Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jimjima gaplar bilan muammo hal bo‘lmaydi. Yoki tanqiddan keyingi manzaralar

Jimjima gaplar bilan muammo hal bo‘lmaydi. Yoki tanqiddan keyingi manzaralar

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda «Xabar.uz»da «Endi Dehqonobod! Hokim tadbirkorni «ezsa», bundan xalq, hatto bolalar jabr ko‘rsa...» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Unga nisbatan Dehqonobod tuman hokimligidan javob oldik. Berilgan javob va asl holat o‘rtasidagi tafovutlar ancha ekani bois tahririyat yana bir bor mavzuga qaytmoqda.

Avval tuman hokimligining munosabati bilan tanishsak. Qolgani haqida quyiroqda gaplashamiz.

***

2019-yil 4-avgust kuni «Xabar.uz» saytida: «Endi Dehqonobod! Hokim tadbirkorni «ezsa», bundan xalq, hatto bolalar jabr ko‘rsa...» sarlavhali maqola e’lon qilingan bo‘lib, unda «Boyqo‘rg‘on» MFY hududida joylashgan «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozoridan 400 metr uzoqlikda «Boyqo‘rg‘on bekligi» nomli yangi bozor tashkil etilganligi, mazkur bozordagi qushxonaning hududdagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga salbiy ta’siri to‘g‘risida so‘z boradi. Shuningdek, «Boyqo‘rg‘on bekligi» nomli bozor tashkil etilishi natijasida oldindan faoliyat yuritib kelayotgan «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozori rahbari, tadbirkor Hamdam Mahmudovning huquqlari poymol qilinganligi haqida fikr bildirilgan. 

Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmati ushbu maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

Mazkur maqolada keltirilgan holatlarni o‘rganish maqsadida tuman hokimligida ishchi guruh tashkil etilib, 2019-yilning 6-avgust kuni tuman hokimi, DXX tuman bo‘linmasi boshlig‘i, tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i hamda tumandagi masalaga tegishli 27 ta tashkilot rahbarlari ishtirokida yangi bozor hududida sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulda mahalliy aholi va hududdagi tadbirkorlar ishtirokida maqoladagi holatlar atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida yangi bozor tashkil etilishi eski bozor faoliyatiga umuman ta’sir ko‘rsatmasligi aholi tomonidan e’tirof etildi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan tadbirkor Hamdam Mahmudovga tadbirkorligini rivojlantirish uchun tuman hokimligi tomonidan yordam berilishini, tadbirkorning o‘zi xohlasa, yangi bozor hududida ham faoliyat olib borishi mumkinligi tushuntirildi. 

Shu o‘rinda tuman hokimligi «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozorining faoliyat ko‘rsatmay qolishida tuman hokimligining aloqasi yo‘qligini e’tirof etgan holda, maqolada keltirilgani kabi «hokim buva»ning tadbirkor faoliyatiga aralashuvi bo‘lmaganligini, bozor tegishli me’yorlar talabiga javob bermaganligi bois mas’ul tashkilotlar xulosalari, bidirish xatlari asosida hozirgi joyidan boshqa joyga ko‘chirilishi hamda zamonaviy qiyofada qurilib, faoliyat yuritishi belgilanganligini ma’lum qiladi.

22 yil davomida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan eski bozorning faoliyat to‘xtatishiga keladigan bo‘lsak, bozordagi tabiiy ofatlarga qarshi turish holati yuzasidan tuman FVV bo‘limi xulosasi berilgan bo‘lib, barcha me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometrologiya xizmati markazi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bergan xulosaga ko‘ra, mazkur oziq-ovqat bozori qulay hududda qurilmagan. Mazkur hudud tog‘li hudud hisoblangani bois, sellar mavsumi xavf solib turadi. Shu boisdan ham ushbu hududdan oziq-ovqat bozori qurish uchun ijobiy xulosa berolmasliklari ma’lum qilingan.

Maqolada «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozori ta’sischisi barcha soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borgani yoziladi. Biroq, Hamdam Mahmudovning 2018-yil va joriy yilning 6 oyi davomida davlatga to‘lanadigan mahalliy soliq tushumi rejasini bajarmay kelganligi xususida tuman soliq inspeksiyasining ma’lumotlari taqdim etilgan.

Yangi tashkil etilgan «Boyqo‘rg‘on Bekligi» bozorining uch haftada topshirgan soliq to‘lovi eski bozor rahbariyati to‘lab kelgan soliqdan bir baravar ko‘p ekanligi ma’lum bo‘lgan. Demakki, eski bozor ma’muriyati to‘lagan soliq, yangi bozor ta’sischisi tashabbusi bilan bir baravarga oshirilgan.

«Tursunxon Bibizulayxo» MChJ dehqon oziq-ovqat bozorining faoliyat olib borayotganiga 22 yil bo‘lishiga qaramay bozorda aholi uchun birorta qulaylik yaratilmagan. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun savdo rastalari qurilmagan, oziq-ovqat mahsulotlari bozor atrofidagi ochiq maydonlarda tuproqli yerda, yoyma tarzda tashkil etilgan. Bundan tashqari go‘sht, sut va qandolat mahsulotlarini sotish uchun yopiq savdo rastalari tashkil etilmagan. Bozor hududidagi mavjud oziq-ovqat rastalari juda ko‘rimsiz holda bo‘lib, mol bozori ko‘rinishini eslatadi. Shuningdek, bozor noqulay hududda joylashgan bo‘lib, sellar mavsumida bozorning ikki tomoni soylikdan iborat bo‘lgani bois soyliklarda sel toshqinlari sodir bo‘ladi.

22 yil davomida aholiga xizmat ko‘rsatib kelgan mazkur bozor shart-sharoiti internet saytlarida ham tilga olingan bozor ichkarisi ibtidoiy zamon davrini eslatishi tilga olingan. Va suratlar ilova qilingan.

Maqolada keltirilgan inson o‘limi bilan bog‘liq va «Yoqub bobo» nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi oldidagi qushxona masalalari bo‘yicha tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan tekshiruv o‘tkazilganda hech qanday holat aniqlanmadi.

Bugun respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Dehqonobodda ham tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratilgan. Tadbirkor Hamdam Mahmudovga sel havf solib turgan, bozor sifatida faoliyat olib borish uchun talablarga javob bermaydigan, eski inshootlari foydalanish uchun xavfli darajaga kelib qolgan bozor o‘rniga yangi, qulayliklarga ega bozor qurishi lozimligi haqida tuman hokimligi vakillari tomonidan taklif berilgan.

Maqolada huquqlari poymol qilingan deyilayotgan tadbirkor Hamdam Mahmudovga ilgari ham tuman hokimligi tomonidan bir necha bor bozorni qayta ta’mirlash, fuqarolarga qulay, zamonaviy tipda qayta qurish masalasida tavsiyalar berilgan. Lekin tadbirkor yillar mobaynida biror marta ham ijobiy ishlarni amalga oshirmagach, bu tashabbusni ilgari surgan tadbirkorga imkoniyat berildi. Shunday bo‘lsa-da, tuman hokimligi Hamdam Mahmudov kabi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini, Hamdam Mahmudov ham aholi uchun qulay va xavfsiz hududdan bozor qurish taklifini bildirsa, tanlangan joy aholi manfaatlariga ta’sir qilmasa, hokimlik yer ajratishga tayyorligini, bozor ta’sischisi sifatida faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlashini bildiradi.

Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmati

***

«Xabar.uz»dan: jimjima gaplar bilan muammo hal bo‘lmaydi!

Yuqorida saytimizda e’lon qilingan «Endi Dehqonobod! Hokim tadbirkorni «ezsa», bundan xalq, hatto bolalar jabr ko‘rsa...»  sarlavhali maqolaga nisbatan  Dehqonobod tuman hokimligining munosabati (matn tahrirsiz chop etildi) bilan tanishdingiz. Maqolaga nisbatan tezkor munosabat bildirilgani e’tirofga loyiq, albatta. Biroq tezkor munosabat masalaga samarali yechim topilibdida, degan xulosaga olib kelmaydi. Muammo hamon ko‘dalang turibdi. Shu nuqtai nazardan tuman hokimligi munosabatiga munosabat bildirish shartday...

1. Bozorning faoliyat ko‘rsatmay qolishida tuman hokimligining aloqasi yo‘qligi aytilmoqda. Va bunga vaj qilib, tuman DSENM bosh vrachi, tuman soliq boshqarmasi boshlig‘i, tuman FVV boshqarmasi boshliqlarining xulosasi asos qilib keltirilgan. Bu tashkilotlar bevosita tuman hokimligiga nisbatan yuqori tashkilot hisoblanmaydi. Demak, ulardan tadbirkor faoliyatiga qarshi xulosalarni olish murakkab vazifa emas.

Nima sababdan tumandagi bozorni yopish uchun viloyat DSENM yoki viloyat FVV boshqarmasining xulosasi olinmagani, uch marta ogohlantirish asosida va MChJning barcha ta’sischilarining roziligi bilan bozor tugatilmagani so‘ralganida, tahririyatga viloyat FVV boshqarmasi rahbari nomga «Qashqadaryogidromet» boshlig‘ining xati taqdim etildi. Qizig‘i, bu xat tanqidiy maqola chop etilganidan keyin bir necha kun o‘tib, 9 avgustda imzolangan.  Vaholanki, bozor faoliyati allaqachon (iyun oyida) to‘xtatib bo‘lingan!

Tadbirkor faoliyati avval to‘xtatilib, keyin unga qarshi hujjat to‘plashmi bu?!

Qolaversa, eski bozor hududida sel xavfi borligi bildirilsa-da, bozordan pastroqdagi suv o‘tadigan ariqqa yaqin bo‘lgan eski molxonalar haligacha turibdi. Bu uzoq yillardan beri hududga sel kelmaganini isbotlamaydimi?

2. Hokimlik munosabatida «Yoqub bobo» nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi oldidagi qushxona masalalari bo‘yicha tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan tekshiruv o‘tkazilganda hech qanday holat aniqlanmadi, deyiladi. Bu holat bo‘yicha videofakt borligi bildirilgach, tahririyatga yangi bozor rahbarining tuman hokimi nomiga yozilgan xati taqdim etildi. Xatda mol bozorining aholi gavjum joydan 70 metr joydan uzoqlikka ko‘chirish rejalashtirilayotgani aytiladi. Qiziq, «hech qanday holat aniqlanmagan» bo‘lsa, nega mol bozorini ko‘chirish haqida xat uyushtirildi?

Bu xatga ham holat haqida bong urilganidan keyin — 8-avgustda imzo qo‘yilgan.

3. Tuman DSI boshlig‘i tomonidan bir yillik soliqlar to‘lanmagan deyililadi. Ammo tadbirkor o‘zida soliqlar to‘liq to‘langanligini isbotlovchi hujjatlar mavjudligini bildirmoqda.

Demak, bu masala ham hamon bahsli.

4. Dehqonobod tumani DSENM bosh vrachining xulosasida «eski bozor sanitariya talablariga javob bermaydi» deyilgan. Yangi bozor-chi? U sanitariya talablariga javob beradimi? Bu savolga «to‘g‘ri, bu bozor ham talabga javob bermaydi, lekin eskisidan nisbatan yaxshiroq» degan javobni oldik.

Antiqa «oqlov», shunday emasmi?

5. Munosabatda tadbirkorga yangi joy, kredit taklif qilingani, ammo tadbirkor bundan bosh tortgani aytiladi. Bu vajga asos so‘ralganida tahririyatga hokimning «Tursunxon Bibizulayxo» MChJ bozori rahbari, tadbirkor Hamdam Mahmudovga yer ajratish mumkinligi haqidagi xati taqdim etildi.

Bu xat ham 9-avgustda imzolangan. Bu holat tanqidiy maqola e’lon qilinguniga qadar tadbirkorga aniq taklif bildirilmaganini anglatmaydimi?

Qolaversa, kechikib bildirilgan taklifda ko‘rsatilgan yer maydoni mahalliy aholining borishiga noqulay joy ekani, yozda tuproq, qishda botqoqlik bo‘ladigan hudud ekani aytiladi. Bu ham batafsil o‘rganishni talab etadigan bahsli masala. Axir, rostdan ham, bozor qulay joyda joylashmasa, u har qancha zamonaviylashtirilmasin, unga pul tikkan tadbirkorlarning kosasi oqarmaydi.

Xullas, masala hamon chigal. Tomonlar o‘z xato va kamchiliklarini tan olgisi kelmasa, taqdim etilayotgan ma’lumotlarda soxtakorlik bo‘laversa, masala yechim topish o‘rniga savol ketidan savol kelib chiqaveradi va muammo shundog‘icha qolaveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring