Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Korall kalsiyning har dardga shifo bo‘lishi haqidagi xabarlar asossiz» – SSV

«Korall kalsiyning har dardga shifo bo‘lishi haqidagi xabarlar asossiz» – SSV

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev o‘zining telegram kanalida so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizga chetdan olib kelinayotgan korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi haqida tarqalayotgan har xil shov-shuvli ma’lumotlar, jumladan, korall kalsiy juda ko‘p dardlarga shifo bo‘lishi, hatto, onkologik kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida asossiz xabarlar ko‘payib borayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur ma’lumotlarni atroflicha o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qilgan:

Darhaqiqat, kalsiy moddasi inson hayoti va salomatligi uchun muhim mikroelementlardan biri. Zero, kalsiy inson suyak tizimlarini mustahkamlash, organizmda modda almashinuvini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli tarkibida kalsiy bo‘lgan biologik faol qo‘shimchalar doim xaridorgir bo‘lib kelgan.

Korall kalsiysi haqida so‘z yuritiladigan bo‘lsa, bu modda kalsiy karbonatining bir ko‘rinishi bo‘lib, kalsiyning dunyoda eng ko‘p tarqalgan turi hisoblanadi. Korall kalsiysi toshlangan koralldan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo‘ladi. Hozirgi kunda poytaxtimizdagi «BEVERLee Businees» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijdan olib kelingan ana shunday mahsulotni aholiga taqdim etmoqda. Ushbu MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va u taqdim etayotgan mahsulotlar tegishli muvofiqlik va sifat sertifikatiga ega. Biroq, Buni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot ham isbotladi.

«Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun «Beverli» kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo‘lgan dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirish maqsadida maxsus tadqiqot o‘tkazdik, — deydi mazkur institut ilmiy xodimi Rustam Ashurov. – Poroshok ko‘rinishida bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlandi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Faqatgina «Beverli» kompaniyasiga tegishli kalsiy namunasida minerallar tarkibi biroz ko‘proq ekan».

«Bu biologik faol qo‘shimchani har dardga davo deb talqin etish mutlaqo noto‘g‘ri, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakalogiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Shaislomov. – Bundan tashqari, inson biror dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimcha iste’mol qilishdan oldin albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste’mol qilish aslo mumkin emas».

«Jumladan, tarkibida kalsiy saqlovchi har qanday dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchani ham o‘z bilganicha ichish nafaqat foyda keltirmasligi, balki turli xil salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deya so‘zida davom etadi B.Shaislomov. – Xususan, biz yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga moyilligi bo‘lgan shaxslarda yurak ritmining turli buzilishlariga va hatto o‘limga ham olib kelganligi haqidagi ayanchli ma’lumotlarga egamiz. Shuningdek, siydik-tosh kasalligi bor bemorlarda dardni zo‘raytirib yuborganlik holatlari ham ko‘p kuzatilgan».

Shunday ekan, kasalliklarni davolashda sifat va miqdor jihatdan tekshiruvlardan o‘tkazilgan, shu bilan birga, xususiyatlari ham to‘liq o‘rganilgan kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda mamlakatimizda kalsiy saqlovchi juda ko‘p samarali dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan va dorixonalarda yetarli miqdorda mavjud, narxi ham hamyonbop.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring