Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kunlik oziq-ovqat zaxiramiz qancha? Bosh prokuratura qator ma’lumotlarni ochiqladi

Kunlik oziq-ovqat zaxiramiz qancha? Bosh prokuratura qator ma’lumotlarni ochiqladi

Foto: Xabar.uz

Karantin sharoitida ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash, ularga nisbatan ajiotaj talabning vujudga kelishini oldini olish eng muhim vazifa hisoblanadi. Mamlakatimizda bu borada jiddiy muammo yo‘q, albatta. Chunki, karantin e’lon qilingani hamono prokuratura, departament va soliq idoralarining 2 604 nafar xodimlari respublikadagi 215 ta dehqon bozori, 167 ta savdo kompleksi, dorixonalar, ulgurji savdo bazalari va tovar xomashyo birjalariga biriktirilib, ularning har biriga aniq vazifalar belgilab berildi.

Ayni paytda respublikaning dehqon bozorlarida aholining kunlik ehtiyojni qoplash uchun 1,6 ming tonna kartoshka, 1,5 ming tonna piyoz, 1,7 ming tonna sabzi, 360 tonna karam, 1,26 mln.  dona tuxum, 1,7 ming tonna guruch, 1,5 ming tonna un, 481,9 tonna o‘simlik yog‘i va 466,9 tonna shakar zaxirasi shakllantirilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, 13 aprel holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga jami 467 tonna, Toshkent shahar dehqon bozorlari, savdo tarmoqlari hamda sayyor savdo shahobchalariga 262,4 tonna import qilingan kartoshka yetkazib berilgan.

Karantin sharoitida fuqarolarimizning bozorlarga borish imkoniyati pasayganligi sababli har bir mahalla, ovul va aholi punktlarida ko‘chma savdo rastalari tashkil etilib, ularda mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar narxida hech qanday ustamalarsiz sotish yo‘lga qo‘yildi.

Bu maqsadda barcha mutasaddi idoralar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda mahallalar dislokatsiyasi belgilab olinib, aholi zich joylashgan hududlarda haftada ikki kun, nisbatan kam joylashgan hududlarda esa haftada belgilangan bir kunda aholi uchun savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Jumladan, 1-13 aprel kunlari hududiy prokuratura, departament organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda 18 352 ta yoki 13 aprel kuni 2 228 ta ko‘chma savdo yarmarkasi tashkil etilib, aholiga jami 20 709 tonna oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxlarda sotildi. Bundan tashqari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Dori-darmon korxonasi bilan hamkorlikda maxsus jihozlangan 131 ta ko‘chma dorixona tashkil etilib, karantin davrida 826 mln. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotilishi ta’minlandi.

Ushbu savdo rastalari va ko‘chma dorixonalar to‘lov terminallari bilan ham ta’minlangan. Ya’ni naqd pul orqali infeksiyani yuqtirish xavfi ham minimallashtirilgan.

Aholi uchun barcha zarur qulaylik va sharoitlar yaratilayotgan bir paytda ayrim mutasaddilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasini shakllantirish o‘rniga ularni talon-toroj qilish yoki narxlarni sun’iy oshib ketishiga yo‘l qo‘yish holatlari ham uchrab turibdiki, bunday shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Navoiy shahridagi «Sahovat bozori» va «Elga Xizmat» MChJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, 2019-2020 yil qish-bahor mavsumida aholi ehtiyoji uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratish maqsadida ajratilgan pullarning 448,4 mln. so‘mini turli yo‘llar bilan naqdlashtirish orqali talon-toroj qilgan. Mazkur holat yuzasidan «Sahovat bozori» MChJ, «Elga Xizmat» MChJ mansabdor shaxslari hamda «Q.O.» fermer xo‘jaligi rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari bunday sinovli kunlarda mo‘may daromad orttirish maqsadida ayrim fuqarolar tomonidan  oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy savdosiga ham qo‘l urilmoqda. Jumladan, Departamentning Xiva shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirida fuqaro D.Salayev tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, 4 tonna kartoshka mahsulotini har bir kilogrammini 5500 so‘mdan sotgan vaqtida ushlanib, undan 4 018 kg kartoshka mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan. Ayni paytda noqonuniy savdoga chiqarilgan kartoshka mahsulotlari chekka hududlarda tashkil etilgan ko‘chma savdo yarmarkalarida aholiga arzon narxlarda sotilishi ta’minlangan.

Yana bir gap. CeoWorld Magazine nashri ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yashash uchun eng arzon top-5 mamlakat qatoriga kiritilgan. Shveysariya dunyoda yashash uchun eng qimmat davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Norvegiya ikkinchi, Islandiya uchinchi pog‘onada. Shuningdek, top o‘nlikdan Yaponiya, Daniya, Bagam orollari, Lyuksemburg, Isroil, Singapur va Janubiy Koreya davlatlar joy olgan. Ayni ma’lumotlarni keltirishdan murod – ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘q ekanini yana bir karra ta’kidlamoqdir. Xotirjam bo‘ling va uyda qolib, joriy etilgan qoidalariga qat’iy amal qiling. Vassalom.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring