Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Islom Karimov Sobiq Ittifoq mudofaa vazirini qanday mot qilgan edi?

Islom Karimov Sobiq Ittifoq mudofaa vazirini qanday mot qilgan edi?

Bugun 2-sentyabr, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovni xotirlash kunidir. 

O‘zbekiston Respublikasi birinchi mudofaa ishlari vaziri Rustam Ahmedov xotiralaridan:

«Islom Karimovning 1991-yil 6-sentyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tuzildi. Bu yangilikni «hazm qila olmagan» Kreml O‘zbekiston rahbariyatiga tazyiq o‘tkazishni boshlaydi. SSSR mudofaa vaziri g‘ayriodatiy tuyulgan bu holdan xavotirga tushib, Islom Karimovga telefon qilgan paytda yangi tayinlangan Rustam Ahmedov Prezident huzurida bo‘lgan. SSSR mudofaa vaziri g‘azab bilan: «Islom Abdug‘aniyevich, biz bilan maslahatlashmay Mudofaa ishlari vazirligi joriy qilibsiz, vazir tayinlabsiz. O‘zingizni mustaqil deb e’lon qilgan bo‘lsangizda hali SSSR degan qudratli davlat mavjud. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Hatto Ukraina ham Morozovni respublika mudofaa vaziri etib tayinlayotganda bizdan ruxsat olgan edi», deb po‘pisa qiladi. «Umuman, Sizga armiyaning nima hojati bor, harbiy komissariyat nimaga kerak? Axir SSSR Mudofaa vazirligining qudratli Turkiston harbiy okrugi O‘zbekistonda bo‘lsa!», deydi.

Islom Karimov esa shunday javob beradi: «Birinchidan, respublika Mudofaa ishlari vazirligining joriy qilinishi va vazirning tayinlanishi — huquqiy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham hal qilingan masala. Ikkinchidan, bu masalada Siz bilan kelishishni asossiz deb bilaman».

Qat’iy javob olgan Ittifoq vaziri ancha hovuridan tushib, respublika mudofaa ishlari vaziri bilan keyingi hamkorlik uchun tanishmoqchi ekanini aytadi.

«Modomiki, Siz O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa vaziri bilan hamkorlik qilish maqsadida tanishishni istasangiz, men uni Moskvaga yuboraman, tanishib olasizlar», deydi Islom Karimov.

SSSR mudofaa vaziri bilan suhbatni tugatgach, Prezident Ahmedovga qarata: «Sen mustaqil respublika Mudofaa vaziri sifatida Moskvaga borasan. Lekin u yerga fuqarocha kiyinib borgin. Negaki, sen polkovniksan, u esa marshal. Harbiy kiyimdagi pogonlaring Ittifoq mudofaa vaziri bilan mustaqil davlatning Mudofaa ishlari vaziri sifatida tengma-teng gaplashishingga yo‘l qo‘ymaydi», deydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring