Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Katta odam aytdi-ku, bajaradi»...

«Katta odam aytdi-ku, bajaradi»...

Amaldorlar va’da berishga juda usta. Va’da berar ekan tillaridan «xalqni rozi qilish», «oqilona siyosat» kabi atamalar bot-bot takrorlanadi. Berilayotgan bunday va’dalarga ishonmaslik qiyin. Va’dani bajarib qo‘yadigani ham bor, bajarmaydigani ham bor. Bizning xalq va’daning o‘zini eshitadi, natija esa «Qunduz boboning ertaklari» bo‘lsa ham, surishtirmaydi. «Prezidentimiz nomidan va’da beryapti-ku, aldamas» degan ilinj ishonchga aylanadi, ammo natija doim ham biz kutganday bo‘lavermaydi. Bajarilmagan yoki amalga oshmagan ishlarni esa yo uzr so‘rash, yo bo‘lmasa boshqa bahonalar bilan yopib yuborishmoqchi bo‘ladi. Shundayam kimdir bu masalani ko‘tarsa, aks holda imi-jimida silliqina chiqiladi vaziyatdan.

Odamning qulog‘iga xush yoqadigan va’dalar va ularning amaldagisi farq qiladi. Masalan, o‘tgan yili bahorida Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha o‘tkazgan selektor yig‘ilishi davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti muammosini ko‘tarib, Energetika vaziri Alisher Sultonovdan hisobot talab qilgandi. Vazir ham davlat rahbariga, ham xalqimizga «Joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bo‘yicha muammo bo‘lmaydi» deb va’da bergandi. Keyin-chi keyin… Birin-ketin elektr uzilishi, Chiroqchidagi voqealar, xullas, yil bo‘yi energiya muammolari uchradi va hamon bu davom etmoqda. Muammolar uchrayotgan bir paytda «Xabar.uz»da «Energetika vaziriga: Yozda ham, qishda ham elektr o‘chmaydi degan va’da beruvdingiz, esingizdami?» nomli maqola ham chop etildi. Vazirlik esa javob bermadi. To‘g‘ri-da, bajarilmagan va’dani qanday izohlaydi!?

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Oliy Majlis Senatining 20-21-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisidagi chiqishida yaqin 3 yil ichida O‘zbekistondagi barcha tuproq yo‘llar asfaltlanishi, 4 yildan so‘ng esa ta’mirtalab yo‘llar qolmasligini ma’lum qildi. Eshitilishi qanday yoqimli!

Yo‘llarning nosozligi xalqimizning azaliy va ko‘hna dardlaridan desak, adashmaymiz. Abdurahmon Abduvaliyevning «Prezidentimizning topshiriqlari» bilan deganini tushundik, ammo keyingi gaplarini ozgina «tushunmadik». Qo‘mita raisi shunday gapirdiki, biz hatto «rahmat» deyishimizga ozgina qoldi. Shu o‘rinda soliq to‘lovchi ekanligimiz, ta’mirlanajak yo‘llar shu pullar hisobidan bo‘lishini o‘yladik.

Hurmatli Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi (3 yildan so‘ng kim shu vazifada bo‘lsa ham) Abdurahmon Abduvaliyev sizning islohotni amalga oshirishingizga ishonamiz, agar bajara olmasangiz…nima bo‘ladi?..

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring