Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kommunizm kolxozi»dan maktub

«Kommunizm kolxozi»dan maktub

Foto: «VostokNews Group»

Bizning To‘pchoq qishlog‘imiz Kitob tumanining bir oz chekkarog‘ida joylashgan. Iqlimi mo‘’tadil, xushmanzara joylar. Yaqinda Yangi yil bahona dam olgani bordim. Ammo xushnud damlar bilan birga bemaza xotiralarni ham yelkamga ortib qaytdim.

Uch yil Rossiyada ishlab, nihoyat uyiga qaytgan o‘rtog‘im ziyofat berdi. Maktabda birga o‘qigan do‘stlarim bilan shinamgina uyda, kamtargina dasturxon atrofida miriqib gurunglashaman, deb niyat qilib bordim. Yo‘lda bir oz ushlanib qoldim. Og‘aynilarim davrasiga yetib borganimda meni qadrdonlarim emas, bir to‘da mast-alastlar kutib turar edi… To‘g‘risi, ularni ham ayblamoqchi emasman. Ammo na gapimiz qovushdi, na o‘tirishimizga fayz kirdi. Bir do‘stimning noz-ne’matlar qalashgan dasturxonga bosh qo‘ygancha «o‘chib» qolganiyu, boshqasining ko‘chada yiqilgani ko‘nglimni xijil qildi…

Umrida araq tugul, limonad shishasidan suv ichmagan adabiyot muallimimizga savol bergandim:

— Agar to‘yda stolga umuman araq qo‘ymasak, nima bo‘ladi?

— Dastlab odamlar bezovtalanadi, dangal so‘zlar, xushchaqchaq qiyqiriqlar bo‘lmaydi. Erkaklar xotinlar kabi burchak-burchaklarda shivir-shivirni boshlashadi. Har doim qizarib turadigan ko‘zlarda g‘azab va norozilik olovi yonadi. Qarindoshlaring senga «mana, ko‘r to‘yingni ahvolini» degan malomat bilan boqishadi. Odamlar har xil bahonalar bilan tarqala boshlashadi. Oqibatda to‘y sovugan oshga aylanadi, — deya javob bergandi ustozimiz. — Afsus, «to‘yning ko‘rki ichkilik» degan aqida hukmron bizning qishloqda. Mustaqillikka 27 yil bo‘lyapti-ku, mana shu tomondan xuddi «kommunizm»da qolib ketganmiz.

Yana bir voqea: qishloqda to‘y bo‘ldi. Qadahlar ko‘tarilayotganda, kuyov bolaning otasi aytib qoldi:

— Kecha falonchini melisa olib ketibdi. Diniy ma’ruzalar chiqibdi, telefonidan. Shu vaqtgacha o‘g‘limga «araq ichib yurma» der edim. Endi fikrim o‘zgardi: boyagi «taqvodor»ga o‘xshab sharmanda bo‘lgandan ko‘ra araq ichgani yaxshi.

Araqni rad etib, choy ko‘targan piyolam havoda muallaq qotdi. Nahotki biz shunchalikka kelib qoldik? Masjidni berkitib, ustidan «choyxona» degan yozuvni ilganimiz kam edimi? Men o‘sha dindorni oqlamoqchi ham emasman, balki u rostdan adashgandir. Ammo qachondan beri araqqa mukkasidan ketish «tozalik»ning belgisi bo‘lib qoldi?

Bizning mahallada bir oilaning sakkiz o‘g‘li bor edi. Birortasining peshonasi sajda ko‘rgan emas. Qaytanga mash’um tuzum barchasiga «araqxo‘r» degan tamg‘ani bosib ketgan. Biri o‘z joniga qasd qildi, biri qishda ko‘chada o‘lib qoldi, boshqasi jigar sirrozidan o‘lim topdi. Qolganlarining ham quruq soxta-sumbati qolgan, xolos.

Afsuski, bizda biror xursandchilik «oqbola»siz o‘tmaydi. Do‘konchilar araqning foydasidan uy soladi, tomorqa oladi, go‘sht-yog‘ mujiydi, osh oshaydi, mo‘ylovini buraydi va hokazo… Ayrim araqxo‘r otalar dastidan xotinlarning usti yupun, bolalarning poyabzali haminqadar. Hovlilarda kitob o‘rniga taxlangan bo‘sh shishalarni topasiz… Shundaylar borki, bolasiga botinka olib berishga qimtinadi, ammo ziyofatlarda ichkillika o‘n juftlab poyabzallarning pulini sarflab yuboradi.

Bayramlardagi xursandchiliklarni janjalga, yaxshi kunlardagi diydorni dilxiralikka aylantiruvchi ham shu «yaramaslikning onasi» emasmi? Hayotimizdan «qonuniy» o‘rin egallagan, zavodlar-u ayrim «boyvachchalar»ning cho‘ntagini qappaytirayotgan bu narsaga qarshi jiddiy kurashish vaqti kelmadimi? Axir butun yurtimiz «o‘zgarish», «islohot» degan so‘zlardan nafas olmoqda-ku!..

Ulug‘bek Oripov,

jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring