Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Havodan pul ishlash san’ati

Havodan pul ishlash san’ati

Foto: «Xabar.uz»

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Toshkentda yangi uy sotib olayotgan propiskasiz fuqarolarning davlatga 5 foizlik boj to‘lashi bo‘yicha shaxsiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

Yodingizdami, salkam 1 yil oldin «Doimiy propiskani pullashdan davlatga qancha foyda?» degan post e’lon qilgandim.

O‘sha gaplar oradan 1 yil o‘tgan bo‘lsa ham, aktualligicha turibdi.

Hammangizga ma’lumki, uy-joy oldi-sotdisini notariusdan rasmiylashtirish chog‘ida davlat boji to‘lanadi. Aytaylik, Toshkentdagi umumiy maydoni 100 kv.m.gacha bo‘lgan uy uchun davlat boji miqdori qo‘yidagicha belgilangan:

  • Toshkentda propiskasi bo‘lgan fuqarolar uchun – 223 ming so‘m;
  • Propiskasi yo‘qlar uchun uy narxining 5 foizi miqdorida. Ya’ni uy narxi 500 mln so‘m bo‘lsa – 25 mln so‘m, 1 mlrd so‘m bo‘lsa – 50 mln so‘m davlat boji to‘lanadi.

Bu degani propiskasiz fuqaro propiskali fuqarodan bir necha yuz barobar qadrsiz degani.

Aytingchi, nima uchun O‘zbekistonning bir fuqarosi 223 ming so‘m davlat boji to‘laydiyu, boshqa bir fuqarosi 50 mln so‘m davlat boji to‘laydi? Nima uchun?!

Hukumat bitta uy uchun o‘zining fuqarolariga (!) ikki xil narxda boj belgilashini kimdir mantiqan tushuntirib bera oladimi? Axir bu farq bir necha million so‘mni tashkil etyapti-ku. Vaholanki, ikkalasi ham teng huquqli fuqaro, ikkalasi ham teng soliqlar to‘laydi, ikkalasi ham saylovda bir xil ovozga ega, ikkalasining ham bir xil pasporti bor.

❗️Bundan tashqari ushbu tizim amaliyotda uy quruvchilar va mijozlar o‘rtasida o‘zaro kelishib, shartnomada uy narxini 2-3 barobar arzon qilib ko‘rsatishga sabab bo‘lmoqda. Bundan quruvchi ham yutadi – qolgan pullarni naqd olib, soliqlar to‘lamaydi, mijoz ham yutadi – davlat bojini kamroq to‘laydi. Bu yerda yutqazadigan faqat DAVLAT! Axir buni tushunish shunchalar qiyinmi? Yoki kimlardir bunday tizimdan manfaatdormi?

Endi keling, avvalroq mushtariy yozgan, aniq misolni ko‘rib chiqamiz. Yoshlar ittifoqi tomonidan berilayotgan Sergelidagi yoshlar uylari o‘rtacha 300 mln so‘mga baholanmoqda. Bilamizki, Sergelidagi bu uylar faqat Toshkent propiskasi borlarga beriladi.

Ammo Toshkentda to‘la huquqli fuqaro sifatida «tan olinishingiz» uchun propiska borligining o‘zi kamlik qiladi, bundan tashqari Siz shaharlik sifatida «uch yoshga» to‘lishingiz kerak.

Misol uchun, 300 mln so‘mlik yoshlar uyini olgan toshkentlik yoki viloyatdan bo‘lsa ham propiskaga kirganiga 3 yil to‘lgan yoshlar 223 ming so‘m davlat boji to‘laydi.

Ammo xuddi shu uyni olayotgan viloyatlik yoshlarning propiskasi hali 3 yoshga to‘lmagan (yoki 3 yil lavozimda bo‘lmagan) bo‘lsa, unda garchi ularning Toshkentda propiskasi bo‘lsa ham 15 mln so‘m davlat boji to‘laydi.

O‘zi davlat yosh oilalarga yengillik bo‘lsin, o‘zlarining hali uy sotib olishga qurbi yetmaydi deb, imtiyozli kredit berayotgan, boshlang‘ich badalini Yoshlar ittifoqi orqali to‘layotgan bo‘lsayu, yana buyoqdan 15 mln so‘m davlat bojini qurtday sanab olsa, bu qanday mantiqsizlik? Havodan pul qilishning zo‘r yo‘liku bu.

Bunaqa 3 yillik cheklov nima uchun qo‘yilgan o‘zi? Nima uchun fuqarolar propiskaga kirgan zahoti oddiy davlat boji bilan uy sotib ololmaydi? Yoki «xarip» fuqarodan «oqsuyak» fuqaroga aylanishi uchun 3 yil o‘tishi kerakmi? Darrov «oqsuyak» bo‘lishi mumkin emasda-a?

Yana qaytaraman, ikkala yosh oila ham O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari. Eng qizig‘i ikkalasining ham Toshkentda propiskasi ham bor. Ammo biri ikkinchisidan 67 baravar ko‘proq davlat boji to‘laydi.

Ko‘rib turganingizdek, nafaqat propiskali va propiskasiz shaxslarning huquqlari bir-biridan farq qiladi, davlat oldida hattoki propiskali ikkita fuqaroning ham biri ikkinchisidan qadrsizroq. Bunaqasi faqat O‘zbekistonda bor bo‘lsa kerak...

Ming afsuski, bu savollarimga hech kim javob bermaydi, hech kim... Bir yil oldin qanday sukut saqlashgan bo‘lsa, yana xuddi shunday ko‘rmaganga olishadi. Ming afsus...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring