Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ko‘p go‘shtdan ko‘p non yeyishgacha»: Fermerlar kengashi parlamentga murojaat qildi

«Ko‘p go‘shtdan ko‘p non yeyishgacha»: Fermerlar kengashi parlamentga murojaat qildi

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi parlamentga murojaat qilib, g‘alla narxlaridagi muammolarga yechim so‘ragan.

Bu kengashni hali ko‘pchilik unutib ulgurmagan bo‘lsa kerak. Kengash raisi Aktam Hayitov go‘sht narxining oshishiga go‘shtni ko‘p iste’mol qilishimiz va ozuqa yetishmasligini asosiy sabab sifatida aytib o‘tgan edi.

Murojaatnomada Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi zahmatkash dehqonlarning g‘alla yetishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o‘z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali ularning g‘alla yetishtirish hajmlarini ko‘paytirishga qiziqishlari ortishini ta’minlash maqsadida qator takliflar bildirilgan.

Murojaatnomada ta’kidlanishicha, g‘alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan qabul qilgan g‘alla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkaza olmayapti.

Buning sababi, don korxonalari bug‘doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so‘mdan, ya’ni hukumat belgilab qo‘ygan qat’iy narxda sotishi bilan izohlanmoqda. Don korxonalari zarar ko‘rayotgani sababli, fermerlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qila olmayapti.

Shundan kelib chiqib, kengash parlament vakillari e’tiboriga bir qator takliflar bilan chiqqan. Xususan:

  • davlat tomonidan g‘alla yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirish;
  • fermer xo‘jaliklarida g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari hamda boshqa resurslarni yetkazib berishni to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazish.

Murojaatnomani o‘rganib chiqish uchun deputatlardan iborat ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh murojaatnomada keltirilgan har bir dalil va taklifni joylarga chiqqan holda, don korxonalari, fermerlar hamda iste’molchilar bilan bevosita uchrashib, har taraflama o‘rganadigan, xalqning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, zarur chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan taklif tayyorlashi aytilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring