Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishsiz yurganlar qancha jinoyat sodir etgan? Mahalladagi muammolar

Ishsiz yurganlar qancha jinoyat sodir etgan? Mahalladagi muammolar

Foto: «Xabar.uz»

Sirdaryo tumanida Respublika mahallalar kengashi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va «Nuroniy» jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda keksa avlod vakillarining o‘rni» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikada ishsiz yurgan shaxslar tomonidan 5 226 ta jinoyatlar sodir etilgan. Bu raqam Sirdaryo viloyatida 97 tani tashkil etadi. Aynan shuncha jinoyat 90 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan.

Sirdaryo tumanida jami 4 939 nafar ishsizlar mavjud bo‘lib, shundan 29 ta jinoyatni 27 nafar shaxslar sodir etgan.

Tumanda joriy yil 8 oyi davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar 28,4 foizga (886 tadan 634 taga) va jinoyat qidiruv yo‘nalishida 32,5 foizga (486 tadan 238 taga) kamaygan. Ammo jinoyat turlaridan o‘ta og‘ir jinoyatlar 7,1 foizga (28/30), og‘ir turdagi jinoyatlar 7,5 foizga (93/100), shuningdek, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 8,0 foizga (12/13), qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 100,0 foizga (3/6) va qasddan badanga yengil shikast yetkazish 44,4 foizga (4/9) ko‘p sodir etilgan.

Jinoyatlarda ishtirok etgan shaxslar bo‘yicha tahlil qilinganida, ilgari sudlangan shaxslar tomonidan 57 ta jinoyatni 62 nafar, voyaga yetmaganlar tomonidan 10 ta jinoyatni 11 nafar, yoshlar tomonidan 136 ta jinoyatni 159 nafar va ayollar tomonidan 61 ta jinoyatni 66 nafar shaxslar tomonidan sodir etilganligi kuzatilgan.

Sirdaryo tumanida 38 ta mahallalarning 27 tasida yoki 71,0 foizida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, 9 tasida yoki 23,7 foizida jinoyatlar soni ortib ketgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida mavjud 222 ta mahallalarning 134 tasida yoki 60,3 foizida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, 48 tasida yoki 21,6 foizida jinoyatlar soni ortib ketgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan mudhish og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.

Jumladan, respublikada sodir etilgan qotillik jinoyat-larining 40,4 foizi (230 tadan 93 tasi) oila turmush munosabatlari doirasidagi kelishmovchiliklar tufayli sodir etilgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida 7 ta qotillik jinoyatining 4 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida bo‘lib, shundan 1 tasi eri tomonidan xotiniga nisbatan, 1 tasi akasi yoki ukasiga nisbatan va 2 tasi qarindoshiga nisbatan sodir etilgan.

Mahallalarning moddiy texnika ta’minoti bilan bog‘liq kamchiliklar talaygina. Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo viloyatidagi 222 ta mahalladan 177 tasining xizmat binosi o‘z balansida emas, shundan 43 ta mahalla 1 xonali, 72 ta mahalla 2 xonali binoda faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, 66 ta mahalla ta’lim va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritadi.

2019 yil davomida 62 ta mahallani ta’mirlash, 24 tasini rekonstruksiya qilish, 30 tasini yangidan qurish belgilangan, ammo to‘qqiz oy ichida hech qanday ish qilinmagan. Bundan tashqari, 26 ta mahalla yangi mebel jihoziga muhtoj.

Shuningdek, viloyat bo‘yicha bor-yo‘g‘i 43 ta mahalla xizmat telefoni hamda 37 tasi elektron axborot almashuv tarmog‘iga ulangan. 178 ta mahallada esa xizmat telefoni ham, internet tarmog‘i ham mavjud emas.

Sayxunobod tumanidagi «Ittifoq», «Nurobod», «Nurli yo‘l» mahallalarining xizmat binolari tuman hokimining qarori bilan tadbirkorlarga berib yuborilgan. Mirzaobod tumani «Yo‘ldoshobod» va «Bog‘iston» fuqarolar yig‘ini xizmat binosi tuman hokimining qarori bilan «Bekklaster» kompaniyasiga berilgan.

Eng achinarlisi - 2018 yilning 1 dekabriga qadar qurib bitkazilishi kerak bo‘lgan 11 ta «Mahalla markazi»dan faqat 2 ta — Oqoltin va Sardoba tumanlarida qurilgan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi - bunday noqulay ish sharoitida faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolar yig‘inlaridan qanday yaxshi natija kutish mumkin?! Seminarda ta’kidlab o‘tilganidek, oilaga kirib, muammoni eshitish xalqqa yaqin bo‘lish, degani emas. Muammo eshitildimi, demak hal qilinishi ham lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring