Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farmatsevtika agentligi «Toshkent — kayfda» maqolasiga munosabat bildirdi

Farmatsevtika agentligi «Toshkent — kayfda» maqolasiga munosabat bildirdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va dori vositalari ishlab chiqaruvchi bir qator korxonalar rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

OAV muxbirlaridan biri Gazeta.uz saytida e’lon qilingan va katta muhokamalarga sabab bo‘lgan «Toshkent — kayfda» maqolasi haqida savol berdi. Maqolada dorixonalar «narkodorixonalar» deya ta’riflangan hamda pregabalin, zaleplon, tropikamid kabi dorilarni boshqa maqsadlarda iste’mol qilish yoshlar orasida ommalashayotgani, bu mudhish «epidemiya»ga aylanayotgani tanqid qilingan va aniq misollar keltirilgan.

«Ushbu dorilarning poytaxt va respublika dorixonalariga kirib kelishi haqida nima deya olasiz, bu preparatlar qanday yo‘l va usullar orqali aholining keng iste’moliga chiqib ketmoqda? — dedi jurnalist. — Maqolada mazkur dorilarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan dorixonalar manzillari bilan sanab o‘tilgan, ya’ni faktlar bor. Shu dorixonalarga biror chora qo‘llanilgani haqida sizlarda ma’lumot bormi? Umuman, dorixona ochish uchun guvohnoma berilayotganda qanday talablar belgilangan?»

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova O‘zbekistonda dori vositalari ikki guruhga: retsept asosida beriladigan va retseptsiz dorilarga bo‘linishini qayd etdi.

«Siz aytayotgan dorilar retsept bilan beriladigan dorilar turiga kiradi va ular shifokor retseptiga muvofiq berilishi shart. Ularni retseptsiz, davolanish maqsadidan boshqa hollarda qo‘llash mumkin emas. Bu dorilarni sotib olayotganlar boshqa maqsadda xarid qilayapti, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Qabul qilingan me’yoriy hujjatga ko‘ra, dori vositalarini chakana realizatsiya qilish va uning nazorat vakolati Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, viloyatlarda esa hududiy boshqarmalarga berilgan».

Ta’kidlanishicha, Gazeta.uz saytidagi maqolada tilga olib o‘tilgan dori vositalari hozirda narkotik-psixotrop dorilar ro‘yxatida turmaydi.

«Bu dorilarning bittasi ko‘z tomchi, bittasi psixotrop dori vositasi, lekin ular alohida nazoratga olinmagan. Ular bo‘yicha alohida ro‘yxat tuzish rejalanmoqda, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Inson salomatligiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatuvchi shunday dorilarning ro‘yxati shakllantirilgach, ularning noqonuniy savdosi bo‘yicha jazo choralari ham ko‘rib chiqiladi».

Agentlik vakili bu holatlarning oldini olish maqsadida tez orada alohida me’yoriy hujjat qabul qilinishini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring