Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindiston farmatsevtika kompaniyasi Toshkent viloyatida antibiotiklar ishlab chiqaradi

Hindiston farmatsevtika kompaniyasi Toshkent viloyatida antibiotiklar ishlab chiqaradi

Foto: «Tr.kcshounds.com»

Joriy yilning 2-iyul kuni mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi tomonidan «Kusum Healthcare» farmatsevtika kompaniyasining bosh direktori Sanjiv Gupta bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazildi. «Kusum Healthcare» kompaniyasi 1997-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ginekologik, ortopedik, dermatologik, revmatologik, nevrologik, gastroenterologik, urologik va boshqa kasalliklarni davolash uchun keng turdagi dorilarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Kompaniyaning Hindistonda uchta, Ukrainada bitta ishlab chiqarish korxonasi bor. Mahsulotlar MDH, shu jumladan, O‘zbekiston, ASEAN va Afrika mamlakatlarida sotiladi. Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur kompaniyaning xorijdagi barcha vakolatxonalari va ishlab chiqarish korxonalarida asosan mahalliy xodimlar ishlaydi. Hindiston kompaniyasini mamlakatimiz bilan ko‘p yillik hamkorlik aloqalari bog‘lamoqda. 2005-yilda kompaniya mamlakatimizda o‘z vakolatxonasini ochib, bugungi kunda bu yerda 120 dan ortiq xodim ishlaydi.

S. Gupta O‘zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhit, malakali kadrlar, yaxshi xomashyo va infratuzilma imkoniyatlari kabi bir qator omillarga asoslanib, respublikada o‘z ishtirokini kengaytirish niyatida ekanligini ta’kidladi. U Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tashkil etilgan «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri hududida talabi yuqori bo‘lgan antibiotiklar, zamburuqqa qarshi, antirevmatik va og‘riq qoldiruvchi dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish natijasida 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi rahbariyati ishtirokida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring