Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Katta idoradagi kichik chulchit

Katta idoradagi kichik chulchit

Illyustrativ surat

Foto: «Fayzbog.uz»

21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Bugun – O‘zbekiston xalqi uchun alohida kun. Bu aynan mamlakatimiz nomi, O‘zbekiston so‘zining o‘zagidan kelib chiqadigan, uni ifodalaydigan o‘zgacha ayyom. Mazkur sana – o‘zbek tili davlat tili maqomi sifatida qabul qilingan kun. Shu bois ham 21 oktyabr boshqacha tarzda kutib olinadi. Bayram arafasida va o‘sha kuni o‘zbek tilining ulug‘vorligi, bejirim, jiloligi bot-bot e’tirof etiladi.

Ona tilining jozibasi, eng avvalo, o‘zaro so‘zlashuvda, muloqotda, shirin suhbatlarda namoyon bo‘ladi. Ammo eng chiroyli zabon – adabiyotda. O‘zbek tili adabiy tilda, go‘zal iqtiboslarda yanada boshqacha aks etadi. Ming afsuski, biz Navoiyni o‘qiyvermaymiz, o‘qiganda ham tushunavermaymiz. Qodiriyga hadeganda murojaat qilmaymiz, asarlarining boy tilini idrok etmaymiz. «Moziyga qaytib ish ko‘rmak xayrlidir» jumlasini onda-sonda qo‘llab turamiz, xolos.

Talabalik davrimiz kechagidek yodimda. Akademik domlalar Navoiy asarlari haqida to‘lqinlanib ma’ruzalar o‘qishardi. Ayniqsa, ustoz Botirxon Valixo‘jayev ulug‘ shoirimiz g‘azallarini ta’rifu tavsif etar, chiroyli qilib sharhlab berar, har bir bayt, misralar mazmunini erinmay izohlar, orqa partalarni egallagan biz, yoshlar esa domlani tinglash o‘rniga behuda ishlar bilan andarmon bo‘lardik. O‘zbek tilining kuchi, jozibasi aksini topgan g‘azallarni eshitish, bundan g‘ururlanish o‘rniga... shunchaki ma’ruzadan zerikar, homuza tortib, o‘zaro gaplashib o‘tirar, xatchalar yozib, bir-birimizga uzatar edik.

Qarang, o‘sha paytlarda o‘zbek tilidan ko‘ra boshqa tilda so‘zlashish yoki xuddi o‘sha zabonda iboralar qo‘llab gapirish zamonaviylik ramzi hisoblanardi. Shunday insonlar bor ediki, o‘zbek bo‘la turib, ayrim iboralarni o‘zga til yordamida ifodalashga harakat qilardi. Bundaylarning ona tili rosmanasiga qashshoq edi. O‘z tilini bilmaslikdan uyalish o‘rniga zarracha xijolat chekmasdi ular. Aksincha, atayin boshqa zabonda gapirish, ibora va iqtiboslar keltirish holatlari uchrar edi.

Taassuflar bo‘lsinki, bugun ham shu holatga duch kelyapmiz. Hatto yosh-yosh yigit-qizlar o‘zbekcha gapirishga qiynalganidan fikri, muddaosini darhol o‘zga tilda anglatmoqchi bo‘ladi. Ba’zi xonandalarimiz ona tilimizda faqat kuylay olishadi, xolos. Ular qo‘shiq matnini yodlab, mikrofonda aytib (aniqrog‘i, fonogrammada og‘iz qimirlatib) beradilar, vassalom. Ammo shuni ham talaffuz, lahjani buzgan holda ifodalashadi: «Ortamzda da-aryo, kesp otip bolmayde...» Ochig‘i, tutiqushga o‘rgatganingda ham bulardan yaxshi kuylagan bo‘lardi!

Milliy g‘urur, Vatan, Yurt, ona tilimizga hurmat qani? Axir, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganiga qancha bo‘ldi? Nahotki, 30 yilga yaqin fursat ham ayrim ota-onalarda farzandiga ona tilimizga chuqur ehtirom tuyg‘ularini singdirishga yetmasa?

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yurtimizda hech kim hech qachon boshqa tillarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, chet tillarni o‘rganish, bilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan va berilmoqda. Maktablarda 1-sinfdan boshlab xorijiy tillarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Bu bejiz emas. Dunyo bilan bo‘ylashayotgan O‘zbekiston uchun bu juda muhim. Qancha til bilsang, shuncha dunyo bilasan, deydilar. Biroq boshqa tillarni o‘qitish, o‘rgatish va o‘rganish o‘zbekchada gapirmaslik yoxud poyintar-soyintar so‘zlashishni anglatmaydi.

Televizorni bir ko‘ring: yapon yoki koreys qizi bizning ona tilimizda chiroyli so‘zlayapti, ilmiy tadqiqotlar olib boryapti, hatto maqom kuylamoqda. Nemis yoxud fransuz yigiti yurtimizdagi faoliyati xususida o‘zbekcha gapirib beryapti. Ular ona tilimizni o‘rganishga astoydil harakat qiladi, bunga qiziqadi, intiladi. Demak, o‘zbekchani o‘rganishga ehtiyoj, talab bor. Ammo o‘zini zamonaviy hisoblayotgan ayrim o‘zbek chulchitlari buni qachon anglab yetar ekan?

Kattagina idoraning kichikroq xodimi bilan uchrashib qoldim. Yengi uzun kostyum kiygan, bo‘yinbog‘i ko‘ylagi yoqasining bir tomonida qiyshayib turibdi. U tuppa-tuzuk o‘zbekcha gapirib turgan edi, bir payt, deng, boshqa tilda tushuntira ketdi. Ammo shunaqangi rasvo gapirdiki, avvaliga kulgim qistadi, so‘ng achinib ketdim. Birinchidan, yaxshi o‘rganmagani uchun, ikkinchidan, boshqa tilni ham buzgani uchun rosmanasiga achingan edim. «Birodar, o‘zbekcha gapiravering, men o‘zbek tilini bilaman», dedim istehzo bilan. U jim bo‘lib qoldi, biroq pinagini ham buzmadi, odati bo‘yicha bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilayman deb yoqasining ikkinchi tomoniga qiyshaytirib qo‘ydi, xolos.

Bu chulchitlar uyalishni qachon o‘rganadi-ya?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring