Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi» — Bosh prokuratura Andijondagi noxush holat yuzasidan bayonot berdi

«Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi» — Bosh prokuratura Andijondagi noxush holat yuzasidan bayonot berdi

Foto: «Effect.uz»

Bir necha kun avval Andijonda uydan ko‘chirish haqidagi sud qarori ijrosidan norozi fuqaro o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgani haqida xabar tarqalgandi.

Ko‘p o‘tmay tanasining 45 foizi kuyishi natijasida kasalxonaga tushgan fuqaro alal-oqibat vafot etganini ma’lum qilar ekan, prokuratura holat yuzasidan tekshiruv boshlaganini bildirgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritgan holda tekshiruv natijalarini ochiqladi.

Mahkama matbuot xizmati rahbari, adliya katta maslahatchisi Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, FIB (fuqarolik ishlari bo‘yicha) Andijon tumanlararo sudining 2019-yil 17-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan berilgan ijro varaqasiga binoan X.Gayibnazarov (ish bo‘yicha javobgar, endilikda marhum) va uning oila a’zolari Andijon tumani Beshbo‘ynoq MFY Bodomzor ko‘chasidagi xonadondan ko‘chirilishi va M.Bayxanova (ish bo‘yicha da’vogar) ushbu uyga kiritilishi ko‘rsatilgan.

Mazkur fuqarolik ishi FIB Andijon viloyati apellyasiya instansiyasi sudining tegishli ajrimiga ko‘ra (birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining xulosa qismidagi davlat boji undirish qismi o‘zgartirilganini aytmaganda) o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Fuqarolik ishi yuzasidan chiqarilgan sud qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ham qonuniy deb topilgan.

Shu tariqa sud qaroriga asosan ijro hujjati shu yilning 9-yanvar kuni MIB Andijon tuman bo‘limiga kelib tushadi.

Ijro ishi ob’yektiv sabablarga ko‘ra uch marta qoldiriladi. Nihoyat, shu yilning 21-yanvar kuni davlat ijrochilari yuqorida qayd etilgan manzilga kech soat 18-00 larda borib, tomonlarni o‘zaro kelishtirgan holda javobgarlarga 24 yanvarga qadar ko‘chib ketishlari uchun muddat beradi.

Shu orada ish bo‘yicha javobgar X.Gayibnazarov MIB xodimlarini chaqirib, ulardan 8-10 metr uzoqliqda turgan holda jahl ustida qo‘lidagi yelim idishdagi suyuqlikni ustidan sepib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuboradi.

MIB xodimlari o‘z navbatida yong‘inni o‘chirishga ko‘maklashib, X.Gayibnazarov «Labo» rusumli avtomashinada, uning oila a’zolari esa davlat ijrochisining avtomashinasida Andijon tumani tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga olib boriladi.

Voqealarning keyingi rivoji ma’lum: olgan tan jarohati natijasida X.Gaybnazarov vafot etadi.

Bosh prokuratura alohida qayd etadiki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yozilganidek, ijro harakatlari ushbu uyni davlat foydasiga olish maqsadida amalga oshirilmagan. Balki, sud qarori asosida boshqa fuqaroni ushbu manzildagi xonadonga kiritirib qo‘yish uchun ijro harakatlari olib borilgan.

Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha Andijon tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi («O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring