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mashshoq ko‘paysa, qashshoq ko‘payadi(mi?)

Mashshoq ko‘paysa, qashshoq ko‘payadi(mi?)

Foto: «Facebook»

Darhaqiqat, xalqimiz orasida shunaqa maqol yuradi: «Mashshoq ko‘paysa, qashshoq ko‘payadi». Negadir   menga moddiy qashshoqlik emas, balki ma’naviy qashshoqlik bo‘lib tuyulaveradi.

Har holda bugungi kunimiz shuni isbotlayapti.

Yoshlarimiz tarbiyasiz, ma’naviyatsiz bo‘lib ketayapti deymiz u, aslida bunga sabab bo‘layotgan narsaga ko‘z yumamiz. Aslida ularning buzilishiga o‘zimiz sababchimiz.

Qanday qilib deysizmi? Hozir tushuntirishga harakat qilaman.

O‘zini san’atkor deb, aslida ma’naviyatsizlikka targ‘ib qilayotganlarni e’zozlab davrani to‘risiga olib chiqayotgan, farzandimizni ta’limiga ko‘zimiz qiymagan pulni, mana shu san’atkorlarning ustidan sochayotgan ham o‘zimiz.

Atrofga qarang, hamma tomonda artistlar: televizorda, radioda, gazetada, to‘yda, kelin-salomda, reklamada, hakamlikda (jyuri), tadbirlarda… Maslahat beradiganlar ham, muhokama qiladiganlar ham, kiyinishni, hattoki ovqat pishirishni o‘rgatadiganlar ham artistlar…

Biz ularni o‘zimizga etalon qilib olmadikmi?!

Endi ayting, farzandlarimiz badani ochiq, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan, gap-so‘zining tayini bo‘lmagan shu chala artistlaru, san’atkorlarga ergashmay kimga ergashsin, kimga havas qilsin?!

Farzandlaringizga qarang, ular ham san’atkorlar kabi hayotini o‘yin-kulgu qilib yubormadimi?

Bir necha yil oldin «Kamolot» degan tashkilotning ommaviy madaniyatga qarshi bir tadbirida qatnashgan edim. Rahbarlar chiqib o‘shanda ommaviy madaniyatni rosa yomonlashgan, uning salbiy oqibatlari haqida yoshlarni ogohlantirishgan edi.

Eng achinarlisi, tadbir so‘nggida musiqiy tanaffus e’lon qilishgan va sahnaga aynan ommaviy madaniyatni targ‘ib qiladigan, tor shim, beli ochiq, futbolkasiga noma’qul so‘zlar yozilgan xonanda chiqib, hammaning «ko‘nglini olgan» edi. San’atkorlar shu darajada jamiyatni egallab olishdiki, ular qamrab olmagan soha deyarli qolmagan edi.

Bugun hatto diniy sohaga ham suqilib kirayotganlarni ko‘rib, angrayib qolyapmiz. (Kusto hayratda!) Albatta, bunday bo‘lishiga hukumatimizning olib borayotgan islohotlari, san’at vakillariga yaratilayotgan sharoitlarning ham o‘rni beqiyosdir. Mamlakatimizda musiqa maktablari soni 304 taga yetibdi. Ularda jami 50 ming 500 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu – 33 millionli xalqqa yiliga 5-6 ming san’atkor yetishib chiqadi degani. Umuman o‘qimay shou biznesga kirib kelayotganlarni hisoblamaganda.

Ushbu raqamlarni diniy soha mutaxassislari bilan solishtirib, ko‘zimga yosh keldi. Butun boshli Buxoriylar, Termiziylar, Moturudiy, Nasafiylar yurtida bor-yo‘g‘i 11 ta diniy ta’lim olish maskani bor. Ularda ko‘pi bilan 1500 nafar talaba o‘qiydi. Eng daxshatlisi, bu dargohlarga faqat 18 yoshdan o‘qishga kirish mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yurtimizda 34 ta san’atkorga 1ta diniy soha vakili to‘g‘ri kelayotgan ekan. Boshqa sohalarni solishtirmadim.

Yurtimiz kelajagi san’atkorlar qo‘lida shekilli.

Qudratulloh Ahmad
Manba: Azon.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring