Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Go‘sht mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yangi reglament tasdiqlandi

Go‘sht mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yangi reglament tasdiqlandi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22-yanvardagi 36-sonli qarori bilan Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi.

«Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mazkur qaror go‘sht va go‘sht mahsulotlari xavfsizligiga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab o‘n sakkiz oy o‘tgach, amalga kiritiladi.

«O‘zstandart» agentligi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab go‘sht va go‘sht mahsulotlarini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda majburiylik xususiyatini bekor qilib, ixtiyoriylikni ta’minlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlarni ko‘radi.

Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari keng xabardor qilinadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi N.S.Otajonov, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK boshqaruvi raisi T.A.Jalilov hamda «O‘zstandart» agentligi bosh direktori A.U.Karimov zimmasiga yuklandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring