Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazildi

Gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazildi

Foto:«Xabar.uz»

Poytaxtimizda O‘zbekiston  Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligida “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘z kirish so‘zida gender tenglikni ta’minlash va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari butun dunyoda dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidlab o‘tdi.  Bu bejiz emas, chunki gender tenglikka erishish va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror taraqqiyotga erishish uchun asosiy poydevor yaratib beradi. Mazkur yo‘nalishdagi samarali siyosat umr ko‘rish davomiyligi, ta’lim sifati, bandlik va umuman rivojlanishning belgilangan ko‘rsatkichlariga erishishga ko‘maklashadi.

 Joriy yilda bu yo‘nalishda yurtimizda muhim  qadamlar qo‘yildi. Jumladan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida esa Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi faoliyat boshladi.

So‘nggi yillarda yoshlar masalalari bo‘yicha 40 ta normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi ushbu yo‘nalishda huquqiy bazani takomillashtirib, O‘zbekiston yoshlar ittfoqi tomonidan Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning o‘sib kelayotgan yosh avlodning salohiyatini  ro‘yobga chiqarish borasidagi  beshta muhim tashabbusni hayotga tadbiq etish bo‘yicha izchil faoliyat amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Forum ishtirokchilari xorijiy mamlakatlarda yoshlar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, yoshlar tashkilotchilari yetakchilarini o‘qitish va tayyorlash xalqaro dasturlarini amalga oshirish, Yevropa, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi yoshlar siyosatini amalaga oshirish tendensiyasiyalari haqida ham xabardor etildi.

Qizg‘in bahs-munozaralarda bu yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, siyosiy hayotda xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy faollik darajasi hali ham zamon talablariga javob bermasligi aytib o‘tildi. Shu nuqtai nazardan gender va yoshlar masalalariga yetarlicha e’tibor qaratilmasligi ham ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Norasmiy migratsiya, majburiy mehnat, odam savdosi va boshqa salbiy holatlar shular jumlasidandir. Forumda ushbu illatlarga barham berish masalalarida davlatlararo  hamkorlik zarurligi ta’kidlandi.

Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, BMT, YXHT, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar, NNT vakillari, shuningdek xorijiy hamda milliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring