Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat tegishli idoralarning ishi emas

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat tegishli idoralarning ishi emas

Foto: «The Nation»»

Dunyo dunyo bo‘libdiki, odamzotni hakalak otgan nafsi xalq ichida obro‘sizlantirib, sharmanda qilar ekan. U ham bo‘lsa, boylik orttirish ilinjidagi nafsi tufayli. Shu tob xalq ichida yuradigan bir hikmatli rivoyat yodimga tushdi.

Keng va chiroyli yo‘lakda boylik ho‘ngrab yig‘lab o‘tirganmish. Shunda undan, «Iye, boylik, nima gap, seni ham yig‘latadigan kuch bormi, qo‘ling uzatgan joyga yetsa, xohishing doimo muhayyo bo‘lsa, bu ne hol, — deya ko‘ngil so‘rabdilar. Boylik  esa: «E, halovatim yo‘q, hech bir ne’matdan huzurlanmayman, quvonch yo‘q» deb javob beribdi.

Shunday… Bu dunyoning eng buyuk ne’mati qanoat ekanligi, u tufayli inson kechirgan umri, kasbu koridan rozi-rizolik, el ichida obro‘, xayru baraka va huzur-halovat topishi bor gap. Afsuski, buni bilgan odamzot nafsdek o‘pqon oldida har gal mulzamda.

Yaqinda qaysidir telekanal axborotida ko‘rib qoldim. Oliy sudning sudyasi pora olgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganini... Birni ko‘r fikr qil, birni ko‘r shukr qil, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Bir nobop qilmishning ming qora ishi tufayli yillar davomida misqollab yig‘ilgan obro‘ el ulus oldida yer bilan bitta bo‘ldi. Ha, nafsning so‘nggi manzili har doim xuddi shunday xunuk manzara bilan tugashi rost gap. Bundan o‘z vaqtida  xulosa chiqarish insonning to‘g‘ri yo‘lda turganligidan dalolat beradi.

O‘ylanib qolaman, nahot halol mehnatingiz evaziga davlat tomonidan berilayotgan oylik maoshga kun ko‘rish mushkul. Nahot ro‘zg‘or boqish uchun yetmasa? Nahot ayrimlar boylikning nishonasi deb hisoblaydigan dang‘illama imorat, so‘nggi rusumdagi avtomashinani 3-4 yilda ishlab olaman, deb o‘ylashsa… Olish mumkindir, pora yoki tama evaziga... Tez fursatda topilgan boylik bir necha daqiqalarda ko‘kka sovurilishi mumkinligi ham ko‘pchilikka ayon-ku. Ota bobolarimiz ham bunday to‘kislikka, farovon turmushga yillar davomida erishgani azaldan ma’lum.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, biz o‘zbeklarning dasturxonimizdagi eng tabarruk ne’mat nima?  Usiz dasturxon befayz. Albatta, non. Har tong nonushta uchun dasturxoningizga qo‘yiladigan nonning halol mehnat evaziga topilayotganiga ishonsangiz, shuning o‘zi katta baxt.  Bir kasb ortidan oila boqib, yurtga to‘y tomosha berish saodati faqat halol yashash baxti bilan to‘kisligiga ishonaman. Shunda ayrim kimsalar  taqdiridagi sharmandalik hech kimning chekiga tushmaydi... Aslida harom luqma insonga hech qachon tatimagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat tegishli idoralar vakillarining ishi emas. Bu jamoatchilik nazoratidagi yumush bo‘lishi lozim. Men korrupsiyani odamda paydo bo‘ladigan biror bir yaraga o‘xshataman. Madda qachon quriydi, qachonki, o‘sha organizmda  yaraga qarshi immunitet, maddaga qarshi malham topilsagina... Demak, har birimiz qayerda bo‘lmaylik, mas’ul shaxslarning tamagirligiga guvoh bo‘lganda indamay ketavermasdan,  to‘rt tomonga jar solish mavridi keldi. Adolatsizlikka nisbatan murosasizlikni o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Chunki adolat havoga o‘xshaydi. U yo‘q joyda bo‘g‘ilib qolish hech gap emas. Shu o‘rinda tamagirlik dinimizda ham  qoralanganini aytmoqchi edim. Qur’oni Karimda ham  «Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar» deyilgan. Demak, tamagirlik gunoh ishlardan biri.

Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublikamizda qanchadan qancha qonunlar, qarorlar, hukumat hujjatlari hayotga tatbiq etilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda birinchi darajali vazifa etib qo‘ydilar. Jamiyatimizda korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo muqarrarligi ma’lum.

2017-yil 4-yanvardan O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirgani korrupsiyaga barham berish uchun barcha asoslarni yaratib berdi. Davlatimiz rahbarining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori esa  qonun ijrosi to‘liq va samarali ta’minlanishi uchun qabul qilindi. 

Shu qaror asosida «2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi» ham tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, mazkur komissiya korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘di va tahlil etdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshirdi. 

Xulosa o‘rnida aytadiganimiz korrupsiyaga qarshi kurashda Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi yuqori natijalarga erishgan davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallagan. Ammo, faqatgina jinoiy qonunchilikni og‘irlashtirish yo‘li bilan bu salbiy illatga qarshi kurashib bo‘lmaydi. Chunki Xitoy Xalq Respublikasida juda ko‘p miqdorda pora olganlik uchun o‘lim jazosi mavjud. Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim.

Eldor Bahodirov,
Davlat xizmatlari agentligining
Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring