Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Hokim qonunni hurmat qilmaydimi?

Hokim qonunni hurmat qilmaydimi?

Foto: Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov

Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov — zamonamiz qahramoni. Uning yurtimiz oldidagi «xizmati» beqiyoski, hatto to‘rt dona makkajo‘xorini ham budjetga tushishiga g‘amxo‘rlik qiladi, o‘zgalar ilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu yo‘lda achchiq-nordon va «shirin» so‘zlarini ayab o‘tirmaydi...

Aslida birovnikidan so‘ramasdan igna olsang ham bu o‘g‘rilik. O‘g‘rilik esa jinoyat. Bu illatning kasofati haqida hozir leksiya o‘qish shart emas.

Xo‘sh, hokim Ravshan Komilov zimdan olib qaraganda noto‘g‘ri ish qilmadiku, nega avom undan norozi? Nega bir zumda internet yulduziga aylangan tuman rahbari manziliga achchiq sharhlar oqimi yo‘naltirilmoqda?

Birinchi sabab. Bu tipdagi hokimlar uchun oddiy xalqni haqorat qilish, uni mensimaslik odatiy holat. Ular faqat o‘zidan katta mansabdorga bo‘yin egmog‘i mumkin, illo oddiy xalqqa emas. O‘sha farg‘onalik mashhur hokim ham davlatimiz rahbari va senatorlardan o‘tinib (!) uzr so‘radi, aslida xalqdan ham kechirim so‘ramog‘i ham shart edi.

Mirishkor tumani hokimi ham (agar uzr so‘rab chiqqudek bo‘lsa) oddiy odamlarga murojaat qilmog‘i dargumon. Uzr katta ehtimol bilan boshqa manzilga yo‘naltiriladi.

Ikkinchi sabab. Hokim o‘zini arzimas o‘g‘rilikka ham qarshidek ko‘rsatyapti. Xo‘sh, mansabdorlar bu illatga shu darajada qarshi ekan, nega korrupsiya degan illat bizda hamon mavjud? Chorak asr davomida milliardlarni chet elga tashigan va bugun asl yuzi oshkor bo‘lganlarga ham hokim buva bir nima deya oladilarmi? Yoki u kishining chiroyli so‘zlari va o‘tkir qamchisi faqat oddiy xalq ustida o‘ynaydimi? Hokimlarning o‘zichi, «o‘g‘rilik» qilishmaydimi?

Uchinchi sabab. Hokim qonunni bilmaydimi? Bizda kim, qanday turda jinoyat qilishdan qat’i nazar u O‘zbekiston qonunlari asosida jazolanadi, hukmni sud chiqaradi. Hokim qonun chiqaruvchi ham, jazolovchi ham emas. O‘g‘irlik haqida tegishli joyga aytishi lozim va shu yetarli. Uning mansabi jazolash va haqorat qilish vakolatini bermaydi. Tumanning birinchi rahbari qonunga behurmatlik qilsa. Qolganlarga nima deysiz?

To‘rtinchi sabab. Katta yoshli odamni yosh nabiralari oldida obro‘sizlanishiga hokim aybdor. Katta inson uchun avlodlari oldida sharmanda bo‘lishdan og‘irroq jazo bo‘lmasa kerak.

Shu o‘rinda bizda hokimlarga nima yetishmaydi, degan savol tug‘iladi.

Hokimlar o‘zgarishi kerak. Ular sovet davridagi badjahl rais rolidan zamonaviy davlatdagi demokratik rahbarga o‘zgarishlari lozim. Tasavvur qiling, demokratik jamiyat nomiga da’vo qilayotgan mahalimiz, qaysidir hokim to‘rt-beshta makkajo‘xorini deb, oddiy fuqaroni bo‘ralab so‘kyapti. Davlat uchun mehnat qilayotgan hokim bitta vaziyatda shunday qovun tushirib, o‘zining ijobiy ishlarini yo‘qqa chiqarib yubormoqda.

Hokimlarga yaxshi imidjmeyker kerak. Imidjmeyker rahbarni tarmoqdagi yangiliklar va xalq kayfiyatidan xabardor qilmog‘i, muammoli vaziyatlarda maslahatlar bermog‘i zarur.

Xullas, o‘zgarishlar zarur. Ammo buni Mirishkor tumani hokimi kabi rahbarlar inobatga olarmikin?

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring