Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jumanazar Beknazarov: «40 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazganimdan so‘ng buning hisobini yuritmay qo‘ydim» (video)

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, odamlarni qiziqtirgan savollarga xalqchil va sodda tilda javob berib borish, Respublikadagi ko‘zga ko‘ringan tibbiyot mutaxassislarining xalqqa yanada yaqin bo‘lishlariga hissa qo‘yish maqsadida  Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bilan hamkorlikda yangi loyihaga qo‘l urdi.

Loyihamizning birinchi mehmoni Respublika bosh uronefrologi, Sog‘liqni saqlash vazirligining bolalar urologiyasi va nefrologiyasi bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov bo‘ldi.

O‘zbekistondagi eng malakali bolalar urologlaridan biri sifatida tan olingan Jumanazar Beknazarov 1946 yili Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Otguzar qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabda o‘qishni tugatib, 1964 yili Toshkent meditsina institutiga o‘qishga kirgan.

Shifokorlikka mehr qo‘yishining ham tarixi bor. O‘zining hikoya qilishicha, 1953-yili ukasi meningitga chalinadi. Bir kuni hushdan ketib, o‘zini yo‘qotganida, Shahrisabzga olib borishadi. Do‘xtir bemorning orqa miyasiga ukol qilib, miya suyuqligini olib, o‘rniga penitsillin jo‘natgan. Ana shu penitsillinning 100 ming birlikdagisi ushbu xastalikni tuzatgan. 21 kunlik muolajadan so‘ng bemor otday bo‘lib ketgan. Shu-shu kichik Jumanazar do‘xtirlikka o‘qib, odamlar dardiga malham bo‘lishni ko‘ngliga tugadi. Niyati xolis ekan, mana bugun u — respublikaning eng yetakchi mutaxassislaridan biri.

Jumanazar Beknazarov 1970-yili Toshkent meditsina institutida o‘qishni tamomlab, Qashqadaryo viloyatining Tollimarjon shaharchasida faoliyatini boshlagan. 1973—1975-yillarda ustozining tavsiyasiga ko‘ra bolalar jarrohligi bo‘yicha ordinaturada tahsil olgan.

1975-yili Toshkent shahridagi 2-shahar bolalar shifoxonasida shifokor-ordinator, 1978-yili shifokor-assistent vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

1985-yili buyrak-tosh kasalliklari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Oradan o‘n yil o‘tgach, ya’ni 1995-yili doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

«Nega aynan urologiyani tanlagansiz?» degan savolimizga: «Otam shu kasb egasi bo‘lishimni xohlagandilar», deb aytdi. Eng qizig‘i, otaning xohishi bilan ustozning xohishi bir xil bo‘lib chiqqanidadir. Tibbiyot fanlari doktori, professor Karim Xo‘jayevich Tohirov shogirdiga shunday maslahat beradi: «O‘g‘lim (u kishi menga «o‘g‘lim» deb murojaat qilardi — izoh J.B.), bolalar urologiyasi bo‘yicha mutaxassislar kam, mana shu soha bo‘yicha ishlasang yaxshi bo‘lardi». Otasi va ustozining yo‘rig‘idan yurdi va kam bo‘lmadi.

Jumanazar Beknazarov bilan suhbatimiz ikki soatdan oshiqroq davom etdi. O‘quvchilarni zeriktirib qo‘ymaslik uchun ayrim kadrlarni arxivga olib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Intervyuni qisqartirib e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Shunda ham u ikki qismdan iborat bo‘ldi.

Suhbatimizning birinchi qismida bolalar urologiyasi sohasidagi muammolar, yechimini kutayotgan masalalar, keyingi paytda bolalarda bunday kasalliklar ko‘payib borayotganining sabablari, oilada tibbiy madaniyatning o‘rni, yurtdoshlarimiz bu masalaga ko‘p hollarda befarqligi, bu esa millat genofondiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotgani haqida so‘z boradi.

Intervyuning ikkinchi qismida esa tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali yurtdoshlarimizdan kelgan savollarga javob beradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan ushbu loyiha muntazam davom etadi. Yana qaysi mutaxassislardan intervyu olishimizni xohlaysiz? Qaysi kasalliklar va ularning davosi haqida ma’lumot bersak, siz uchun qiziq? Fikr-mulohazalaringizni ushbu maqolaga izoh sifatida yozib qoldiring. Saytimizda bugundan izoh qoldirish funksiyasi ishga tushirildi. Buning uchun ro‘yxatdan o‘tishingiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringiz orqali saytga kirishingiz talab etiladi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring