Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi kuniga 10 ming qadam yurishni tavsiya qilmoqda (foto)

Sog‘liqni saqlash vazirligi kuniga 10 ming qadam yurishni tavsiya qilmoqda (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Shu yilning 3 avgust kuni mamlakatimiz bo‘ylab aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida  «Sport – sog‘lom hayot kechirishning asosi» shiori ostida har bir tibbiyot muassasasi hududi va hiyobonlarda aholi ishtirokida ommaviy salomatlik tadbirlarining navbatdagisi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, poytaxtimizning Mirobod tumanida joylashgan «Mehrjon» bog‘ida ham 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashg‘ulotlari amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

«Muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish inson salomatligiga ijobiy ta’sir qilishi hammamizga kundek ravshan. Chunki tananing kunlik jismoniy faoliyatga ehtiyoji bor va u qondirilishi zarur. Negaki, kamharakat turmush tarzi ko‘plab va surunkali kasalliklarning manbaiga aylanmoqda. Oddiy semirishdan tortib, to qandli diabet, yurak va qon tomir, bo‘g‘imlar, astma kabi xastaliklar harakatsizligimiz oqibatida paydo bo‘lish ehtimoli katta.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan kamharakatlilik oqibatida kelib chiqayotgan ko‘plab kasalliklarning oldini olishda jismoniy faollik, jumladan, kuniga 10 000 qadam yurish tavsiya etilmoqda. Buni amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishingiz mumkin. Mobil telefonidagi ilova yoki fitnes soati qadamingizni beminnat hisoblab beradi. Bu esa bizning yurishga, faollikka bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirishga xizmat qiladi. Agar siz fitness soatingizning dastur menyusiga qarasangiz ham, kuniga 8000-10000 qadam tashlash bo‘yicha tavsiyalarni ko‘rasiz.

E’tiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q, ijobiy ta’siri esa juda yuqori. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya’ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Gimnastika mashqlari ham salomatlik uchun foydali bo‘lib, uning natijasida, mushak tizimini mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi. Bundan tashqari, kuch, tezlik, chidamlilikni tarbiyalaydi. Sog‘lomlashtiruvchi ta’sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to‘g‘ri rivojlanishi ta’minlanadi.

Unutmaylik, sog‘lom turmush tarzi, jumladan, yurish va gimkanistka kabi yengil jismoniy mashqlar holsizlik, uyquning buzilishi, diqqat-e’tiborni jamlay olmaslik, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik kabi salbiy holatlarning oldini oladi, salomatlikni mustahkamlaydi, kasalliklardan muhofaza qiladi hamda umrni uzaytiradi. Buning uchun ko‘p narsa talab etilmaydi. Shunchaki, jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirsangiz kifoya»,-deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring