Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maqsad brifingmi yoki «oynai jahon»da ko‘rinish? Sovuq studiyadan qaynoq reportaj

Maqsad brifingmi yoki «oynai jahon»da ko‘rinish? Sovuq studiyadan qaynoq reportaj

Avvaliga tadbir haqida to‘xtalsak.

Andijon viloyati teleradiokompaniyasida viloyatdagi sudlarning 2019 yildagi faoliyati yuzasidan brifing tashkil etildi. Aytish mumkinki, tadbirda to‘rt yo‘nalish bo‘yicha viloyat sudlari raislarining shaxsan ishtiroki sabab ma’ruzalarda atroflicha, qiyosiy tahlil ko‘zga tashlandi. Tilga olingan raqamlardan eng muhimlariga to‘xtalsak.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatdagi sudlar tomonidan 2 ming 864 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 278 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan, ularning 53,3 foizi sayyor majlislari shaklida o‘tkazildi. Jamoatchilik, xususan, Yoshlar ittifoqi, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafilligi evaziga 34 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazolar tayinlangan.

E’tiborlisi, 147 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Yana 662 nafar shaxs «sudlangan» degan tamg‘a bosilishidan asrab qolindiki, bu qonunchilikka kiritilgan yarashuv institutining hosilasidir.

Viloyat ma’muriy sudi raisi Otabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, o‘tgan yili 24 ming 204 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish mazmunan ko‘rib chiqilgan. Statistika 2018-yilga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan! E’tiborli jihati, hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish, ularning xatti-harakati yoki harakatsizligi bilan bog‘liq ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 234 ta ish ko‘rib chiqilib, 92 tasi qanoatlantirilgan.

Viloyatdagi iqtisodiy sudlarga kelib tushgan da’vo arizalarning 2018 -yilga nisbatan 10 ming 444 taga (35,3 foizga) kamayganligini alohida qayd etmoq zarur. Bu raqamlar, ta’bir joiz bo‘lsa, ayni sohadagi munosabatlarning ancha tartibga tushganligidan ham dalolat.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Jasuriddin Abdusattorov asosan tizimdagi jiddiy o‘zgarishlar mohiyatiga to‘xtaldi. Jumladan, meros bilan bog‘liq fuqarolik ishlari avvalgi yilgidan 35 taga ko‘paygan. Nikohdan ajratish haqida 5 ming 650 ta ariza kelib tushganligiga izoh berish asnosi ta’kidlandiki, sudyalar oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish, ajrashish arafasidagi juftliklarni yarashtirishga astoydil urinishmoqda, bu yo‘nalishda hamkor tashkilotlar bilan birga joylarda turli ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazishmoqda. Ayni turdagi da’volar o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 441 taga kamayganligining asosiy omili ham shundan. Ajrimlar kelajakda uy-joy, mol-mulk, aliment bilan bog‘liq nizolarga «doyalik qilishi» e’tiborga olinsa, bu boradagi xatti-harakatlar e’tirofga loyiq.

Xolis aytganda, tizimda yutuqlar barobarida og‘riqli masalalar ham yo‘q emas. Jumladan, quyi instansiya qarorlaridan norozi bo‘lib Oliy sudga shikoyat bitgan va murodi hosil bo‘lgan fuqarolar talaygina. Tez-tez kuzatilayotgan yana bir jihat – oliy mahkama tomonidan quyi sudlar qarorlari bekor qilinib, ishni atroflicha o‘rganish uchun tag‘in birinchi instansiyaga qaytarilayotganligiga ham yetarlicha misollar bor. Har ikki holatni ma’lum ma’noda quyi bosqich sudyalarining professional salohiyatiga berilgan baho deb aytish mumkin. Quyi sud qarorlarida imkon qadar e’tirozga o‘rin qoldirmaslik, sudyalarning bilim va mahoratini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham ishlab chiqilganmi?

Jasuriddin Abdusattorovning ta’kidlashicha, Oliy sudda bekor qilingan qarorlar ko‘pincha birinchi besh yillikka tayinlangan sudyalar faoliyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Shundan kelib chiqib, tumanlararo sudlar sudyalarining viloyat hamda respublika doirasida «stajirovka» o‘tab borishlari yo‘lga qo‘yildi. Viloyat sudlarida har 15 kunda o‘tkazilajak seminar-treninglarda ham sudyalarning ko‘proq qaysi qonun hujjatlarini qo‘llashda «qoqilayotganligi» tahlil qilinib, asosiy e’tibor ayni shu nuqtalarga qaratilmoqda.

Qariyb ikki soat davom etgan tadbirda muhim ma’lumotlar va fikr-mulohazalar bildirilganligini ta’kidlagan holda tashkilotchilik bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarga ham urg‘u berish shartday.

Boz aytdik, brifing viloyat teleradiokompaniyasida to‘liq teletasvirga tushirildi. Garchi mazkur turdagi tadbir, qoidaga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, asosiy maqsad «oynai jahon»da ko‘rinish ekanligi sabab bir o‘q bilan ikki quyon mo‘ljalga olinganligi (brifingni ko‘rsatuvga aylantirish) ko‘zga tashlandi. OAV vakillari uchun mo‘ljallangan tadbirda bor-yo‘g‘i ikki nafar jurnalist (ko‘rsatuv boshlovchisi hamda ayni satrlar muallifi) ishtirok etganligi, sud raislari qarshisiga nega asosan sud mutaxassislari hamda viloyat tashkilotlari vakillari (Yoshlar ittifoqi, bojxona, ichki ishlar, transport boshqarmasi va hk.) taklif etilganligi ham ajablanarli. Ustiga ustak, studiyaning sovuqligidan tadbir yarmiga boriboq aksar ishtirokchilar nigohida «Tezroq tugasaydi!» degan istak sezilib qoldi.

Bizningcha, tashkilotchilik bilan bog‘liq kamchiliklar har jihatdan viloyat sudlarida matbuot kotibi lavozimining yo‘qligi, ayni vazifa esa jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi xodimlaridan birining zimmasiga yuklatilganligi bilan bog‘liq. Matbuot bilan ishlash malakasiga ega bo‘lmagan mutaxassis esa sohaviy tadbirlarga oid tartib-taomillarni tushunmasligi tabiiy.

Xulosa shuki, brifing yoki matbuot anjumaniga nainki televideniye, hududdagi barcha OAV vakillari taklif etilsa, sudlar jamoatchilikka yetkazishni istagan ma’lumotlar yanayam kengroq auditoriyani (garchi ko‘rsatuvni millionlab tomoshabin kuzatadi degan ezgu maqsad qo‘yilgan bo‘lsa-da, chiroq o‘chaverib asablarga o‘ynayotgan kunlarda tadbirdagi tafsilotlar qancha odamga yetib borishi mumkin?) qamrab olishi shubhasiz. Ana shunda sudning jamoatchilikka bildirmoqchi bo‘lgan jiddiy axboroti ham kamchiliklar soyasida qolib ketmaydi.

Nurillo No‘’monov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring