Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘zi ojizlar ko‘chaga haydalmoqda yoki qaror qat’iy emas, shikoyatga o‘rin bor!

Ko‘zi ojizlar ko‘chaga haydalmoqda yoki qaror qat’iy emas, shikoyatga o‘rin bor!

Illyustrativ foto

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudida navbatdagi sud ishi ko‘rildi. Hal qiluv qaroriga ko‘ra, Respublika ko‘zi ojizlar jamiyati tuman bo‘limi binosining buzib tashlanishi qonuniy deb topildi, endi shu hududda yashovchi bir nechta oila o‘zlari yashab turgan uydan ko‘chirib chiqarilishi kerak. Chunki, oilalarning uylarga egalik qilishni tasdiqlovchi hokimiyat qarori va kadastr hujjatlari, tuman bo‘limining buzilgan binoga egalik qilishini tasdiqlovchi barcha yuridik hujjatlar haqiqiy emas, deb topilgani ko‘rsatilgan. Natijada Bekoboddagi ko‘zi ojizlarni birlashtirib, ularga ko‘mak berib turgan tashkilot binosiz, jamiyat a’zolari esa chirqillab qolaverdi.

Jamiyatning viloyat bo‘limi mas’ullari va ushbu hududda yashovchilar bilan suhbat asnosida aslida nima bo‘lganini o‘rganishga harakat qildik.

O‘zbekiston Respublikasida imkoniyati cheklangan fuqarolarni himoya qilish va ularning konstutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida turli jamiyatlar tashkil etilgan. Respublika ko‘zi ojizlar jamiyati shulardan biridir. Jamiyatning har bir viloyat va tumanlarda bo‘limlari tashkil etila boshlangach, mas’ullar Bekobod tumani hokimligiga ham shu masalada murojaat qilishadi. Faoliyati to‘xtatilgan bog‘cha binosi o‘sha paytda tuman madaniyat bo‘limiga berilgan edi. Madaniyat bo‘limining o‘z binosi bo‘lgani bois bu inshootga ehtiyoji yo‘qligi o‘rganiladi. Natijada bino jamiyatning tuman bo‘limiga biriktirilib, barcha hujjatlar rasmiylashtiriladi.

Mas’ullar va ko‘ngillilar tashlandiq bo‘lib qolgan joyda tozalash va obodonlashtirish ishlarini olib borishdi. Yuk mashinasi 7-8 marta qatnab, bu yerdagi axlatlarni tashib tugatadi. Mevali daraxtlar, gullar ekiladi. Mo‘’jazgina tomorqada dehqonchilik qilinadi. Shundan so‘ng jamiyatga a’zo ko‘zi ojizlar yillar davomida bu binodan foydalanib kelgan. Turli madaniy tadbirlar, sport musobaqalari xuddi shu binoda tashkil etilib kelindi.  Turli bayramlar shu binoda o‘zgacha shod-xurramlik bilan nishonlangan. Ko‘rish qobiliyati yo‘qligi bois jamiyat hayotiga faol aralasholmaganlar uchun bu joy o‘ziga xos maskan edi. Jamiyatning tuman bo‘limiga «Amir Xamza» jome’ masjidi tutash edi.

Masjid uchun avtoturargoh qurish istagi paydo bo‘lgach, qo‘shnilar o‘rtasida munosabat buzildi. Masjid ma’murlari tashlandiq bo‘lib yotganida ahamiyat bermagan, ko‘zi ojizlar tomonidan obod qilingan joyga da’vo qila boshladi. Bu orada ko‘zi ojizlarning dodini eshitadigan odam topilmadi. Hokimlik o‘zi chiqargan qarorlar ijrosi masalasiga panja ortidan qaradi. Toshkent viloyati «Yermulkkadastr» DK Bekobod tuman filialining ma’lumotnomalari esa hisobga o‘tmadi. Oldingan tuzilgan reja asosida maxsus texnikalar yordamida tunda kelishib, jamiyat binosi buzib tashlashdi...

Foto: Respublika ko‘zi ojizlar jamiyati tuman bo‘limi binosi buzib tashlandi.

Narsalar talon-taroj qilindi. Shiferlar, yog‘ochlar, stol-stullar — qo‘lga ilinadigan nimaiki bor – «egasini tanib» ketdi. Zafar shaharchasi «Bo‘ston» mahallasi Ibn Sino ko‘chasida joylashgan sobiq bog‘cha binosining bir qismi tuman hokimining 2000 yil 29 dekabridagi farmoyishi bilan ko‘zi ojizlar jamiyatining tuman bo‘limiga o‘tkazilganligi haqidagi farmoyish amalda hech bir kuchga ega bo‘lmadi...

Foto: Narsalar talon-taroj qilindi.

Buzish ishlari esa to‘xtay demasdi. Endigi navbat binoga yondosh bo‘lgan aholi uylariga kelgan edi. Ko‘mak so‘rab borganlar hokimning sudga beringlar, degan sovuqqina qisqa javobidan hafsalalari pir bo‘lib qaytishdi. Talon-taroj qilingan buyumlar yuzasidan hududdagi ichki ishlar bo‘limiga qilingan yozma murojaatlarga esa munosabat ham bo‘lmadi. Shundan so‘ng ko‘zi ojizlar necha martalab tumandagi mas’ul idoralarga borishdi. Ularga hech kim quloq solavermagach, sudga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi.

Ammo... sudda jamiyat nomidan yozilgan ariza qabul qilinmadi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘ruvchi tashkilot — fuqarolik sudining adliya vazirligi tomonidan berilgan guvohnomasi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat-notijorat tashkilotning murojaatiga bunday munosabat mavhumligicha qoldi. Bu esa jamiyat a’zolariga navbatdagi zarba edi. Shundan so‘ng uyi buzilish xavfi ostida bo‘lgan fuqarolar ariza yozishadi. Ushbu ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudida 2018 yil 21 senyabr kunida ko‘rib chiqildi. Sudning hal qiluv qarori mazmunini yuqorida aytdik... Ko‘zi ojizlar jamiyati va fuqarolar manfaati uchun taqdim etilgan hokimlik qaror va farmoiyshlari, kadastr hujjatlari haqiqiy emas, deb topilgan bir paytda masjid qurish uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer ajratish haqida Xalq deputatlari tuman Soveti ijroiya komiteti 1990 yil 21 noyabrdagi qarori hamda 1990 yil 3 oktyabrdagi dalolatnomasi sud qaroriga asos sifatida qayd qilingan. Ikkinchidan, biror kishiga o‘sha hujjat ko‘rsatilgani yo‘q. Ayni kunlarda esa Majburiy ijro buyurosi xodimlari kelib, uy egalarini boshqa joyga ko‘chishga undashmoqda. Qish-qirovli kunlarda borarga joyi bo‘lmagan insonlar kimdan najot kutishni bilmaydi. Eshik taqillasa yuragini hovuchlaydi...

...Qadimdan masjidlar muborak maskan hisoblangan. Masjidlar atrofida g‘aribxonalar, yetimxonalar barpo etilgan. Bu bejizga emas. Chunki ruhiy poklanish, Yaratgan buyurgan farzlarni ado etishga kelganlar doim ularning boshini silashgan. Bugun esa masjidga keluvchilarning ulovlari uchun turargoh qurish vaji bilan ko‘zi ojizlar ko‘chaga haydalmoqda. Chora qayerda, yechim nimada? Mas’ullar vaziyatga qanday izoh berishadi?

Farhod Umarov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring