Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Komil Allamjonov Xorazmda bir o‘limdan qolgan kunini esladi

Komil Allamjonov Xorazmda bir o‘limdan qolgan kunini esladi

Foto: Komil Allamjonovning feysbukdagi sahifasi

Bundan 14 yil avval 3 oktyabr kuni bir o‘limdan qolib, Alloh menga qayta umr bergan kun, deb eslaydi Komil Allamjonov.

«O‘sha paytlar soliq qo‘mitasi matbuot xizmatida ishlar edim. Bir kuni Xorazm viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Odilxon Rustamov menga qo‘ng‘iroq qilib, viloyat soliqchilari katta miqdorda noqonuniy aroq ishlab chiqaruvchi sexni aniqlagani va bir yarim tonna spirt mahsuloti qo‘lga olinganini aytib, ushbu holatni matbuotga chiqarib berishni iltimos qildi. O‘sha paytda «Soliq xizmati xabarlari» nomli ko‘rsatuvimiz bo‘lar edi. Tezkor xabarlar yoritilar edi. Va o‘sha ko‘rsatuvga chiqqan har bir holat qonuniy (ya’ni, hech kim aralasha olmasdi) hal qilinar edi, chunki bu ko‘rsatuvni qo‘mita raisining shaxsan o‘zi doim kuzatib borardi. Bir so‘z bilan aytganda, bizni ko‘rsatuvda chiqqan har bir holatga pirovard natijada qonuniy chora ko‘rilishi shart edi. Men barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, Xorazmga borishga harakatni boshladim.

Lekin negadir ishlarim yuravermadi, ruxsat buyruqlari kechikib chiqdi, operator yo‘q, samolyotga chipta umuman topilmayapti. Qandaydir ilohiy kuch hamma ishni to‘xtatishga urinayotgandek. Men esa qaysarlik bilan harakat qilyapman. Juda qiyinchilik bilan chipta topdik, tasvirchi ham topildi. Asqar degan yigitni birga borishga ko‘ndirdim. Xullas yetib bordik Xorazmga. Samolyotdan tushishim bilan sumkamni ochib qarasam, atir idishlarim sinib ketibdi. Qalin shisha idish sinishi uchun sumkani qanday qilib otish kerak, deb jahlim chiqdi, lekin indamay boshqarmaga bordik. Barcha holatlarni tasvirga oldik. Aybdorlar, aroqlar joylab qo‘yilgan omborxonalar. Xazorasp tumanida bir yarim tonnalik spirtni borib tasvirga olish qoldi. So‘ng Urganchni tomosha qilgani borishimiz kerak. Soliqchilar balki bormasmiz deyishdi, men yo‘q, borish kerak, ishni oxiriga yetkazamiz va keyin dam olamiz, deb turib oldim. Bordik, hamma holatni tasvirga oldik. Endi ortga qaytish kerak.

Xazoraspdan Urganchga qaytyapmiz «Tiko» mashinasida. Oldimda tasvirchi kamerasi bilan, haydovchi bizning Xorazmdagi xodim Alisher aka. To‘g‘ri uzun yo‘ldamiz. Na chapga va o‘ngga yo‘l, faqat to‘g‘riga. Yo‘lning ikki chekkasi dala. Tezlik 100-110 km/soat. Ro‘paramizda traktor ketyapti, orqasida tirkamasi bilan. Bir payt o‘sha traktor rulni chapga burib, butun yo‘lni to‘sib taqqa to‘xtab qolsa bo‘ladimi. Yo‘l butunlay yopildi. Bizning haydovchi bor vajohati bilan tormozni bosgani bilan, katta tezlikda kelib traktor tirkamasining baloniga shunaqa urildiki, mashinamiz konserva bankaga o‘xshab g‘ijimlanib ketdi. Ichidagi odamlarning holatini gapirmasa ham bo‘ladi. Alisher akani ko‘krak qafasi ezildi, Asqarni qo‘lidagi kamera qutqarib qoldi, zarbadan faqat kamera sindi xolos.

Men esa orqa o‘rindiqda edim va albatta xavfsizlik kamarini ham taqmaganman. Bilasiz, bizda xavfsizlik kamari aslida ko‘proq YPX xodimi ko‘zi uchun taqiladi, orqadagi kamar esa umuman ishlatilmay chang bosib yotadi. Xullas, to‘qnashuvda ko‘zimdan olov chaqnab ketdi, oyog‘imning ikki joyi singan va tos suyagi yorilgan, qo‘limning katta vena tomirlari yorilgan, bosh miya chayqalgan. Yana mashina hozir portlab ketadi deb o‘ylab, bor kuchimni to‘plab, mashinadan o‘zimni yerga otdim. Og‘riq kuchidan yerda dodlab yotibman. Yo‘lning qoq o‘rtasi, markazgacha bir soatcha yo‘l. O‘shanda mashinamiz yaxshiyam traktor baloniga urildi, pritsep o‘rtasiga emas. Aks holda kallamiz shappa uzilib ketar edi, tavba qildim. Xullas bizni orqamizda soliqchilar kuzatib yurishgan ekan, baxtimga ular darhol kelib bizni olib ketishdi. Qishloq shifoxonasiga bordik. Ahvol bir balo. Dodlatib, baqir-chaqir bilan amallab rentgen qilishdi va palataga yotqizishdi. Endi palataning ahvoli shunaqa achinarli ediki, buni mendan ko‘ra o‘sha qishloq aholisi yaxshi bilsa kerak. Tepada uzun sim va unga ilinib turgan lampochka, krovat purjinali, harbiy batalonlardan kelib qolganga o‘xshaydi. Bir payt yuzi nurli, fayzli shifokor Qadam og‘a kirib keldi. U kishi viloyat travmatologi ekan. Oyog‘ingiz bir-ikki joyi sinibdi, hozir oyog‘ingizga tosh ilib qo‘yamiz, suyak joyiga tushsa gips qilinadi, keyin Toshkentga ketaverasiz, dedi. Xudoga shukr deb sal kayfiyat paydo bo‘ldi. Bir payt simlari ko‘k izolentalar bilan o‘ralgan drel, omburlar olib kirishyapti.

Avvaliga biron mixni devorga qoqishsa kerak, deb tursam, hamshira kelib oyog‘imga ukol qildi va o‘sha drel bilan oyog‘imni teshib sim tortib qo‘yishdi. Shifoxonada og‘ir tosh yo‘qligidan ko‘chadagi toshlardan terib kelib, lattaga o‘rab oyog‘imga bog‘lab qo‘yishdi. Men: «bo‘ldi, tamom bo‘ldim, meni ataylab o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, o‘lmay qoldim, hozir oxiriga yetkazib qo‘yishadi» deb, qaltirab yotibman. Chunki aroq ishlarini tushungan odam yaxshi biladi, o‘sha davrlarda bu biznes deyarli ko‘cha odamlari qo‘lida bo‘lgan. Xorazmda ham shunday edi.

Hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelib qarasam, butunlay boshqa reanimatsiyada yotibman. Belimdan to oyog‘imgacha gips qilingan, qandaydir simlar, boltlar tanamdan chiqib turibdi. Xullas, bu azobni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Uning ustiga begona joy, tanish odamning o‘zi yo‘q. Uydagilar xavotir olmasin deb hech kimga aytmaganman. Faqat singlim Xurshidaga aytganman, mabodo menga bir narsa bo‘lsa xabaring bo‘lsin, shu yerda yotibman, lekin oyim va adamlarga xozircha aytma, ming kilometr uzoqdaman, eshitib tamom bo‘lishmasin deb, tayinlab qo‘yganman.

Kechasi travmatologiya bo‘limi rosa to‘polon bo‘lar ekan, turli singan chiqqanlar, pichoq yeganlar, jarohatlanganlar, dod-voy, baqir-chaqir, xullas, xudo ko‘rsatmasin hech kimga. Men ham qo‘rquvda tunlari yig‘lab, qaltirab tong otishini kutib o‘tirardim. Qo‘shni palatada beli singan bir ayol uvilllab dodlab chiqardi. Baxtimga Asqar yonimda edi. O‘sha qarab chiqardi kechasi bilan. Shunday qilib reanimatsiyada 4-5 kun yotib, keyin Toshkentga yuboradigan bo‘lishdi.

Qanday transportda yuborishga bosh qotirishdi. Samolyotda ketaman, gipsda 10 soat qanday yetib boraman deb, shu fikrda to‘xtadik. Samolyotga nosilkada olib chiqishdi, amallab ichkariga joylashdi. U samolyotga nosilka mo‘ljallanmagan ekan, boshini oyog‘ini aylantirib kirib oldik. 3 nafar odam o‘tiradigan o‘rindiqqa meni yotqizib, oyoqlarim tagiga baklajkalar bog‘lab qo‘yishdi. Xullas osilib, amallab Toshkentga yetib keldim…

Uyga kelganimda ota onam ahvolimni ko‘rganidan yig‘lasa, men eson-omon yetib kelganimga yig‘lardim. Hattoki uyda, yaqinlarim bag‘rida jon berishga ham tayyor edim. Shunday qilib, 6 oy krovatga mixlandim. Suyaklar ham yaxshi bitdi. Keyin bilsam, xorazmlik travmatologlar respublikada eng ilg‘or, Qadam og‘a esa eng kuchli mutaxassis ekan. Xudoga ming shukr, mana 14 yil bo‘lsa ham haligacha og‘riq umuman yo‘q.

O‘sha paytda bu ish tagiga bir kun yetaman, bir kun baribir voqeani asl sabablarini o‘rganaman deb yurar edim. Chunki bu holatdan keyin bir qancha vaqt o‘tib, viloyatda ancha odamlar qamaldi. Lekin baribir nima bo‘lganini haligacha tushunib yetmadim. Rizqim bor ekan, Allohga shukr shu kungacha yetib kelib, hayotimda yana qanchadan-qancha voqealar bo‘lib ketdi. Shuning uchun ham avtohalokatlarni ko‘rsam seskanib ketaman. Bizda statistika yaxshi emas bu borada. Bu soha allaqachon pandemiya darajasiga kelib qolgan. Chunki o‘limlar soni yiliga 2 mingdan oshadi deb eshitdim. Nima bo‘lganda ham, barchaga sog‘liq tilayman. Sog‘liq bo‘lsa, har qanday muammoga ham yechim topiladi», deb yozadi Komil Allamjonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring