Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazolashga buncha usta bo‘lmasak?

Jazolashga buncha usta bo‘lmasak?

Foto: O‘zA

Kecha bir ko‘tarilib, so‘ng joyiga tushgan shov-shuvga bugun yana moy quyilganidek. Ya’niki, kecha tushdan keyin O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimovning vazifasidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi, uch soatdan so‘ng bu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmagani ham bildirildi. Orada xabarni tarqatgan sayt va uning xodimiga nisbatan chora ko‘rilgani xususidagi xabarlar ham hayallagani yo‘q. Bor-yo‘q gap shu. Bu holat kundalik ijtimoiy hayotning bir bo‘lagi, ommaviy axborot vositalari faoliyatining ajralmas qismi hisoblandi, xolos. Bundan fojia yasamaslik, darhol jazo qamchisiga qo‘l yugurtirishga da’vat etmaslik kerak.

Ammo... Bugun O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosar Abdukamol Rahmonov shunaqangi keskin bayonot bilan chiqdiki, mantnni oxirigacha o‘qimagan odam uni salkam ayblov xulosasi deyishi mumkin. Nima emish, «...kimdir qasddan bu yolg‘on axborotni qonun hujjatlariga zid ravishda tarqatgan va pirovardida xalqimiz, qo‘shni mamlakatlar va butun musulmon olami o‘rtasida nafaqat U.Alimovning sha’ni, qadr-qimmatiga, mamlakatimiz obro‘siga, O‘zbekistonning axborot tarqatuvchi tizimiga ham putur» yetkazilibdi! So‘ng muallif yolg‘on axborot tarqatganlik uchun qaysi qonunda qanday jazo ko‘zda tutilgani, «ijtimoiy xavfli xatti-harakatni sodir etgan jismoniy shaxsni» aniqlab, jinoiy jazoga tortib, go‘yoki sha’ni, qadr-qimmati toptalgan shaxsning manfaatini ko‘zlab, katta miqdorda ma’naviy zarar undirish kabi masalalarni hal etishga chorlaydi.

Sa-al oshirib yubormadingizmi? Birinchidan, tarqatilgan ma’lumot axborot xarakteridagi material, xolos. Unda hech kimni, xossatan, muhtaram U. Alimovning sha’ni yoki qadr-qimmatini kamsituvchi bir og‘iz gap yo‘q. Qolaversa, o‘z vaqtida tarqatilgan xabar tasdig‘ini topmagani ham bildirildi. Yana nima kerak?

Nahotki bir mas’ulning vazifasidan ozod etilgani haqidagi tasdig‘ini topmagan xabar «ijtimoiy xavfli xatti-harakatni sodir» etish bo‘lsa?! Ommaviy axborot vositalari – tezkorlik talab etadigan soha. Bu jarayonda biror xabar yoki ma’lumot tasdig‘ini topmasligi tabiiy holat. Insayderlik, turli manbalarning ma’lumotlariga tayanib xabar tarqatish jahon tajribasida tabiiy jarayon. Aslida keyinchalik o‘z tasdig‘i topilmagan xabarlar emas, shunday axborot tarqatilganidan so‘ng «jurnalistlarning tanobini tortib» qo‘yishga qilingan da’vatlar so‘z erkinligi endi-endi ta’min etilayotgan mamlakat obro‘iga putur yetkazadi! Nahot, siyosiy partiya rahbar xodimlaridan bo‘lgan muhtaram siyosatchi shuni tushunmaydi? Xalqaro me’yorlarga ko‘ra, jurnalistlarda xato qilish huquqi mavjud. Shu bois oddiy axborot tarqatgani uchun OAV vakillari jazolanishini rivojlangan davlatlarda tasavvurga sig‘mas holat deb baholanadi.

Lavozim jihatidan musulmonlar idorasi raisligi favqulodda katta amal emas. Taqqos uchun aytaylik. Otabek Murodov hali bosh prokuror lavozimidaligida uning vazifasidan ozod etilib, o‘rniga ichki ishlar vaziri kelishi mumkinligi haqida ozmuncha axborot tarqatilmadimi?! Biroq na u, na uning «o‘rniga kelgan» ichki ishlar vaziri ommaviy axborot vositalariga nisbatan huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash harakatiga tushgani yo‘q. Holbuki, bunga ularning quvvati ham, vakolati, hatto imkoniyati ham yetib ortardi.

Yoki sud hali hukmi chiqmay turib Rashid Qodirov va boshqalarning jinoyatlari haqida qancha yozildi?! Ikki yildan buyon Gulnora Karimova haqida yozilgan maqola va xabarlar jamlansa, bir necha jildli kitob bo‘ladi. Uning advokati xorijlik. Biroq birorta ommaviy axborot vositasini sudga berish haqida hatto o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Vaholanki, uning sudga murojaat etishi uchun hech qanday monelik yo‘q.

Qisqasi, bunday bayonot endi-endi tetapoya bo‘layotgan erkin ommaviy axborot vositalari faoliyatiga tushov bo‘lishi ehtimoli katta. Ayniqsa, jamiyatda ijtimoiy adolat o‘rnatishni maqsad qilgan partiya vakilining bunday chiqishi hech bir qolipga sig‘maydi.

Kengroq bo‘ling...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring