Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«G‘alaba bog‘i» haykaltaroshlari uchun qariyb 5 yarim mlrd so‘m gonorar to‘langani ma’lum qilindi

«G‘alaba bog‘i» haykaltaroshlari uchun qariyb 5 yarim mlrd so‘m gonorar to‘langani ma’lum qilindi

Toshkent shahar Olmazor tumanida barpo etilgan «G‘alaba bog‘i» majmuasida ijodiy ishlar yaratgan haykaltaroshlar uchun to‘langan gonorarlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2019-yil sentyabr oyida Toshkent shahar, Olmazor tumanida «G‘alaba bog‘i» majmuasining qurilish ishlari olib borilgan.

Bu borada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida, majmuaning bosh pudratchisi hisoblangan «Trest 12» aksiyadorlik jamiyati tomonidan haykaltaroshlar – Y. Boqiyev, U. Asrorov, J. Annazarov va B. Norboyevlar Xitoyga malaka oshirish uchun yuborilgan.

Haykaltaroshlar tomonidan majmuada «Terakzor» favvorasi, «Shon-sharaf gulchanbari» barelefi, «G‘alaba» kompozitsiyasi, Ikkinchi jahon urushi mavzusidagi barelef, «Yugurayotgan soldat», 101 figuradan iborat «Konslager», «Asrab olingan 200 000 bolalar», 2 figurali «Musiqachi soldatlar», 5 figurali «Yugurayotgan bolalar» favvorasi, «Okop 1» va «Okop 2», «Front orti», «Uchrashuv», «Kuzatish», «Urush» deb nomlangan bareleflar, «Ikkinchi jahon urushining 14 qahramoni», «Mevalar, non, samolyotlar» deb nomlangan bareleflar, «Zulfiya Zokirova va uning kelinlari» kompozitsiyasi kabi ijodiy ishlar yaratilgan.

Joriy yilning 27-mayida hukumatning tegishli farmoyishi bilan tashkil etilgan baholovchi guruh tomonidan majmuada yaratilgan ijodiy ishlar va badiiy yodgorliklarning 6 nafar muallifiga to‘lanadigan jami 5 mlrd 459 mln so‘m mualliflik haqlari (gonorarlar) belgilangan va 2020-yil 29-mayda haykaltaroshlar B.Norboyev 1 233,1 mln so‘m hamda M. Borodinaga 481,3 mln so‘m mualliflik haqi (gonorar) va ish haqi to‘liq to‘lab berilgan.

M.Safaryan, Y. Boqiyev, U. Asrorov, J. Annazarovlarga mualliflik haqlarini to‘lash uchun o‘z vaqtida zaruriy hujjatlar taqdim etilmaganligi sababli «Trest 12» jamiyati tomonidan ushbu gonorarlarni to‘lash imkoniyati bo‘lmagan.

Koronavirus pandemiyasi davrida karantin joriy qilinishi munosabati bilan barcha tashkilotlar kabi «Trest 12» jamiyatida ham moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Shuni inobatga olgan holda, 2020-yil 19-noyabrda Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisi bayoni tasdiqlanib, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida majmuada bajarilgan ishlar uchun «Trest 12» jamiyatiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi va ushbu mablag‘lar hisobidan 2020-yil 20-noyabr kuni barcha hujjatlar taqdim qilingandan so‘ng haykaltaroshlar M. Safaryan, Y. Boqiyev, U. Asrorov, J. Annazarovlarga jami 3 mlrd 684 mln so‘m mualliflik haqlari (gonorar) to‘liq to‘lab berildi. Bugungi kunda majmuada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha haykaltaroshlardan qarzdorlik qolmadi, deyiladi «Trest 12» AJ ma’muriyati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring